Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Misrga tashrifi davomida ikki davlat o'rtasida harbiy va iqtisodiy sohalarda bir qator shartnomalar imzolandi. Misrga atom elektrostansiyasi qurishda yordam berish bo'yicha ham kelishuvga erishilgan.
Putinning aytishicha, tomonlar Misr iqtisodiyotiga investitsiya kiritish, turizmni rivojlantirish hamda terrorchilikka qarshi kurashni kuchaytirish bo'yicha kelishib olgan.
Mintaqavaviy va xalqaro maydondagi dolzarb mavzular bo'yicha ham o'zaro fikr almashilgan. Suriya va Yaqin Sharqdagi mojarolarga yechim topish o'ta zarur ekani bo'yicha har ikki tomon yakdil fikrda ekani ma'lum bo'ldi, dedi Putin.
Suriyadagi to'rt yillik urushga barham berish uchun yaqinda Moskvada o'tgan muzokara tafsilotlari Misr hukumati bilan baham ko'rilgan. Prezident Sissiy ixtilofga tinch yechim topilishiga umid qilishini bildirgan.
Shuningdek, Sissiyning ta'kidlashicha, Misr harbiylari Sinay va boshqa hududlarda terrorchilarga qarshi kurashni kuchaytirayotgan bir paytda, Misr armiyasining salohiyatini kuchaytirish uchun Rossiya bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirish muhim.
Misr va Rossiya elektr ishlab chiqarish uchun yadro inshooti qurish bo'yicha kelishuvga erishgani haqidagi ma'lumot ko'pchilik uchun kutilmagan yangilik bo'ldi.
Sissiyning aytishicha, tomonlar turli elektr manbalariga oid hamkorlikni kuchaytirish, jumladan, tinch maqsadlar yo'lida yadro generatorini qurish bo'yicha shartnoma imzolagan. Rossiyaning bu sohadagi katta tajribasi Misrning atom energiyasi bo'yicha imkoniyatlarini yaxshilashga yordam beradi, dedi Misr prezidenti.
Sobiq Sovet ittifoqi davrida Chernobildagi atom elektrostansiyasida yuz bergan fojea ortidan Misr o'tgan asrning 80-yillarida atom energiyasi ishlab chiqarish loyihasini to'xtatib qo'ygan edi. 2006-yilda sobiq Prezident Husni Muborak dasturni qayta tiklashga qaror qilgan.