Breaking News

Pentagon harbiy strategiyasidagi o'zgarishlar nimadan dalolat?


AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter (o'ngda) Qurolli kuchlar Bosh shtabi qo'mondoni general Martin Dempsi bilan, 16-aprel, 2015-yil.
AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter (o'ngda) Qurolli kuchlar Bosh shtabi qo'mondoni general Martin Dempsi bilan, 16-aprel, 2015-yil.

AQSh qarshisida davlat va nodavlat ko’rinishidagi yangi tahdidlar paydo bo’lar ekan, mamlakat harbiylari strategiyada o'zgarish qilmoqda. Tahlilchilarning aytishicha, “Islomiy davlat” kabi terror guruhlari hamda Rossiya va Xitoy kabi agressiv siyosat yuritayotgan mamlakatlar AQSh armiyasi uchun yangi muammolar tug'dirmoqda.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Shimoliy Karolina shtatidagi harbiy bazada askarlar bilan uchrashib, Iroq va Afg’onistonda orttirilgan aksilterror amaliyotlar tajribasi yangi asr muammolarini yengishda ham qo’l kelishini ta'kidladi.

Unga ko’ra, armiya kelajakda boshqa yo’ldan ketadi va bu ishda o’tmishda olingan saboqlar yordam beradi.

“Ikkita urushda orttirilgan tajriba va mahoratlarni kelajagimizni belgilaydigan nizolarda qo’llash kerak”, - deydi u.

Davlatlar eng katta tahdid manbai sifatida qoladi

Pentagon shu oy oxirgi to’rt yilda ilk bor Harbiy strategiyasiga yangi o’zgarishlar kiritdi. Yangi strategiyada yozilishicha, boshqa bir davlat bilan urushga kirish ehtimoli kam, ammo oshib bormoqda. Bu masalada Rossiya, Eron, Shimoliy Koreya va Xitoy alohida kuzatuv ostida ekani aytilgan.

Vashingtonda joylashgan Strategik va byudjet tahlili markazi tadqiqotchisi Bryan Klarkning aytishicha, bu mamlakatlar ham xavfsizlik bo’yicha o’z maqsadlarini olg’a surmoqda va yaqin kelajakda AQSh manfaatlari ular bilan to’qnash kelishi mumkin.

Rossiyaning Sharqiy Yevropada agressiv siyosat yuritayotgani va Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi hududlar yuzasidan da’vosini oshirgani AQSh strategiyasidagi o’zgarishlarning asosiy sababidir, deydi tahlilchi.

Xitoy dushman sifatida

Hisobotda Eron, Rossiya va Shimoliy Koreya dunyo tinchligi uchun jiddiy tahdid sifatida sanalgan bo’lsa, Xitoydagi vaziyatga boshqacha baho berilgan.

Yangi strategiyaga ko’ra, AQSh Xitoyning o’sib, xalqaro xavfsizlikni ta’minlashda hamkor bo’lishini qo’llab-quvvatlaydi. Ammo, shunga qaramay, Xitoy bilan ixtilofga borish ehtimoli soqit qilinmagan.

Klarkning aytishicha, AQSh armiyasi, shak-shubhasiz, Xitoyni katta tahdid sifatida ko’radi, chunki Xitoy, iqtisodiy jihatdan, aholi soni, harbiy qurollarining ko'pligi va armiyasi kattaligi bo’yicha Rossiyadan kuchliroqdir.

Pekinning mintaqadagi AQSh ittifoqchilariga ochiq qarshi chiqayotgani ham shundan dalolat beradi, deydi Klark.

Bir necha frontda urush olib borish

Pentagon strategiyasida bir necha bosqichli va katta miqyosli urushlarni olib borish va bir paytning o’zida ikki dushmanga qarshi kurasha olish salohiyatini kuchaytirish ham ko’zda tutilgan.

Mudofaa vaziri Eshtonga ko’ra, AQSh armiyasi bir paytda birdan ortiq hududdagi muammolarni bartaraf qila olish kuchiga ega bo’lishi kerak.

“Biz nafaqat katta, balki yaxshi tayyorlangan va qurollangan, moliyaviy jihatdan yaxshi ta’minlangan kuchga ega bo’lishimiz kerak”, - deydi Eshton.

Pentagon askarlar sonini 40 mingga tushirishni rejalamoqda. Bu byudjet qisqargan paytda harbiy salohiyatni yuqori darajada ushlab turish uchun zarur chora sifatida taqdim etilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG