Breaking News

Tahlilchilar: AQSh-Rossiya munosabatlari salbiylashgan


Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Barak Obama
Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Barak Obama
Prezident Barak Obamaning tashqi siyosatidagi muhim yo’nalishlardan biri Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilash bo’lishiga qaramay, haqiqat shuki, so’nggi oylarda ikki davlat aloqalari pastga qarab ketmoqda.

Sobiq prezident Jorj Bush ma’muriyatining so’nggi yillarida eng quyi nuqtaga tushgan Vashington-Moskva aloqalarini tiklash Barak Obama prezidentligining birinchi muddati davomidagi ustuvor vazifalardan biri bo’ldi.

To’rt yillik harakat samarasiz kechmadi. Strategik qurollarni nazorat qilishga qaratilgan eski bitim yangilandi, AQSh harbiylariga Rossiya hududi orqali Afg’onistonga o’tish va yuk tashishga ruxsat berildi, Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkilotida Eronga sanksiyalarni kuchaytirishga ovoz berib, Qo’shma Shtatlar olqishiga sazovor bo’ldi.

Biroq tahlilchilar nazarida, ikki tomonlama munosabatlar yana yomonlashib bormoqda.

Rossiya bo’yicha amerikalik ekspert Stiven Jounsning aytishicha, bunga Putinning uchinchi muddatga kelishi sabab.

Vladimir Putin o’tgan yil may oyida prezidentlikka qaytib, sobiq prezident Dmitriy Medvedev uning bosh vazirlik kursisini egallagan.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkiloti vakili Reychel Denber Putinni tanqidchilarini siquvga olganlikda ayblaydi.

"Rossiyada inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni 21 yildan beri kuzatib borayotgan bo’lsam, fuqarolik jamiyati hali bu qadar uyushgan tarzda ta’qibga olinmagan", - deydi Denber.

Ekspert nazarida, Putinga xayrixoh “Birlashgan Rossiya” partiyasi deputatlari hukmron parlament inson huquqlarini cheklovchi qator qonunlar qabul qildi. Xususan, deydi Reychel Denber, namoyishlar soni cheklandi, xoinlikning ta’rifi kengaytirildi, internet senzuraga uchrab, nodavlat tashkilotlar faoliyati ustidan nazorat kuchaytirildi.

Kreml, shuningdek, fuqarolik jamiyatlariga grantlar ajratib kelgan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligini Rossiyadan haydadi. Saylovlarda ovozlarni mustaqil ravishda hisoblaydigan “Golos” guruhi va inson huquqlari muammolari bilan shug’ullanuvchi “Memorial” tashkilotlari agentlikning moliyaviy yordami hisobiga ishlar edi.

Qo’shma Shtatlarda esa o’z navbatida Kongress Magnitskiy qonunini qabul qildi. 2009-yilda Rossiya qamog’ida vafot etgan huquqshunos nomiga qo’yilgan hujjat inson huquqlarini buzganlikda gumon qilingan rossiyalik mansabdor shaxslarning Amerikadagi moliyaviy faoliyatini cheklab, ularning bu mamlakatga kirishini man etishni ko’zda tutadi.

AQSh nazarida, Magnitskiy soliq tovlamachiligiga guvoh bo’lib, uni fosh etmoqchi bo’lgani uchun qamoqda qiynoqqa solingan. Ammo Rossiya adliyasi Magnitskiyni jinoyatga sherik deb hisoblaydi.

Kolumbiya universiteti professori Robert Legvoldning aytishicha, Moskva qarshi chora ko’rishga majbur bo’ldi.

Kreml nazarida, Qo’shma Shtatlar Rossiya fuqarolarini sudsiz aybdor topib, Rossiya ichki ishlariga aralashmoqda. Bunga javoban, deydi Legvold, parlament ko’pchilik ovoz bilan qonun qabul qilib, amerikaliklarga Rossiyadan bola boqib olishni taqiqlab qo’ydi.

Shundan so’ng Kreml AQSh bilan narkotiklar savdosi va jinoyatchilikka qarshi 10 yillik hamkorlikka chek qo’ydi. Qo’shma Shtatlar esa fuqarolik jamiyati masalalari bo’yicha ish yurituvchi qo’shma ishchi guruhdan chiqdi.

Legvold kabi ayrim tahlilchilar nazarida, Putinning fuqarolik jamiyatiga changal solishi ikki davlat munosabatlariga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.

"Sanab o’tilgan hech bir choralarning, ya’ni yadro qurollari tarqalishiga yo’l qo’ymaslik, Eron yadro dasturi, arab bahori, afg’on urushining asosiy mavzularga zarracha ahamiyati yo’q", - deydi olim.

Bunday sharoitda, deydi Legvold, ikki tomonlama munosabatlar rivojini bashorat qilish qiyin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG