O’tgan shanba Qirg’izistonda “O’sh sadosi” viloyat gazetasi o’zining 85 yilligini nishonladi. Bir paytlar ushbu nashr o’lkaning eng nufuzli axborot vositalaridan biri bo’lgan.
Ma’lum sabablarga ko’ra, keyingi o’n yilliklarda muxlislarning salmoqli qismidan ajragan gazeta yangi sharoitga moslashish va avvalgi mavqeini tiklash harakatida.
Hozir Qirg’izistonda o'zbek tilida beshta gazeta faoliyat yuritmoqda. Davlat tasarrufidagi ikki viloyat va bir tuman ro’znomasi safiga yaqinda ikki mustaqil nashr qo’shildi. Shuningdek, ikki telekanalda o’zbek tilida dasturlar mavjud.
O’zbekzabon matbuotning bugungi kuni hamda istiqboli borasida mahalliy qalam ahli nima deydi?
Mintaqada taniqli shoir Usmon Temur ko’p yillar gazeta uchun qalam tebratgan. O’tgan asrning 90-yillaridan boshlab gazetalarga e’tibor keskin susayib ketishi va muxlislarning kamayishini u nafaqat elektron axborot vositalarining taraqqiy etishi, balki “odamlarning qorin g’amiga o’tib ketishi” bilan izohlaydi.
Qalamkash ahvol yaxshi tomonga o’zgarishiga ishonadi.
“Negaki, matbuot xalq madaniyatining bir qismi, Gazeta-jurnallarga ehtiyoj mavjud, ijodkorlar yetarli. Yangi nashrlar chiqarilishi lozim. Tezkorlik, zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish masalasiga kelsak, bu o’rinda gazetalar yordamga muhtoj”, deydi shoir.
Uningcha, qo’shni O’zbekiston bilan munosabatlarning iliqlashuvi adabiyot va matbuot sohasida aloqalarning ham tiklanishiga, rivojiga turtki beradi.
“Mana ko’rasiz, avvalgidek, O’zbekiston matbuotiga obuna bo’lish, u tomonda ham kitoblarimizni chop etish imkoni bo’ladi”, - deydi Usmon Temur.
O’sh viloyat Aravon tuman “Do’stlik” ro’znomasining bosh muharriri Latifjon Tojiboyev fikricha, har bir axborot vositasining rivoji omma diqqat-e’tibori va qo’llab-quvvatloviga bog’liq.
“Davlat esa gazetalarga moddiy yordam ko’rsatish yo’li bilan ro’znoma narxini pasaytirishi, ko’pchilikni mutolaaga jalb qilishi mumkin”, - deya tavsiya qiladi muharrir.
Aytish joizki, Qirg’iziston matbuotining bosimli qismi xususiy, erkin axborot vositalaridan iborat. Hozirda asosan davlat qaramog’ida bo’lgan o’zbekzabon nashrlarning bu yo’nalishda istiqboli qanday?
“Unday gazetalar ham chiqadi, ko’payadi. Mamlakatning taraqqiyotiga ko’mak beradigan erkin gazetalar bo’lishi kerak. Maqsad faqat qoralash, tanqid qilish emas, ijobiy ko’rinishlar va jarayonlarga urg’u bermoq lozim”, - deydi Latifjon Tojiboyev.
Davron Nasiphonov Qirg’iziston hukumati hamda xalqaro tashkilotlar kelishuvi asosida tuzilgan ko’p tilli “Intimoq” teleradiokompaniyasida O’zbek tahririyatini boshqaradi. Telekompaniyaning gazetasi ham bor.
“Gazetalarga hali ham ehtiyoj borligini, lekun ularni zamonaviylashtirish darkorligini anglab yetdik-da, hozir nashrimizni yangi texnologiyalar bilan bog’lash yo’llarini izlayapmiz. Menimcha, topdik ham”, - deydi suhbatdosh.
O’shlik shoir Muhammadsoli Ismoilov shunday deydi:
“Aslida Qirg’izistondagi o’zbekzabon matbuotning kelajagi porloq, ravon bo’lmog’i lozim. Axir ona tildagi axborotga ehtiyoj katta, qanchadan-qancha ijodkorlarimiz bor - ular ham o’z asarlarini qayerdadir chop ettirib, elga tavsiya qilishlari kerak. Bilmadim, ro’znomalarni chiqarishda ilg’or usullar - masalan, rangli bosma - bizda ham ko’proq qo’llansa, gazetxonlar safi ko’payarmidi. Ne bo’lsa-da, gazeta-jurnallarning jamiyatda o’z o’rni bor, ularga qo’l siltab bo’lmaydi”.
Facebook Forum