Breaking News

Norozilik namoyishiga chiqish O'zbekistonda hamon xatarli


Toshkent
Toshkent

O'zbekiston jamoatchiligida jiddiy munozara uyg’otgan Bobur bog’idagi namoyish tashkilotchilarining oradan yarim yil o’tib jazoga tortilishi yangi rahbar ostida ham norozilik aksiyasiga chiqish xatarli ekanini ko’rsatdi.

Toshkentda “Borovskiy” kolleji talabasi Jasur Ibrohimovning kaltaklab o’ldrilishiga qarshi o’tgan yig'inga yuzdan oshiq kishi to’plangan. Ular huquq-tartibot idoralaridan zudlik bilan aybdorlar jazolanishini talab qilishgan. Mazkur namoyish tashkilotchilari Irina Shohnazarova va Mariya Golovkoga ma’muriy qamoq jazosi belgilangan.

O'zbekiston: Namoyish qilganlar nega jazolandi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:55 0:00

Tashkilotchilar jamoat xavfsizligi tartibini buzganlikda aybdor topilgan. Prezident Mirziyoyev esa huquq tartibot idoralari, matbuotni “Borovskiy” voqeasi bo`yicha jamoatchilikni o’z vaqtida xabardor qilmaganlikda ayblagan.

Jasur Ibrohimovning kursdoshlari tomonidan kaltaklanishi natijasida vafot etishiga qarshi Toshkentdagi Bobur bog’ida (Xalqlar do’stligi) o’tgan norozilik chiqishi jamoatchilikda kuchli munozara uyg’otgan.

Bunga sabab nafaqat mudhish hodisaning o’zi, balki uzoq yillar keskin nazoratda ushlangan jamiyatda jamoatchilik tashabbusiga ko`ra ilk bor norozilik chiqishi o’tayotgani ham bo’ldi. Mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan kutilmaganda yuz ko’rsatgan bu chiqish islohotlar davrida fuqarolarning faollashish belgisi sifatida ham taqdim etilgan edi.

Yangi hokimiyat jamoatchilikning bu tashabbusini e’tiborsiz qoldirmagan. Oradan yaqim yil o’tib, namoyish tashkilotchilari jamoat xavfsizligi tartibini buzish, tahdid solishda ayblanib, ma’muriy qamoq jazosiga tortildi.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasini mahalliy matbuotga taqdim etgan ma’lumotiga ko’ra, Bobur bog’idagi namoyish fuqarolar Irina Shohnazarova va Mariya Golovkoning ijtimoiy tarmoqdagi tashabbusiga ko’ra muvofiqlashgan. Golovko va Shohnazarova miting va namoyislar o`tkazish tartibini buzsih, jamoat xavfiszligiga tahdid solishda ayblanib, 10 va 15 kunlik ma’muriy qamoq jazosiga, jarimaga tortilgan.

15- noyabrda Yakkasaroy tuman sudida ko’rilgan bu ish jamoatchilik uchun yopiq o’tgan; jarimaga tortilgan faollarning o’zlari ayblariga to’liq iqror bo’lishgani xabar qilindi.

Ichki ishlar boshqarmasi nima sababdan aksiya tashkilotchilari oradan yarim yil o`tib jazolanayotganini ish yuzasidan surishtiruvni uzoq davom etganligi bilan izohlagan.

Ammo so’nggi kunlarda ochiqlangan ma’lumotlar aksiya tashkilotchilari jazolanishi shaxsan Prezident Mirziyoyev xabardorligida o’tganligidan dalolat beradi.

Mirziyoyev 15- noyabrda, Yakkasaroy sudi aksiya tashkilotchilariga ma’muriy qamoq jazosi belgilagan kuni Toshkentda huquq tartibot idoralari bilan yig’ilish o’tkazib, Borovskiy kollejidagi voqealar haqida gapirgan, militsiya, matbuot ishini ham tanqid ostiga olgan.

“Nega Borovskiy kolleji voqeasi bo`yicha zudlik bilan jamoatchilikni xabardor qilish choralari ko’rilmagan? Nega deganda eskicha fikrlaydigan rahbarlar befarqlik qilib, vaziyatni oldindan ko`ra bilmagan. Nega biz internetda o’qib, keyin hammamiz bildik. Bugun matbuotda bu haqda berilayotgan xabarlar sifati, ularning ta’sirchanligi, umuman huquq tartibot idoralari, matbuot xizmatlarining faoliyati talabga javob bermaydi”, - degan prezident bu yig’ilishda.

Huquq faollari Borovskiy voqeasi haqida gapirgan prezident aksiyadan ham, bu aksiya tashkilotchilari qamoq jazosiga hukm qilinganidan ham yaxshi xabardor deb hisoblashadi.

Toshkent
Toshkent

O’zbekistonda turli norozilik aksiyalari o’tkazgan faollardan biri Malohat Eshonqulova nazarida Bobur bog’idagi aksiya tashkilotchilarining oradan yarim yil o’tib jazoga tortilishi bevosita tepadan yuklatilgan topshiriq.

“Nima uchun bugunga kelib hukumat bu aksiya tashkilotchlariga e’tibor berdi? Chunki, biz hozirgacha faqat kichik guruhlarda turli norozilik aksiyari o’tkazib kelayotgan edik, ammo bu aksiya jamoatchilikni ergashtirdi va xalq toshib ketishi mumkinligini yangi hokimiyat sezib qoldi. Shuning uchun ham birdaniga chora ko`rish boshlandi. Bir narsani biling, Bobur bog`idagi aksiyadan, aksiya tashkilotchilariga ma’muriy qamoq, jarima belgilanganidan tepa juda yaxshi xabardor. Hozirgilar ham faqat tepaga qarab ish qiladi, bundan tepa bexabar deyishsa, men ishonmayman. Hozir odamlarning norozilikka chiqish ehtimoli shunchalik kuchayganki, hukumat ertaga buni bostirib qololmasligini sezib qoldi”, - deydi Malohat Eshonqulova.

Bobur bog`idagi norozilik chiqishi Jasurbek Ibrohimovning onasi ijtimoiy tarmoqda qilgan murojaatidan keyin bo'ldi. Bu fojeadan ta’sirlangan faollar adolat ta’minlanishi talab qilingan petisiya imzolash uchun fojeaga befarq bo’lmaganlarni Bobur bog’ida to’planishga chaqiradi. Shu yilning iyun oyida o`tgan bu aksiyada yuzdan oshiq kishi to’plandi, namoyishchilar huquq tartibot idorlariga arz qildi. Natijada kollej rahbariyati ishdan bo’shatildi. Jasurbek Ibrohimovni kaltaklagan kursdoshlari hibsga olindi va bu ish yuzasidan sud qarori ham chiqarildi.

Toshkent ko'chalarida
Toshkent ko'chalarida

Namoyishda ko’tarilgan talablar bo’yicha tergov-sud ishlarining yakunlanishi ortidan aksiya tashkilotchilarining o’ziga ham chora ko’rilishi jamoatchilikka yo’naltirilgan ishora sifatida baholanmoqda.

“Hokimiyat har qanday aksiyaga siyosiy baho berishga o’rganib qolgan. Bu aksiyaga ham munosabat xuddi shunday bo’ldi. Odamlar oqimining ko’paygani ularni cho’chitib qo’ydi. Jazolashga qaror qilishdi. Nima uchun? Chunki ertaga yana kimdir adolatsizlikka uchrasa, xuddi ulardek qalqib maydonga chiqmasligi uchun. Kelajakni o’ylab, yangi hukumat jazo choralarini qo’llamoqda. Prezident huquq-tartibot idoralarini jamoatchilikni xabardor qilmagani uchun emas, o’z huquqidan foydalangan fuqarolar jazo tortilgani uchun tanqid qilishi kerak edi. Siyosiy huquqlaridan foydalangan fuqarolar jazolanayotgani uchun ularni urishishi kerak edi”, - deydi Eshonqulova.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG