AQSh Kongressida namoyishchilarning politsiyani isloh qilish talablarini qondirish tomon harakat boshlangan. Ikki partiya, respublikachi va demokratlar, alohida qonun loyihalari ustida ishlamoqda.
Senatdagi respublikachilar politsiya islohoti bo’yicha o’z takliflari bilan chiqishdi.
“Ko’pincha huquq-tartibot organlarini quvvatlaysizmi yoki ozchilikdagi guruhlarnimi, degan savol qo’yiladi. Bunday tanlovga o’rin yo’q. “Kim tarafidasiz” degan savolga “Amerikani quvvatlayman” deb javob berish kerak. Ozchilikdagi jamoalarning hokimiyatga ishonchini tiklash lozim”, - deydi senator Tim Skott.
Respublikachilarning qonun loyihasi Prezident Tramp imzolagan farmon bilan hamohang.
“Demokratlar Trampni ayblashidan charchadim. O’zlari Obama prezidentligi davrida nimani qotirishdi?” – deydi senator Linzi Grem.
Demokratlarga ko’ra respublikachilarning takliflari politsiyaning xonadonlarga taqillatmasdan bostirib kirishi, hibsga olinayotgan shaxsni bo’g’ishi kabi amaliyotlarni cheklash masalasiga yetarlicha e’tibor qaratmayapti.
“Haqiqiy o’zgarish deganda javobgarlik nazarda tutiladi. Respublikachilarning qonun loyihasida javobgarlik belgilanmagan. Shuning uchun ikki palatada ko’rilayotgan hujjat ikki xil. Bizniki keng qamrovli, ularniki esa tor va samarasiz”, - deydi demokratlarning Senatdagi yetakchisi Chak Shumer.
Demokratlar loyihasi politsiya xodimlarini qonunbuzarlikda ayblashdan himoya qiladigan immunitet doktrinasini bekor qilishni ko’zlaydi.
“Odam o’ldirish vakolati berilgan kasbda yuqori malakali, xalq oldida javobgar xodimlar ishlashi kerak”, - deydi qonunchi Karen Bass.
Oq uyning bildirishicha, immunitet va boshqa masalalar bois ham prezident demokratlar taklifiga hech qachon ko’nmaydi.
“Immunitet bekor qilinsa, politsiyachilar o’z ishini bajara olmaydi. Bu degani, politsiya faoliyati pasayadi, ko’chalar xavfsiz bo’lmay qoladi”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Keyli Makeneni.
Tramp o’z partiyasi loyihasini qo’llab-quvvatlamoqda. Biroq uning demokratlar hukmron Vakillar palatasida ovozdan o’tishi uchun tomonlar murosa qilishi lozim. Noyabrdagi prezidentlik saylovlari oldidan vaqt boy berilyapti.
Facebook Forum