Breaking News

Pompeo Riyodda Eron tahdidini muhokama qildi


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri odil Jubayr bilan Riyodda ko'rishmoqda, 28-aprel, 2018-yil
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri odil Jubayr bilan Riyodda ko'rishmoqda, 28-aprel, 2018-yil

Amerikaning 26-aprel kuni ish boshlagan yangi Davlat kotibi Mayk Pompeo vazifalarini Bryussel va Yaqin Sharqqa safaridan boshladi. U Saudiya Arabistonida bo'lib, ittifoqchi davlat bilan g'anim Eron mavzusini atroflicha muhokama qildi.

Pompeoning Riyodda aytishicha, Eron butun mintaqani beqarorlashtirmoqda.

“Tehron jangari va terrorchi guruhlarni qo'llab-quvvatlamoqda, Yamanda hutiy isyonchilarni qurollantirmoqda, Suriyada qotil Assad rejimini qo'llamoqda", - deydi u.

Pompeo Qo'shma Shtatlar bir necha davlat va Eron 2015-yilda imzolagan yadroviy bitimdan chiqishi mumkinligini bildirdi.

“Yevropadagi ittifoqchi davlatlarni bitimni tuzatishga ko'ndirishga harakat qilamiz. Agar buning iloji bo'lmasa, Prezident Tramp shartnomadan chiqamiz, degan", - dedi AQSh davlat kotibi.

Amerikaning bunday yondashuvini eng boshidan yadroviy kelishuvga qarshi bo'lgan va Eronni dushman deb biluvchi Saudiya Arabistoni va Isroil qo'llab-quvvatladi. Ularga ko'ra, Eronga qo'yilgan sanksiyalarning bekor qilinishi natijasida Tehron ekstremizm va terrorizmni targ'ib qilish uchun milliardlab dollar sarflash imkoniga ega bo'ldi. Sobiq Prezident Barak Obama ma'muriyati imzolagan shartnoma Obamaning bu ikki muhim davlat bilan aloqalarining buzilishiga sabab bo'lgan.

AQSh bosh diplomatining aytishicha, siyosat o'zgarmoqda.

“Oldingi ma'muriyatdan farqli o'laroq biz Eron terrorizmining keng ko'lamiga kuz yummaymiz. Bu mamlakat dunyoda terrorizmning eng katta homiysidir. Uning yadro quroliga egalik qilishiga yo'l bermaymiz", - dedi Pompeo.

AQSh davlat kotibi bugun Isroilga tashrif buyurdi. Iordaniyaga ham borishi rejalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG