Breaking News

Qirg'izistonda Tinchlik korpusining yangi a'zolari ish boshladi


Shu kunlarda Qirg’izistonda AQShning Tinchlik korpusi ko’ngillilari qasamyod keltirdi. Amerika elchixonasining ma’lum qilishicha, 37 volontyor ikki oy mobaynida Chuy viloyatida qirg’iz tili, mahalliy urf-odatlarni o’rgangan.

Tashkilot Qirg’izistonda qariyb 20 yildan buyon faoliyat ko’rsatib keladi. Taraqqiyot, aholi salomatligini mustahkamlash va ingliz tilini o’rgatish kabi loyihalarni amalga oshirmoqda.

Ko’ngillilar shimoliy viloyatlarda faoliyat ko’rsatadi. Har biri 27 oy davomida mahallalarda bo’lib, ularni rivojlantirish, sog’liqni mustahkamlash, yoshlarga ingliz tilini o’rgatish kabilar bilan shug’ullanadi.

Tinchlik korpusi vakolatxonasi xodimasi Mahabat Sultanbekovaning aytishicha, tashkilot hukumat taklifi bilan ish boshlagan.

“Volontyorlarimiz Qirg’izistonda aholi bilan birga yashab, ishlaydi. Baholi qudrat ko’mak ko’rsatadi. Qisqasi, yaxshi, do’stona, totuv munosabatlar o’rnatishga harakat qiladi”, - deydi u.

Tinchlik korpusi o’tgan asrning 60-chi yillarida prezident Jon Kennedi tashabbusi bilan tuzilgan bo’lib, asosiy maqsadi tinchlik va do’stlik rishtalari o’rnatish, mustahkamlash. Hozir dunyoning 70 dan ziyod mamlakatlarida faoliyat yuritadi. Qirg’izistonda 1993-yil ish boshlagan.

“Hozirda Qirg’izistonda 81 ko’ngilli ish yuritmoqda. Jami o’tgan yillar mobaynida o’lkada 700 ga yaqin ko’ngilli ishlab ketgan. Ular maktab va universitetlarda ingliz tilini o’rgatadi, mahalliy jamoalar rivojiga hissa qo’shadi, aholini sog’liqni saqlash tadbirlariga jalb qiladi. Bundan tashqari, yozgi hordiqni tashkil qilish masalalarida ko’mak ko’rsatadi”, - deya davom etadi Sultanbekova.

Suhbatdosh so’zlariga ko’ra, ko’ngillilar mahalliy yoshlarda tanqidiy fikrlash, o’zaro sabr-toqat, yetakchilik hislatlarini tarbiyalashda tajriba bilan o’rtoqlashadi.

Volontyorlar bilan hamkorlik qilgan qirg’izistonlik yoshlar va tashkilotlar keyinchalik turli qiziqarli loyihalarda qatnashgan. Yaqinda Norin va Issiqko’l voliyatlari hunarmandlari AQShda bo’lib, festivalda ishtirok etgan.



Tinchlik korpusi bir paytlar janubda ham faoliyat olib borgan. 2010-yilning yozidagi voqealardan so’ng hududni tark etgan. Vaholanki, region tinchlik va do’stlik o’rnatish masalalarida jiddiy ko’makka muhtoj.

“Biz Janubiy Qirg’izistonni aynan xavfsizlik bois tark etishga majbur bo’lganmiz. Bilasizmi, hozir janubga atayin komissiya yubormoqchimiz. Ularning xulosasiga qarab, janubda faoliyat davom ettirish borasida qaror qabul qilinadi”, - deydi Sultanbekova.

Joriy yil Tinchlik korpusi shimoliy viloyatlarda yozgi ta’lim lagerlari tashkil qilgan. Ularda mamlakatning turli burchaklaridan bolalar dam olmoqda.
XS
SM
MD
LG