Huquq faoli Reychel Lloyd - sobiq fohisha. Uch yoshida kaltaklanib, 13 yoshida jinsiy zo’rlangan va 17 ga kirib, fohishaga aylangan.
Vatani Britaniyani tark etib, yaxshi hayot izlab, Germaniyaga yo’l olgach ham yana o’sha kasb bilan shug’ullanishga majbur bo’lgan.
Uch bora o’z joniga qasd qilishga uringach, nihoyat o’sha yerdagi AQSh cherkovida panoh topgan. Oradan ko’p o’tmay, Qo’shma Shtatlarda kelib, o’zi kabi qizlarga yordam qo’lini cho’zishga ahd qiladi.
O’smirni fohishalikka yetaklovchi omillar kam emas. Nochor oilada tug’ilganlik shulardan biri, lekin boshqalari salmoqliroq.
“Ayrim oilalar yo’qsil bo’lsa-da, ota-onaning mehri hammasini qoplaydi. Lekin bola ko’chada, maktabda kaltak yeb yurishi mumkin. Do’st orttirishga qiynaladi. Ilojsizlikdan uyidan qochadi, daydiga aylanadi. Bunaqa bolalarni tutib, qiynaydigan mahluqlar ko’p”, - deydi Reychel Lloyd.
1998 yilda u o’zining hayotini deyarli barbod qilgan bu muammolarga qarshi ish boshlagan. Nyu-York shahrida Qizlarni o’qitish va tarbiyalash xizmatini ta’sis etgan.
Notijorat tashkilot ayolning torgina kvartirasida ildiz otib, sekin-asta 25 xodimi bor alohida ikki idoraga aylandi.
“Ishimizning mazmuni qizlar va ayollarga yordam berish. Ko’cha-kuyda yurgan boshpanasiz juvonlar, qamoqdagi xotin-qizlar, xullas, ayol kishi hayoti xavf ostida bo’lgan joylarda xizmat qilamiz”, - deydi ayol.
Tashkilot sharofati bilan yosh qizlarning turar joyi, ovqati bor, muhimi ta’lim, kasb-hunar ham o’rganadi ular.
Odamlarni o’smir fohishalar hayoti haqida ogoh qilish va ularga bo’lgan munosabatni o’zgartirish - bu illatni tugatish uchun muhim.
“Siz yashayotgan oila, jamoa, xizmat joyida hamma nafrat bilan qarasa, sizni fohisha deb ko’raversa, ta’na-dashnom berib, uyaltiraversa, yashashdan nima foyda? Bunaqada odam o’z joniga qasd qiladi! Atrofdagilar ko’zida jirkanish hissini ko’rish insonga juda og’ir botadi”.
Qiz-juvonlarni himoya qiluvchi bu tashkilot matbuot anjumanlari, maktablar va cherkovlarga borib, gaplashadi. Bu ayollar hayotidan so’zlaydi.
Guruh qonunchilikka ham ta’sir qilmoqda. 2008 yilda Nyu-Yorkka doir qaror qabul qilinishida bu notijoriy tashkilotning roli katta edi.
“Amerikada bunaqa qonun hali qabul qilinmagan – “Ekspluatasiyaga uchragan bolalarni himoya qiluvchi akt”. Biz birinchi bo’ldik. Bu hujjat yoshi 16 dan kichik bo’lgan qizlarni fohishalikda ayblashni man qiladi. Ulat yosh jinoyatchi emas, jabrlangan bola deb ko’riladi”, - deydi Reychel Lloyd.
Sa’y-harakatlari uchun Reychel Lloyd bir necha bor mukofotlangan. “Reebok” kompaniyasining Inson huquqlari sovrinini ham qo’lga kiritgan.
Reychel Lloyd uchun eng muhimi, qizlar muvaffaqiyat qozonganini ko’rish. Girdobdan xalos bo’lib, ko’chani tark etgani, o’qib, ish topganidan afzal mukofot yo’q uning uchun.