AQSh Davlat departamenti va Oq uyning bildirishicha, Maniladan hozircha biror katta o'zgarish haqida gap yo'q. Lekin Filippin rahbari Rodrigo Duterte Xitoy bilan til biriktirgani haqida e'lon qildi.
"Filippin hukumati va xalqi bilan serqirra aloqa va hamkorlikka egamiz. Rishtalarni parchalash oson emas va bunday niyat borligi haqida Filippin hukumati biror bayonot bermagan",- deydi Jon Kirbi, Davlat departamenti so'zlovchisi.
Davlat kotibining mintaqa bo'yicha muovini Daniel Rassel shu kunlarda Manilaga boradi.
Prezident Duterte Pekinga tashrif buyurib, Xitoy rahbariyati bilan muzokara olib bordi. Natija, deydi Duterte: Filippin Amerika bilan harbiy va iqtisodiy hamkorlikni bekor qiladi.
"Amerika boy berdi. Men balki endi Rossiyaga borib, gaplashishim kerak. Prezident Putin bilan kelishishim kerak. Chunki, hozirda uch davlat hamfikrmiz: Xitoy, Filippin va Rossiya".
Duterte fikricha, uchala mamlakat dunyoga bas kelishga qodir. U hazillashayaptimi yoki jiddiy, Maniladan rasmiylar hozircha biror oydinlik kiritmadi.
Prezident Duterte deydiki, Xitoy madaniy jihatdan uning xalqiga yaqin va Amerikaga o'xshab "hurmatsizlik" qilmaydi. Hurmatsizlik deganda u Vashingtonning chaqiriq va maslahatlarini nazarda tutmoqda.
"Amerikaga boshqa bormayman, chunki meni kamsitishlariga ishonchim komil",- deydi Duterte.
"Filippin xalqi boy berayapti, agar prezident haqiqatan ham shunday deb o'ylasa",- deya sharhlaydi Robert Orr, AQShning Manilada asoslangan Osiyo Taraqqiyot bankidagi sobiq vakili.
Bankdagi hozirgi elchi Kurtis Chin nazarida Dutertening gaplari haqida shoshmay xulosa qilish kerak. Vashington uzoqni o'ylab ish tutishi lozim, deydi u, Filippin bilan kelishsa bo'ladi.
Ko'plab filippinolar AQSh haqida ijobiy fikrda. Orada 70 yillik strategik kelishuv bor. Mamlakat Amerikadan har yili yuzlab millionga teng yordam oladi.
Xitoy va Filippin 13,5 milliard dollarlik bitim ustida gaplashmoqda. Pekin Dutertening saylanishi uchun yuzlab million dollar bergan.
Filippinda ishini yakunlayotgan AQSh elchisi Filip Goldberg bugungi gaplardan afsusda.
"Ittifoqchi davlatdan shunday betayin so'zlar eshitish og'ir albatta",- deydi Goldberg. "O'zaro manfaatlarni unutmaslik lozim".
Xitoy Filippin taraqqiyoti, infrastrukturasini yangilash uchun ko'maklashishga shay.
Duterte uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi ayovsiz urush olib bormoqda. Bugunga qadar 2300 odam o'ldirilgan. Xitoy bu borada ham Filippin rahbarini quvvatlamoqda.
Manila Pekin bilan Janubiy Xitoy dengizi yuzasidan kelishmovchiliklarni muzokara orqali hal etishga tayyor. Baliqchilik, dengiz floti va uning faoliyati borasida ham kelishish mumkin, deydi Duterte.
Filippin 1946-yilda AQShdan mustaqillik e'lon qilgan.
Orol davlat 16-asrdan 19-asr oxirigacha Ispaniya mustamlakasi bo'lgan. AQSh Ispaniya bilan urushda g'olib chiqib, Filippinni undan tortib olgan. 1942-yilda esa orolni Yaponiya bosib oladi. 1945-yilda ozod qilinadi va bir yil o'tib, u suveren davlatga aylanadi.