Breaking News

Markaziy Osiyo: Rossiya liderligidagi bloklar, informatsion hukmronlik


From left: Armenia's Serge Sarkisian, Belarus' Alexander Lukashenko, Kyrgyzstan's Almazbek Atambayev, Russia's Vladimir Putin and Kazakhstan's Nursultan Nazarbayev arrive for the Eurasian Economic Union summit in Moscow, Dec. 23, 2014.
From left: Armenia's Serge Sarkisian, Belarus' Alexander Lukashenko, Kyrgyzstan's Almazbek Atambayev, Russia's Vladimir Putin and Kazakhstan's Nursultan Nazarbayev arrive for the Eurasian Economic Union summit in Moscow, Dec. 23, 2014.

Kollektiv xavfsizlik va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi - Rossiya uchun integratsiya vositalari

Rossiyaning maqsadi - Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotini NATOdek kuchli alyansga aylanish. Sobiq sovet davlatlari orasida har jihatdan eng kuchlisi bo’lmish federatsiya nazarida xavfsizlik va iqtisodiy integratsiya bir-biriga uzviy bog’liq.

Shu bois ham, deydi ekspertlar, kelajakda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti uyg’unlashishi mumkin. Hozircha har ikkisiga doir jarayonlar ancha sust. Biroq Rossiya qo’lida muhim kartalar bor. Eng asosiy ta’sir mexanizmi - Rossiya axborot vositalari.

2015-yilning 1-yanvaridan kuchga kirgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga Rossiya, Belarus, Armaniston, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston a'zo. 183 million aholi yashaydigan hududni qoplovchi tuzilma vakillarining yalpi ichki mahsuloti 4 trillion dollarga teng. Buning 85 foizi Rossiyaga to’g’ri keladi. Ittifoqdan asosiy maqsad - umumiy bozorga ega bo’lish.

Kreml Xitoy bilan hamkorlikda Yangi Ipak yo’li yaratish borasida muzokarada ekan, ittifoqning boshqa a’zolari o’z manfaatlarini himoya qilish yo’llarini qidirmoqda, deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Jeffri Mankoff. Chunki Qozog’iston singari davlatlar tariflardan katta daromad oladi va ularni boy berishga tayyor emas.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti ham Rossiya uchun rasman integratsiya vositasi. Bu organdan ustuvor maqsad - barqarorlikni saqlash va shu tariqa atrofdagi mamlakat va mintaqalarda Rossiya rolini mustahkamlash. A’zolar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidagi bilan bir xil, ya’ni Rossiya, Belarus, Armaniston, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston.

Mankoff tahlilicha, olti tomonning har biri istiqbol haqida o’zgacha tasavvurga, integratsiya deganda turlicha tushunchaga ega. Rossiya bu tashkilot bilan “buzuq xalqaro sistemani”, “muvozanatni boy bergan global tizimni” tuzatmoqchi. Qozog’iston, Qirg’iziston va boshqa davlatlar esa konkret foyda ko’rishni xohlaydi: iqtisodiy rivoj, biznes, taraqqiyot va xavfsizlik.

Rossiya dunyoning harbiy jihatdan eng qudratli davlatlaridan biri ekan, respublikalar unga suyanishdan manfaatdor, lekin muhim masalalarda o’z pozitsiyasini baralla ayta olishni xohlaydi. Ular Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Rossiya o’z harbiy salohiyatini ko’z-ko’z qiladigan organ bo’lishini istamaydi.

AQSh poytaxtidagi Gudzon institutidan Richard Uaytz fikricha, Qirg’iziston va Tojikistonda harbiy bazalarga ega Rossiya Afg’onistondagi rolini oshirish niyatida. Janubdagi notinch davlatdan chorak asrdan beri uzoqda turgan Kreml Kobul bilan yaqindan hamkorlik qilishga bel bog'lagan. Hozircha Afg’oniston hukumati Rossiyadan nima xohlashishini ochiq aytmayapti, Xitoy bilan ko’proq muloqotda, deydi Uayts. Biroq parda ortida jadal harakatlar ketayotgan bo'lsa, ajabmas.

O’zbekiston, Markaziy Osiyoning eng katta davlati, Rossiya integratsiya loyihalariga bosh suqish istagida emas va tahlilchilar yaqin kelajakda biror o’zgarish bo’lishiga ishonmaydi. O’zbekiston albatta vaziyatni yaqindan kuzatib turibdi, deydi Uyats. Turkmaniston va Gruziya ham ularga yaqinlashishni xohlamaydi. Lekin Kremlning bu ikki strategik bloki faoliyatidan hech kim ko’zini uzmaydi, jumladan Rossiyani dushman davlat deb biladigan Ukraina ham.

Professor Marlen Laruel o'z izlanishlari haqida so'zlamoqda, Jorj Vashington universiteti, 8-mart, 2016
Professor Marlen Laruel o'z izlanishlari haqida so'zlamoqda, Jorj Vashington universiteti, 8-mart, 2016

Rossiya informatsion hukmronlikni hali beri qo'ldan boy bermaydi

Jorj Vashington universiteti professori, Markaziy Osiyo bo’limi rahbari Marlen Laruel deydiki, Rossiya qo’lidagi eng effektiv qurol - informatsion hukmronlik.

Mustaqillikning 25 yilida ham sobiq sovet davlatlaridan birortasi Rossiyaniki bilan bellasha oladigan axborot vositalariga ega emas. Izlanishlar shuni ko’rsatadiki, rus tilidagi xabarlarni aholi ishonchliroq ma’lumot deb biladi. Mahalliy voqealar tafsilotini odamlar mahalliy matbuotdan emas, rus manbalaridan oladi. Elita hamon ruslashgan. Rahbarlar aksar hollarda rus tilida fikrlaydi va gapiradi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida bugun telekanal, radio va nashrlar, internet manbalar har qachongidan ko’p, biroq jamiyatlar hali ham Rossiya axborot vositalariga tayanadi. Ingliz tilini biladigan ko'p, ijtimoiy tarmoqlarda odamlar har qachongidan faol. Ammo rus tilidagi informatsiya nafaqat Rossiyadan kirib keladi, balki mahalliy ravishda ham efirga uzatiladi va chop etiladi. Qozoq, o’zbek, tojik, qirg’iz va turkman tillaridagi jurnalistika hamon zaif, professional darajada emas, degan qarash keng tarqalgan.

Mintaqada jurnalistika va informatsiya maydoni ko’p o’rganilmagan yo’nalish, deydi Marlen Laruel. Xorijiy olimlar ko’p hollarda e’tiborni so’z va matbuot erkinligi cheklanganiga qaratadi. Bular muhim omillar, deydi professor, biroq axborot bozorini shakllantiruvchi boshqa jarayonlar, sa'y-harakatlarni deyarli tadqiq qilmaymiz.

Marlen Laruel tahlilicha, Rossiya manbalari axborot uzatishni aslida G’arbdan o’rgangan, ya’ni informatsiya va ko’ngilochar materiallar yonma-yon taklif qilinadi. Avvalo odamlarning diqqatini tortuvchi yengil xabar berib, keyin jiddiy mavzuni yoritish usuli keng qo’llanadi.

Amerika xalqaro teleradio kengashi va “Gallup” omma fikrini o’rganuvchi tashklilot yaqinda olib borgan izlanishlar natijasiga ko’ra, Markaziy Osiyo, Armaniston va Belarusda so’ralganlarning aksariyati Ukraina mojarosi avjiga chiqqan paytda Rossiyadan kelgan informatsiyaga ishonganini aytgan. Qozog’istonda respondentlarning 74 foizi, O’zbekistonda 79, Qirg’izistonda 81, Tojikistonda esa 85 foizi G’arbning emas, aynan Rossiyaning axborot manbalarini ma’qul ko’rishini bildirgan. Qrimning Rossiyaga qo’shib olinganini Qirg’iziston, Qozog’iston va Tojikistonda 57-63 foiz odam to’g’ri deb hisoblagan.

Markaziy Osiyoda Rossiya bilan bellashmaymiz deb kelayotgan Amerika ommada o’ziga nisbatan ijobiy fikr shakllantirish yoki rus propagandasiga qarshi chora ko’rish borasida sust deya qanchalik tanqid qilinmasin, rasmiylar “informatsion urush”dan naf ko'rmaydi. Rossiya - yaqin va yirik davlat, tarixiy, madaniy va boshqa jihatlardan o’ziga xos rolga ega, shu bois u bilan tenglashish mantiqan to’g’ri emas, deydi Vashingtondagi ayrim siyosatdonlar. AQSh puli bilan axborot uzatadigan va G’arbda asoslangan azaliy manbalar bor va ular faoliyatini davom ettiradi: “Amerika Ovozi” teleradiosi va “Ozodlik” radiosi. Imkoniyatga qarab, AQSh mintaqada jurnalistika va informatsiya vositalari taraqqiy etishida ko’maklashadi.

Marlen Laruel bu pozitsiyani qisman ma’qullar ekan, kuchli mahalliy axborot tizimlarisiz Markaziy Osiyoda farovonlikka erishish qiyin, deya ta’kidlaydi. Aholi o’z ona tilida sifatli informatsiya olishi zarur.

Chet elda yurgan millionlab markaziy osiyoliklarni ham unutmang, deydi Laruel, ular bu jarayonning bevosita qatnashchilari. Matbuot erkinligi mavjud muhitdan turib, fikrini ochiq aytishni o’rganadi. Vatandagi vaziyatga ham yangicha ko’z bilan qaray boshlaydi.

Boshqa tomondan esa mehnat muhojirlarining aksariyati Rossiyada ekanini hisobga olsak, bu borada ham federatsiya beqiyos ta’sir ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG