6-aprel kuni Gollandiyada o’tkazilgan referendumda aksariyat saylovchilar Yevropa Ittifoqi va Ukraina o’rtasida hamkorlik haqidagi shartnomaga qarshi ovoz berdi. Bunday natija G’arbda xavotir o’ygo’tgan bo’lsa, Moskvada xursandchilik bilan kutib olindi.
Rossiya hukumati Yevropaning o’ng qanotga mansub partiyalari bilan hamfikr, xususan, islom va immigratsiyaga qarshi chiqqan Girt Vilders rahbarligidagi Erkinlik partiyasi bilan. Siyosatchi referendum natijalarini Yevropa Ittifoqi tugatilishining ilk daragi, deb atadi.
Gollandiyadagi referendum va undan oldin bo’lib o’tgan boshqa voqealardan keyin jurnalistlar Yevropadagi radikal tashkilotlarning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan aloqasini o’rganishga kirishdi. Xo’sh, bu tashkilotlarning aksariyati Kremlning Ukraina bo’yicha siyosatini qo’llab-quvvaltashi tasodifmi? Tadqiqotchilarga ko’ra, javob salbiy: Yevropada radikal kuchlar Rossiya rahbariyatiga yaqin, mafkura hamda moliya ma’nosida.
Masalan, 2014-yilda Fransiyaning Milliy fronti rahbari Marin Le Pen Rossiyaga tegishli Birinchi Chex-Rossiya bankidan 11 million dollar miqdorida kredit olganini e’tirof etgan edi.
Le Pen yordamchilari “ko’p marta Moskvada bo’lgan va odamlar bilan uchrashgan, ular orasida moliyaviy aloqa borligi shubhasiz”, - deydi nufuzli “Vashington Post” gazetasi sharhlovchisi Ann Epplbam “Amerika Ovozi” rus xizmati bilan intervyuda. U, shuningdek, Vengriyaning radikal qarashlardagi Jobbik partiyasi ham anchadan beri Moskva bilan aloqaga egaligini aytadi.
Epplbaumga ko’ra, Yevropadagi o’ng guruhlar hamda Kreml o’rtasida bilvosita rishtalar ham bor. “Masalan, Rossiya mablag’i evaziga konferensiyalar tashkil etilgan va bu guruhlar rahbarlari ularda qatnashgan,” – deydi u.
Sharqiy Ukrainadagi 2014-yil noyabr saylovlaridan keyin bunday aloqalar mavjudligi ayon bo’ldi. Rossiyaparast ayirmachilar tashkil etgan saylovlarni Yevropaning qator radikal partiyalari, shu jumladan Gretsiyaning Kommunistik partiyasi ma’qulladi va saylovga kuzatuvchilarini yuborishga rozi bo’ldi. Ammo G’arb davlatlari nazarida bu saylovlar qonunga zid.
“Bu intellektual aloqa, – deydi Epplbaum. – Gollandiyadagi referendumda o’ng qanotga mansub partiyaning mahalliy siyosiy munozarada Rossiya propagandasi hamda Rossiyadan chiqqan yolg’onni tarqatayotganiga guvoh bo’ldik”.
Epplbaum "Yevropani buzish orqali Rossiya nimaga erishishi mumkinligini tushunmayapman”, deydi.
Vashingondagi Makkeyn Xalqaro liderlik institutining Inson huquqlari va demokratiya bo’limi boshlig’i Deyvid Kreymer Gollandiya referendumi natijasini Rossiya harakatlari shakllaganiga ishonmaydi.
“Rossiya Yevropa ichidagi tarqoqlikdan foydalanyapti, ammo Rossiya propagandasi Gollandiya referendumi natijalariga uncha ta’sir ko’rsatgan, deb o’ylamayman. Saylovchilar Yevropa Ittifoqiga munosabatini bildirdi va bu Ukraina va Ittifoq o’rtasidagi munosabatlarga ham ta’sir qildi. Albatta, referendum natijasi Putin uchun katta yutuq, Ukraina uchun esa jiddiy mag’lubiyat”, - deydi u.
Kreymer fikricha Moskva Yevropa ichidagi tarqoqlikni kuchaytimoqchi.
“Yevropa Rossiyaga bunday imkoniyatlarni beryapti. Fransiyadagi yirik siyosiy partiyaning Rossiyadan moliya so’rashi sharmandalik. Darvoqe, AQShda biror partiyaning xorijdan pul olishi qonunga zid hisoblanadi. Putinning eng katta eksport mahsuloti – korrupsiya, G’arb esa uni import qilyapti. Rossiya pullari va korrupsion ta’siriga yaxshiroq to’siq qo’yishimiz kerak. Meni aynan shu tashvishlantiradi, Rossiya propagandasi emas,” – deydi u.
“Fokus” nemis jurnalinning Moskvadagi sobiq muxbiri, “Putinning yashirin urushi” nomli kitob muallifi Boris Raytshuster Germaniyaning o’ng qanotga mansub tashkilotlari hamda Kreml o’rtasidagi aloqalarni o’rgangan.
Uning aytishicha, sobiq sotsialistik Germaniyaning Shtazi maxfiy politsiyasi rus millatchi-siyosatshunos Aleksandr Dugin va Ukrainadagi ayirmachilarni moliya bilan ta’minlagan milliarder Konstantin Malofeyev kabilar bilan do’st.
Moskva anchadan buyon Germaniya siyosiy hayotiga ta’sir qilishga urinib keladi, deydi mutaxassis. “Bu Putin hokimiyatga kelganidan ko’p o’tmay boshlangan. U KGBning sobiq zobiti va haligacha KGB va Shtazi uslublarini qo’llaydi”.
Germaniyaning qator partiyalari Moskva bilan muayyan munosabatlarga ega. Ular orasida “Germaniya uchun muqobil yo’l” partiyasi va Germaniya Milliy-demokratik partiyasi bor.
Rossiyaga aloqador vebsaytlar ham ko’p, deydi Raytshuster.
Shunga qaramay, mutaxassis fikricha, Kremlning Germaniya ishlariga aralashishi ijobiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
“Pirovardida bu Germaniya yordam berishi mumkin, chunki biz bunday hujumlarda omon qolamiz, aksincha, nemislar orasidagi vatanparvarlik ruhi kuchayadi, erkinlikni ko’proq qadrlay boshlaymiz”, deydi u.