Breaking News

Rossiyada Putin yangi muddatga saylandi


Rossiyada o’tgan prezident saylovida oxirgi 24 yilda mamlakatni 21 yil boshqargan Vladimir Putin salkam 88 foiz ovoz bilan yangi olti yillik muddatga saylandi.

Xalqaro hayot - 18-mart, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:24 0:00

Putin tuzumiga qarshi rossiyaliklar xorijda norozilik namoyishi o’tkazdi. Yaqinda qamoqxonada olamdan o’tgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya Rossiyaning Berlindagi elchixonasi tashqarisida ovoz berish uchun navbatda turgan vatandoshlariga qo’shilib ovoz berdi.

Navalnaya saylov byulleteniga marhum turmush o’rtog’ining ismini yozib, unga ovoz berganini aytdi.

Navalniyning Rossiyadagi tarafdorlari yakshanba kuni - saylovning uchinchi kunida muayyan bir paytda to’planib, Putin boshqaruvidan noroziligini bildirishga harakat qildi.

G’arbdagi ayrim siyosatchilar Navalniyni Putin boshqaruviga tahdid deb, uning o’limida Rossiya prezidentini ayblagan. Navalniy vafotidan bir oy o’tib Putin uning nomini endi tilga oldi.

"Janob Navalniyning vafotidan bir necha kun oldin prezident mahkamasiga kirmaydigan ayrim hamkasblarim Navalniyni G’arb mamlakatlaridagi qamoqxonalarda saqlanayotgan ayrim vatandoshlarimizga almashish g’oyasini ilgari surdi. Xoh ishoning, xoh ishonmang. Men bunga rozi bo’ldim, ammo qaytib kelmasin deb shart qo’ydim. Biroq shundan keyin noxush voqea ro’y berdi”, - dedi Putin.

Ba’zilar Putin va saylovdan noroziligini saylov kuni pasportini yoqish, saylov qogo’ziga siyoh to’kish yoki saylov uchastkasiga o’t qo’yishga harakat qilish bilan izohladi. Davlat matbuoti ular Ukraina xavfsizlik xizmati buyurtmasiga ko’ra shunday qilgani haqida xabar berdi.

Putinning o’zi Kremldan turib onlayn ovoz bergan.

Saylov Rossiya o‘ziga qo’shib olgan Ukrainaning to’rtta viloyati va Qrimda ham o’tkazildi. G’arb davlatlari saylovga tanqidiy munosabat bildirdi. Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbok saylovda haqiqiy tanlov bo’lmaganini, Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel saylov erkin va halol bo’lmaganini aytdi. AQSh ham jarayonni tanqid qildi.

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi raisi Ella Pamfilova Rossiyada prezident saylovlari tarixida rekord miqdorda saylovchi qatnashganini ta’kidladi – salkam 78 foiz. Xitoy, Markaziy Osiyo davlatlari, Venesuela, Eron, Rossiyaga xayrixoh mamlakatlar rahbarlari Putinni saylovdagi g’alabasi bilan tabrikladi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa jarayonni saylovga noqonuniy taqlid deb atadi, Putinni mamlakatni umrbod boshqarmoqchi bo’lganlikda aybladi.

"Saylovga ushbu taqlidda zarracha ham qonuniylik yo’q va bo’lishi mumkin emas. Bu aktyor Gaagada sud qilinishi kerak. Mana shuni ta’minlashimiz kerak”, - dedi Zelenskiy.

Aytish joiz, Ukrainada joriy yilning 31-martida o’tkazilishi kerak bo’lgan prezident saylovi qoldiriladigan ko’rinadi. Zelenskiy urush sharoitida mamlakat saylovga tayyor emas deb aytgan. Kiyev shahar meri Vitaliy Klichko uni hokimiyatga yopishib olganlikda ayblagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG