Breaking News

Rahim Karim - internetni gullatayotgan qirg'izistonlik ijodkor


Rahim Karimning asar va tarjimalari
Rahim Karimning asar va tarjimalari

Qirg’izistonlik yozuvchi, shoir va tarjimon Rahim Karim o’tgan yil "Yevrosiyo xalqlari assambleyasi" va "Rossiya Federatsiyasi xalqlari assambleyasi"ning kumush medaliga sazovor bo’ldi. Qalamkash oldin ham Londonda o’tkazilgan Ochiq kitob festivali sovrindori bo’lgan edi.

Taqdirning achchiq-chuchugini ko’p totgan yozuvchi hozirda adabiyotning yangi yo’nalishlarida sermahsul ijod qilmoqda. Uning asarlari dunyoning turli burchaklarida o’z muxlisiga ega.

Biz Rahim Karim bilan suhbatda bo’lib, uning mintaqa adabiy hayotiga doir o’y-fikrlari bilan tanishdik.

Har qanday vaziyatni adabiyot va san’at yumshatadi

“Butunrossiya va Yevrosiyo festivallar festivali” deyilmish anjumanda nufuzli tanlovlar g’oliblari ishtirok etdi. Mashhur qozoq shoiri Oljas Sulaymonov kabi nomdor ijodkorlar safidan joy olish, O'ljas akaga oltin medal nasib etgan bo’lsa, kamina undan keyingi mukofotga loyiq topilgani men uchun katta sharaf va mas’uliyat”, - deydi suhbatdosh.

Yevrosiyo xalqlari Assambleyasi hamda Rossiya Federatsiyasi xalqlari Assambleyasi badiiy asarlar tanlovini o’tkazar ekan, tabiiyki, adabiyotning do’stlik, ahillik, birodarlik kabi insoniy qadriyatlarni targ’ib qilish yo’lida beqiyos imkoniyatlarini nazarda tutgan.

“Xoh jahon miqyosida bo’lsin, xoh yakka bir davlat ko’lamida, adabiyot va san’at har qanday vaziyatni yumshatishga xizmat qilayotganiga shohidmiz, - deydi adib. - Uzoqqa bormaylik, so’nggi yillarda Qirg’iziston hamda O’zbekiston aloqalarining yuksalishida ijod ahlining o’z o’rni bor”, - deydi u.

Hozirda Rahim Karim Qirg’iziston va o’zbekistonlik qator ijodkorlarning asarlarini rus tiliga o’girish bilan mashg’ul. Uning tavsiyasi bilan o’zbekistonlik besh yozuvchi va shoirning asarlari Rossiyada chop etilayotgan xalqaro nashrdan joy olib, mualliflar bahorda Sochi shahrida UNESCO shafeligida o’tkaziladigan festivalga taklif qilindi.

Payg’ambarni sharaflagan doston

So’nggi uch yil davomida Rahim Karim taniqli qirg’iz shoiri Egemberdi Ermatovning “Muhammad payg’ambar” dostonini o’zbek va rus tillariga o’girdi. 2016-2017-yillarda chop etilgan kitoblar musulmon ahli hamda mutaxassislarning olqishiga sazovor bo’ldi.

“Dunyo miqyosida baholanishga loyiq 440 betlik bu asarni ikki tilga tarjima qilishni muallif menga ishonib topshirganidan baxtiyorman”, - deydi suhbatdosh.

Adabiyot siyosatga befarq emas

“Adabiyot siyosatdan yiroq, degan fikrga qo’shilmayman. Men adabiyotni siyosatdan ajratmagan bo’lardim. Aksincha - uni siyosatni boshlab beruvchi soha, deyish mumkin”, - deya davom etadi Rahim Karim.

Shoir keyingi paytlarda O’zbekistonda yuzaga kelgan jarayonlardan hayratdaligini aytadi.

“Jahonning turli o’lkalarida inqiloblar, asosan, norozi xalq tomonidan sodir etilayotgan bo’lsa, O’zbekistonda butunlay boshqa holat - keng ko’lamli inqilobni davlat rahbari amalga oshirayapti va bu, albatta, qo’shni mamlakatlarga hamda butun dunyoga o’z ta’sirini o’tkazadi”, - deydi u.

Internet bilan “dunyo kaftimda”

“Internet ijodkor uchun ulkan imkoniyatlar taqdim etmoqda. Ayniqsa, bizning Qirg’iziston kabi nashriyotlar kam, qolaversa, aholi mutolaadan ancha yiroqlashgan jamiyatlarning qalam ahli uchun”, - deydi ijodkor.

Bir paytlar o’z asarlarini muxlislarga yetkaza ololmay qiynalgan adib xorijga ketishga chog’langan edi. Internet paydo bo’lishi bilan bunga hojat qolmadi.

Rahim Karim yuz minglagan qalamkashlar o’z asarlarini taqdim etayotgan nufuzli adabiy saytlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Barcha qit’alarda muxlislari bor, sh’er va qissalari qizg'in muhokamada.

“To’g’ri, “internetning elagi”, jiddiy talablari yo’q, savodsiz, qo’pol, haqoratli chiqishlar ham oz emas. Erkinlikning shunday tomonlari ham bor. Lekin, o’ylaymanki, didli, aql-farosatli, purma’no fikr yurituvchi insonlarning “maktub”lari barchaga namuna bo’ladi, yaxshilikka, barkamollikka chorlaydi”, - deydi shoir.

Nega mintaqa adabiyoti va san’ati jahon supasiga chiqolmayapti?

“Zangori ekran” orqali turk, yapon, koreys seriallarini ko’rib borayotgan omma “bu o’lkalardan qayerimiz kam, nega ijod ahli tariximiz, madaniyatimiz, o’zligimizni shunday tasvirlay olmaydi”, - deya savol beradi Rahim Karim.

“Ko’p hollarda qalam ahli ham, kinochilar ham, sayoz mavzulardan nari o’ta olmayotgani - bu haqiqat. Aslida, o’sha zikr qilingan darajaga yetishish o’ta qiyin vazifa emas. Buning uchun yengil-yelpi maqsadlar, shuningdek, obraz ketidan quvish kabi eski odatlarni tark etgan holda, chuqur izlanishga kirishish lozim. Hayotni kuzata bilish, insonlarning qalbiga quloq tutish talab qilinadi”, - deydi u.

Ijodkorga unvon kerakmi?

Rahim Karim sobiq Ittifoq o’lkalarida tatbiq etilgan unvonlarga ega emas. Ehtimol, bunga uning rasmiy doiralarga yaqin emasligi sababdir.
Ayni paytda turli tanlovlar ishtirokchisi sifatida sovrinlar, mukofotlar bilan taqdirlanib turadi.

“Xizmat ko’rsatgan madaniyat arbobi“, “Xalq artisti”, “Xalq shoiri”,
“Respublikada xizmat ko’rsatgan shifokor”… Xorijda bunday unvonlar qo’llanilmaydi. O’z ishining ustasimi - bas, mana shu - izzat-hurmat, ishonch va daromad keltiradigan asosiy mezon, asosiy omil.

“Ehtimol, G’arbda shundaydir. Lekin biz tomonlarda amalga, unvonga qarab qarshi olish va siylash odat tusiga kirib qolgan. “Yozuvchiman”, desangiz, “o’zi qayerda ishlaysiz, nima bilan mashg’ulsiz”, deya savolga tutish bizdagina emas, balki. Do’stlarim aytishicha, Rossiyaning muassasalarida ham (masalan, shifoxonada so’rovnoma to’ldirish paytida) uchrab turar ekan”, - deydi qalamkash.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG