Breaking News

Filippin AQSh va uning ko'magidan yuz o'girdi


Filippin rahbari Rodrigo Duterte
Filippin rahbari Rodrigo Duterte

Filippin Prezidenti Rodrigo Duterte Amerika bilan aloqalarni uzish qarorida qat'iy. 18-dekabr kuni u bu borada yana bir bor gap ochib, bu davlat ko'magi va ayniqsa AQSh bilan harbiy hamkorlikdan voz kechayotganini qayd etdi.

Vashington Filippinda inson huquqlari qo'pol ravishda buzilmoqda, deya tanqib qilib kelmoqda va har qanday yordam muayyan shartlar asosida beriladi, deya eslatmoqda.

Duterte bundan g'azabda. U prezidentlikka saylanganida qoradori savdosi bilan shug'ullanadigan jinoiy guruhlarni yo'q qilishga so'z bergan.

"Bu kurashda hech kimni ayamaymiz", - deya ogohlantirib kelmoqda Duterte.

Hozirgacha minglab odamlar o'ldirilgan. Hozirgi sharoitda har qanday odam jinoyatchi deya gumon qilinib, nishonga olinishi mumkin, deya xavotir bildiradi huquqbonlar. Hukumat uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi kurash bahonasi bilan begunoh odamlarni ham yo'q qilmoqda, deya norozi ko'plab filippinliklar.

Jinoyatda gumon qilingan odam sudga tortilishi va adolat oldida javob berishi kerak. Nega hamma yoppasiga nishonda? Demokratik tizimlarga zarar yetmoqda, deya nola qiladi ko'plab arboblar va faollar.

Duterte hokimiyatga kelganidan beri, ya'ni 2016-yilning iyun oyidan buyon 3600 odam o'ldirilganini yutuq deya baholaydi.

“Biz Amerikaning pulisiz ham yashay olamiz. Amerikaga ham eslatib qo'yamiz: sizga Filippinda joy yo'q. Harbiylaringiz bizning sarhadimizga qadam bosmaydi", - deydi Duterte.

Filippin azaldan Xitoy bilan Janubiy Xitoy dengizidagi ayrim hududlarni talashib keladi. Manila bu borada xalqaro tribunalga shikoyat qilgan va yutgan. Biroq Pekin hukmni tan olmaydi.

Duterte Xitoy bilan yaqindan hamkorlik qilishga qaror qilgan. Yuqoridagi hukm chetga suriladi, Pekin va Manila murosa qiladi, deydi u.

Filippin Tashqi ishlar vaziri Perfekto Yasay tomonlar o'zaro manfaatlar asosida ish tutib, kelishmovchiliklarni ham etadi, deydi.

Filippin va AQSh 1951-yildan beri harbiy ittifoqchilardir. Obama ma'muriyati Osiyo-Tinch okeani hududida harbiy salohiyatni oshirib, o'z ta'sirini kuchaytirishga urinar ekan, Xitoy Manila bilan rishtalarni iliqlashtirib, Vashingtonni muhim ittifoqchidan ayirmoqda.

2002-yildan beri Amerika har yili Filippinga 50-100 zobitini yuborib, terrorizmga qarshi kurashda yordamlashadi. Bu zobitlar mahalliy huquq tartibot organlariga strategik jihatdan yo'l ko'rsadi.

2014-yilda imzolangan bitimga ko'ra esa AQSh Filippinga Xitoyga nisbatan dengizda qanday chora ko'rish bobida ham madad ko'rsatib keladi.

Filippin aslida AQShning sobiq mustamlakasi. Ikkinchi jahon urushidan keyin unga mustaqillik bergan. Xorijdagi filippinlarning aksariyati Amerikada yashaydi. Mamlakat iqtisodi AQShga chambarchas bog'liq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG