Breaking News

AQShda politsiyaga berilgan kuch va vakolat muhokamada


Missuri shtatining Ferguson shahrida politsiyachilar yig'in o'tkazmoqda, 18-avgust, 2014-yil.
Missuri shtatining Ferguson shahrida politsiyachilar yig'in o'tkazmoqda, 18-avgust, 2014-yil.

Amerikaning Nyu-York va Ferguson kabi shaharlarda qurolsiz fuqarolar politsiya qo’lida halok bo’lgach, norozilik avj olgan.

Politsiyaga qarshi norozilik, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:51 0:00
Yuklab oling

Amerika matbuotining diqqati shu kunlarda Missuri shtatining Ferguson shahrida bo’layotgan namoyishlarga qaratilgan. 18 yashar qurolsiz qora tanli yigit politsiya tomonidan otib o’ldirilgach, mahalliy aholi norozilik namoyishlarini boshladi. Nyu-York shahrida solig’i to’lanmagan sigaretalarni sotayotgan yana bir qora tanli fuqaro hibsga olinayotgan payt politsiya qo’lida jon berdi.

Nyu-York shahar Islomiy yetakchilik kengashi rahbari imom Al-Haj Abdur Rashidning aytishicha, huquq-tartibot organlari va fuqarolar o’rtasidagi ishonchsizlik yangi hodisa emas. Bu narsa fuqarolar urushi davridan beri bor, deydi u.

“Amerika tarixini o’rgangan har qanday odam huquq-tartibot organlari, ularning zug’umlari hamda qora tanli va qashoq odamlar o’rtasida doimiy milliy muammo bo’lganini ko’radi. Bu idoralar hanuz mazkur muammoni hal qilgani yo’q”, - deydi imom.

O’tgan bir necha o’n yillikda huquq-tartibot idoralarida “Buzilgan derazalar” nomli jamoatchilik politsiyasiga oid nazariya paydo bo’ldi. Unga ko’ra, politsiya mayda jinoyatchilarga nisbatan hech qanday shafqat ko’rsatmasligi kerak. Chunki, o’z vaqtida oldi olinmasa, ular katta jinoyatlarga aylanadi, degan qarash bor edi. Ammo, tanqidchilar nazarida, bunday kurash usuli ogohlantirish vazifasini o’tash o’rniga fuqarolarga ortiqcha jabr-zulm ko’rsatish vositasiga aylandi.

Politsiya islohotini tashkillashtirish loyihasi rahbari Robert Ganjining aytishicha, Nyu-York politsiyasida qamoqqa olishlar soni bo’yicha bajarish lozim bo’lgan minimum talab bor.

“Shu tizim sababli politsiyachilar odamlarni qamoqqa olishdan manfaatdor. Ular ogohlantirish berishdan hech qanday foyda olmaydi. Mushtlashayotgan ikkita bolani ajratib qo’yib, ularni uyiga jo’natgani uchun politsiyachi rahmat eshitmaydi. Aksincha, ularni qamoqqa olsa, rag’batlantiriladi”, - deydi u.

Ganjiga ko’ra, ishdagi bosim hamda qo’rquv ko’plab politsiyachilarni jinoyatchilik yuqori bo’lgan hududlarda oddiy fuqarolarni ham ehtimoliy jinoyatchi sifatida ko’rishga undaydi. Bu narsa jamoatchilikdagi norozilikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Politsiyachilar obro’sini to’kib, ularga nisbatan tanqidlar ko’payishiga sabab bo’ladi.

Nyu-Yorkdagi Jon Jey kolleji professori Maki Xaberfeldning aytishicha, politsiyaning zo’ravonligidan noliyotgan odamlar ular qo’llaydigan kuch natijasida jamiyatga kelayotgan foydani ham esdan chiqarmasligi kerak.

“Odamlar uylarida tinch uxlaydi. Chunki ularning tinchligi yo’lida tashqarida ayrim odamlar ter to’kib yuribdi. Politsiya xodimlari har ishda o’zlari qozilik vazifasini o’tayapti, deb o’ylamayman. Ular qonunbuzarlarni jazolash bilan shug’ullanmaydi. Ammo ularning zo’ravon odamlar bilan ishlashini unutmasligimiz kerak”, - deydi professor.

Xaberfeldga ko’ra, politsiyachilar ham ba’zan xatoga yo’l qo’yadi. Ammo bunda asosiy ayb ularda emas, balki qachon va qanday kuch qo’llash bo’yicha zarur treningning to’g’ri berilmaganidadir. Bu ayrim politsiyachilarning emas, balki butun tizimning xatosi, deydi u.

“Ularga to’g’ri jihoz va malakalar berilmayapti”, - deydi Xaberfeld.

Aholining ayrim qatlamlari orasidagi qashshoqlik, ta’lim darajasining pastligi hamda iqtisodiy muammolar ham politsiyaga nisbatan ishonch yo’qligining sabablaridandir. Muammoning asl ildizi nima bo’lishidan qat’i nazar, uning xavfli oqibatlari tobora kengayib borayotgani yaqqol ko’zga tashlanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG