Breaking News

Tolibon Pokistonda xurujlarga zo'r bermoqda


Pokistonning Baluchiston viloyati, Kvetta shahrida “Avomi” partiyasi yig’ilish o’tkazayotgan payt portlash ro’y berib, 6 kishi halok bo’lgan. O’tayotgan haftada xurujlar o’nlab odamni hayotdan olib ketdi.



Kecha qabilalar yashovchi shimoli-g’arbiy viloyatda 12 jangari yo’q qilingan. Loxur shahrida esa Tolibon 9 politsiyachini o’ldirgan.

Avtomat va granatalar bilan qurollangan jangarilar Loxurdagi bir binoga bostirib kirib, politsiyachilarni o’ldirgan, so’ngra motosikl va avtomashinada qochishga muvaffaq bo’lgan.

Nobud bo’lgan askarlar qamoqxona qo’riqchilari bo’lish uchun treyningda qatnashayotgan edi. Tolibonning bildirishicha, hibsda saqlanayotgan toliblarga munosabat yomonligiga javob bu.

Politsiya rahbari Habibur Rahmon voqeani hafta boshida Gujarat shahridagi harbiy bazaga qilingan xurujga qiyoslaydi. O’shanda 7 politsiyachi halok bo’lgan edi.

“Har ikkala hujumni ayni jangarilar uyushtirgan. Pokiston hamkorlari bilan birgalikda terrorga qarshi kurashni davom ettiradi, xavfsizlik choralarini yanada kuchaytiramiz”, - deydi politsiya rahbari.

Sharqdagi Punjab viloyatida joylashgan Loxur va Gujarat shaharlari yaqingacha nisbatan tinch edi.

Pokistonning Tinchlik tadqiqotlari instituti direktori Muhammad Amir Rana deydiki, Tahrik-e Tolibon nomi bilan tanilgan mahalliy jangarilar hududda faollashmoqda.

“Ularning kurash uslubi ham o’zgarib borayotganini ko’rayapmiz. Tahrik-e Tolibon xudkush terrorchilardan foydalanish o’rniga aniq reja bilan ishlashga o’tgan”, - deydi u.

Suhbatdosh fikricha, so’nggi hujumlarning AQSh Pokiston bilan imzolagan yangi shartnomaga aloqasi yo’q. Islomobod Afg’onistondagi NATO qo’shinlariga ta’minot yo’llarini qayta ochib bergani kuchli norozilik uyg’otgan edi.

So’nggi yillarda Tahrik-e Tolibon hujumlarida minglab odamlar, jumladan politsiyachi va askarlar nobud bo’lgan. 2009-yilda armiya bu yerda katta operatsiya o’tkazib, ularni jangarilarni Afg’oniston bilan chegaradosh hududga haydab chiqargan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG