Breaking News

Yangi davlat kotibi o'z faoliyatini boshlab yubordi


Davlat kotibi Mayk Pompeo Davlat departamenti xodimlari bilan uchrashdi, 1-may, 2018
Davlat kotibi Mayk Pompeo Davlat departamenti xodimlari bilan uchrashdi, 1-may, 2018

Amerikaning yangi Davlat kotibi Mayk Pompeo ishga kirishishi bilanoq xorijiy safarga chiqdi. Bryusselda Shimoliy Atlantika harbiy alyansiga a’zo ittifoqchilar bilan muloqot qildi. Saudiya Arabistoni, Isroil va Iordaniyada mehmon bo’ldi. Hozir asosiy e’tibor Eronda. AQSh bu davlat bilan 2015-yilda imzolangan xalqaro kelishuvdan chiqish haqida o’ylanmoqda.

Yaqingacha Markaziy Razvedka Boshqarmasi direktori bo’lgan Mayk Pompeo endi bosh diplomat, davlat kotibi. Uni lavozimga tayinlash jarayoni nisbatan oson kechdi. Qasamyod keltirganidan bir necha soat o’tmay Pompeo Yevropa va Yaqin Sharqqa yo’l oldi.

Iordaniyada u uzoq yillik Isroil-Falastin mojarosi, muzokaralarni jonlantirish zaruriyati haqida gapirdi.

“Isroil va Falastin o’rtasidagi cheksiz bu ziddiyatni hal qilish uchun, ular murosaga kelishi uchun Qo’shma Shtatlar har qanday yordam ko’rsatishga tayyor. O’tgan kunlar va haftalar davomida G’azo Sektoridagi voqealarga kelsak, bizning pozitsiyamiz shuki, Isroil o’zini himoya qilishga haqli”, - deydi Pompeo.

Saudiya Arabistonidagi uchrashuvlarda Eron agressiyasiga qarshi birlashish haqida gap ketdi
Saudiya Arabistonidagi uchrashuvlarda Eron agressiyasiga qarshi birlashish haqida gap ketdi

​Diplomat safari davomida Falastin rahbariyati bilan uchrashmadi. Prezident Donald Tramp Quddusni Isroil poytaxti deb tan olganidan buyon Falastin ahli AQSh bilan gaplashishni istamaydi. Yaqin orada Amerika elchixonasini Quddusga ko’chirish qaroridan Isroil mamnun.

“Prezident Trampning qat’iy qarori boshqa davlatlarni ham ruhlantirdi. Bir nechasi o’z elchixonasini Quddusga ko’chirishni rejalayapti”, - deydi Isroil Bosh vaziri Benyamnin Netanyaxu.

Saudiya Arabistonidagi uchrashuvlarda Mayk Pompeo Fors ko’rfazini Eron agressiyasiga qarshi birlashishga undadi. Qirollik va boshqa davlatlar o’tgan yildan buyon Qatar bilan savdo va qatnovni uzgan.

“Fors ko’rfazi birdam bo’lishi nihoyatda muhim, vazir bilan shuni gaplashdik”, - deydi Pompeo.

Tramp ma'muriyati Eronning yadro dasturi bo'yicha imzolangan xalqaro kelishuvni qayta ko'rib chiqishni talab qilmoqda. 2015-yilda uni imzolagan boshqa davlatlar, jumladan Yevropa Ittifoqi bunga qarshi. AQSh bosh diplomatiga ko'ra, Eron hech qachon harbiy maqsadda atom dasturini yuritmagani haqidagi bayonotlar yolg'on bo'lgan. Mayk Pompeo bu bilan Isroil taqdim etgan minglab hujjatlarga ishora qilmoqda.

Mayk Pompeo Bryusselda NATO tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi. Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Rossiya agressiyasi ko’lamini tushunadi. Suriya, Ukraina va G’arb davlatlarida Moskvaning buzg’unchi harakatlariga qarshi ittifoqchilar bilan chora ko’radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG