Breaking News

Obama: Osiyo Amerika diqqat markazida qoladi


Laos, 8-sentabr, 2016
Laos, 8-sentabr, 2016

Prezidentlikning so'nggi oylarida Osiyoga tashrif buyurib, rahbarlar va jamoatchilik bilan muloqot qilgan Prezident Obama dunyoning bu tarafi uning tashqi siyosatida asosiy o'rinda ekanini eslatdi.

Laosdan turib, jurnalistlar bilan gaplashar ekan, Obama ASEAN, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasiga a'zo 10 mamlakat rahbari bilan uchrashganini faxr bilan tilga oldi.

“Mening o'rnimga kelgan odam ham sizga shunday qaraydi degan umiddaman. Jahondagi eng dinamik va yosh aholi shu hududda yashaydi. Savdo-tijorat makoni shu yerda. Amerikada ish o'rinlari yaratish, mahsulotni sotish uchun siz bilan yaqindan hamkorlik qilish kerak",- deydi Obama.

Prezidentlikning ilk yillarida u Osiyo davlatlari, ayniqsa Xitoy bilan til topishishga qiynaldi. Pekin uning tanqidiy qarashlaridan norozi edi. Shimoliy Koreya ham o'sha paytda yangi raketalarini sinab, AQShdan qo'rqmaymiz degan mazmunda bayonotlar qildi. Obama Osiyoni, Osiyo Obamani tushunmayotgandek ko'rindi.

Hozir ham kelishmovchiliklar talay, lekin Xitoy va Amerika, AQSh va Xitoyning qo'shnilari o'zaro manfaatlar asosida hamkorliki kengaytirishga bel bog'lagan. Ular Vashington qudrati va imkoniyatlarini tan oladi va shu bilan birga ular Amerikaga kerakligini ham biladi. Obama nazarida bu juda muhim muvozanat.

ASEAN sammiti paytida Obamaga nisbatan qo'pol so'zlar ishlatgan Filippin rahbari Rodrigo Duterte keyinroq kechirim so'radi. Lekin AQSh prezidenti u bilan alohida uchrashuvni bekor qildi. Tomonlar qisqa salom-alik qildi xolos.

“Bolaligimdagi Osiyo bilan bugungi Osiyo orasida katta farq bor. Progress o'ta yuqori. Lekin bu mamlakatda tub muammolar hamon ko'p va biz ular yechimi yo'lida yordamni ayamaymiz",- deydi Obama.

Xitoy va AQSh rahbarlari, Hanju 3-sentabr, 2016
Xitoy va AQSh rahbarlari, Hanju 3-sentabr, 2016

Iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi birgalikda kurash

Mutaxassislar nazarida Xitoy va Amerika, dunyoning ikki yirik iqtisodiy tizimi va atrof-muhitga eng ko'p zarar keltiruvchi davlatlar, iqlim va tabiat ravnaqi uchun birgalikda ishlayotgani global ahamiyatga ega yutuq.

Trans-Tinch okeani hamkorlik bitimi ham savdo bobida erishilgan tarixiy kelishuv deya ta'riflanmoqda. Okan atrofidagi mamlakatlar bir-biri uchun erkin savdo hududi yaratib beradi. Biroq AQSh Kongressi hali bu hujjatni tasdiqlamagan. Osiyo bilan hamkorlik kelajagi bu bitim bilan chambarchas bog'liq, deydi Obama qonunchilarni ildamroq harakat qilib, uni ratifikatsiya qilishga undar ekan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG