Breaking News

Rus diplomatlari firibgarlikda ayblanmoqda


AQSh prokurorlari 49 nafar rus diplomatni moliyaviy firibgarlikda ayblayapti. Gap ham amaldagi, ham sobiq diplomatlar ustida ketmoqda. BMTda ishlagan bu shaxslar o’z daromadlarini yashirib, AQSh hukumatining imtiyozli sog’liq sug’urtasini qo’lga kiritgani aytiladi.

Tergovchilarning aytishicha, diplomatlar va ularning oilalari AQShning kam ta’minlangan oilalar uchun mo’ljallangan “Medicaid” sog’liq sug’urtasi dasturidan 1,5 million dollarga teng yordam olgan.

Ularga nisbatan imtiyozlarni aldov yo'li bilan qo'lga kiritish va hukumat mablag’larini o’marish bo’yicha jinoyat ishi ochilgan.

“Reyters” axborot agentligi xabariga ko’ra, ayblanayotgan shaxslarning aksariyati AQShni allaqachon tark etgan. Amerikada yashaydigan oz qismi ham diplomat maqomiga ega. Qo'shma Shtatlar huquq-tartibot organlari ularni hibsga olishi uchun Rossiya bu fuqarolarni diplomatik immunitetdan ayirishi kerak.

Rossiyaning BMTdagi delegatsiyasi voqea bo’yicha izoh bergani yo’q.

Ayblov hujjatlariga ko’ra, BMTdagi Rossiya missiyasi bosh idorasi ayblanuvchilarga daromadini oz ko’rsatuvchi xat yozib bergan. Shuningdek, bunday xat Nyu-Yorkdagi Rossiya Federatsiyasi Bosh konsulligidan ham olingan.

Tergovchilar xulosasi -- o’zini qashshoq qilib ko’rsatgan bu rasmiylar dam olish uchun sayohatlarga borish, qimmatbaho do’konlarda xarid qilish kabi maqsadlar uchun o’n minglab dollar sarflagan.

Rus diplomatlarining aksariyati oilalari bilan Nyu-York shahrida yashashi aytiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG