Breaking News

Yevropa Trampni Eron bitimidan chiqmaslikka ko'ndira oldimi?


Eronning yadro dasturi bo'yicha 2015-yilda imzolangan xalqaro kelishuv bekor qilinsa ham, Qo'shma Shtatlar bu davlatning yadro qurollariga ega bo'lishiga yo'l qo'ymaydi. Prezident Donald Tramp Germaniya Kansleri Angela Merkel bilan muloqot ketidan shu haqda bayon qildi.

Islomiy Respublika atom dasturini tiklagan taqdirda AQSh harbiy chora ko'rishi mumkinmi?

"Bu haqda izoh bermayman", - deydi Tramp.

Ikki rahbar Oq uyda matbuot anjumani o'tkazib, Koreya sammiti, Eron yadro dasturi va AQSh elchixonasini Quddusga ko'chirish masalalarini muhokama qildi. Ikki kun ilgari Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning AQShga davlat tashrifi chog'ida ham shu mavzular ko'tarilgan.

Merkel xonim uch yil oldin yirik davlatlar Eron bilan imzolagan kelishuv amalda qolishi kerakligini ta'kidladi. Lekin, deydi u, bu davlatning Yaqin Sharqda o'z ta'sirini yoyish harakatlarini cheklash lozim.

"Ushbu kelishuv Eronning yadro sohasidagi faoliyatini sekinlashtirish uchun birinchi qadam. Tekshiruv va monitoringni kuchaytirish kerak. Lekin uning mintaqadagi ambitsiyalarini cheklash uchun buning o'zi yetarli emas. Eron Suriya, Livan va Iroqda geosiyosiy ta'sir o'tkazishga harakat qilib keladi. Yevropa va AQSh birgalikda chora ko'rishi lozim", - deydi Germaniya rahbari.

Xitoy, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Britaniya va AQSh bilan kelishuvga erishgan Eron yadro dasturini cheklashga rozi bo'lib, sanksiyalardan qisman qutulgan edi. Tramp har uch oyda Eron unga amal qilayotganini tasdiqlaydi. Kelasi muddat - 12-may. Prezident bitimni qoralab, uning shartlarini o'zgartirishga chaqirib kelmoqda.

Fransiya va Germaniya rahbarlari Tramp bilan yuzma-yuz muloqotlarda uni kelishuvdan chiqmaslikka undagan. Emmanuel Makron buning uddasidan chiqa olmadim, demoqda.

Bugun Bryusselda NATO tashqi ishlar vaziri bilan uchrashgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoga ko'ra, bitimga o'zgartirishlar kiritilmasa, undagi nuqsonlar bartaraf etilmasa, Amerika undan chiqishi ehtimoli yuqori.

Merkel va Tramp yopiq eshiklar ortida chigal mavzularni, jumladan NATO byudjeti va Yevropa mahsulotlariga qo'yiladigan tariflarni ham muhokama qilgan.

"Fikr almashdik. Tarif qo'yish yoki qo'ymaslik AQSh prezidentiga havola", - dedi Merkel.

AQShning Tel-Avivdagi elchixonasi
AQShning Tel-Avivdagi elchixonasi

Prezident Tramp xalqaro hamjamiyatning kuchli tanqidlari ostida may oyida AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko'chirmoqda. Vashington bu bilan Quddusni Isroil poytaxti deb tan oladi. Tramp bu borada shunday dedi:

"Elchixonani bir milliard dollarga qurish taklifi bilan kelishdi oldimga. Isroildagi elchimiz Deyvid Fridmanga qo'ng'iroq qilib, nahotki shunchaga tushsa, deb so'radim. Unga ko'ra, ishni 150 ming dollarga eplasa bo'ladi. Bino bor, yer bor. 150 mingga inshootni tuzatib, elchixonaga aylantirsa bo'ladi. 10 yil emas, uch oyda bo'ladigan ish. Oxiri 300-400 ming dollarga kelishib oldik".

Falastin ham Quddusga tarixiy poytaxt deb da'vo qiladi. Trampning qarorini BMT Bosh Assambleyasida qoralangan. Quddus masalasi Yaqin Sharq tinchlik muzokaralarida doim nozik masala bo'lib kelgan va shu paytgacha AQSh hukumatlari Quddusni Isroilniki deb tan olmagan edi.

Prezident Tramp Angela Merkelga Koreya muzokaralaridagi yordami uchun tashakkur bildirdi. Germaniya Shimoliy Koreyani bosim ostida ushlab turishda ko'maklashgan.

Matbuot anjumanida Tramp "Islomiy davlat" guruhiga qarshi kurashda boshqa davlatlarni kattaroq harbiy va moliyaviy hissa qo'shishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG