Breaking News

Amerikada yashayotgan roxinjalik hikoyasi


Bangladeshdagi roxinjalik qochqin bolalar
Bangladeshdagi roxinjalik qochqin bolalar

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, so’nggi oylarda yarim milliondan ko’p roxinjalik musulmon Myanmadan qochgan. Qochqinlarning aksariyati og’ir sharoitda yashamoqda. “Amerika Ovozi” Nyu-York shtatining Sirakyus shahriga borib, hayotini noldan boshlashga harakat qilayotgan inson bilan uchrashdi.

Qosim Dil Muhammadning hayoti boshqa roxinjaliklarnikidan deyarli farq qilmaydi. U va oilasi vatanida baliqchilik bilan kun ko’rgan. Qosimning aytishicha, politsiyachilar uni kaltaklab turishardi, ammo bir kun shunaqangi lat yedi-ki, oilasi uning hayoti uchun xavotirga tushdi.

“Birma hukumati tirikchilik qilishga bermadi, busiz oilamni boqolmagan bo’lardim. Onam, singlim haqida gapirsam, ko’zlarim yoshga to’ladi. Ortiq chiday olmadim, Bangladeshga, undan nari Malayziyaga ketishga majbur bo’ldim”, - deydi u.

Qosimning aytishicha, u farzandlari kelajagini o’ylab bu qarorga keldi.

“Birmada ko’p bolalar bepul ta’lim oladi, ammo roxinjaliklar emas”, - deydi u.

Shu sabab roxinjaliklarning 90 foizi o’qimagan, deydi u. Ular o’z mamlakatida begona bo’lib qolgan. Ularning ko’rinishi, dini birmaliklarnikiday emas.

“Birma hukumati buddistlardan iborat, harbiy hukumat. 10, 12 yashar qizlarni zo’rlashadi. Nega? Chunki biz musulmonmiz, ular esa musulmonlarni ko’rolmaydi”, - deydi Qosim.

Uning aytishicha, yaqinda uyining kulini ko’kka sovurishgan.

"Qaynotamni ham shu ahvolga solishdi”, - deydi u.

Myanma hukumati jinsiy zo’rlash, o’ldirish, mulkni yoqish haqidagi da’volarni inkor etib keladi, ammo inson huquqlari tashkilotlari so’nggi oylarda ro’y bergan zo’ravonliklarni qayd etib keldi. Qosim Bangladeshga qochib, xalqaro qochqin maqomiga hujjat topshirdi.

Bangladesh yoki Malayziyada qolsak, bolalarimning o’qishga kirishi juda qiyin bo’lardi, deydi u.

“Farzandlarimning oliy ma’lumotli bo’lishini, birining shifokor, ikkinchisining o’qituvchi bo’lishini orzu qilaman. Allohning irodasi bilan hayotimiz o’z yo'liga tushib ketadi”, - deydi qochqin.

Qosimning Asma ismli qizi va Azizulla ismli o’g’li maktabda yaxshi baholarga o’qiydi. Ular o’z vatanidagi voqealardan xabardor.

Myanma politsiyasi avgust oxirida roxinjalik ekstremistlarga qarshi amaliyot boshlab, oddiy odamlarga ham hujum qilgan. 600 mingdan ziyod roxinjalik qo’shni Bangladeshga qochdi.

“Ular insonlarni o’ldirishni yaxshi ko’rishadi, qurollari bor”, - deydi Azizulla.

Felitsiya Kastrikone Sirakyus shahridagi Katolik xayriya jamg’armasida mahalliy dastur direktori bo’lib, uning aytishicha, Amerikaga kelayotgan roxinjaliklarning ko’zida qo’rquvni ko’rish mumkin, ammo vaqt o’tishi bilan ularda kelajakka ishonch paydo bo’ldi.

“Birmada ularni odam sifatida ko’rishmagan. Amerikada anchadan beri yashovchi birmalik musulmonlar roxinjaliklarni yaxshi kutib oldi. Umuman birmaliklar jamoasi ularga yaxshi qaramoqda” - deydi Kastrikone.

Qosimning farzandlari yaqinda grin-karta olishdi. Ammo u Bangladeshda qolgan oilasini ham unutib qo’ygani yo’q.

“Ularni qattiq sog’inaman. Har safar taomdan oldin yoki besh mahal namoz o’qiyotganimda Allohdan roxinjaliklar uchun yaxshiroq hayot so’rayman”, - deydi Qosim.

Amerikada orzulariga yetishish uchun Qosim qattiq mehnat qilishga majbur. U uch ishda ishlaydi, yaqinda mashinali bo'ldi. Ishlariga endi piyoda bormaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG