Breaking News

AQShda Rossiya bilan bog'liq tergovda ilk ayblovlar va aybdorlar ma'lum


Tramp saylov shtabining sobiq rahbari Pol Manafort
Tramp saylov shtabining sobiq rahbari Pol Manafort

Rossiyaning AQShdagi saylovlarga aralashgani haqidagi da’volarni taftish qilayotgan maxsus prokuror ilk ayblovlarni olg’a surdi, ilk aybdorlar ham ma’lum.

Federal qidiruv byurosi sobiq direktori, tergovni boshqarayotgan Robert Myuller Rossiyaning so’nggi prezident saylovlariga aralashuvi va Tramp saylov shtabi bilan til biriktirgani haqidagi da’volarni so’nggi bir necha oydan beri taftish qilmoqda.

CNN telekompaniyasi sud hay’ati Myuller olg’a surgan ayblovlarni tasdiqlagani haqida juma kuni xabar berdi. Biroq Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristining aytishicha, hay’at barcha ma’lumotlarni sir saqlashi shart.

“CNN ga buni kim oshkor qilgani ma’lum bo’lsa, u jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin”, - deydi respublikachi gubernator.

Rossiyaga qarshi tergovning eng boshidan Tramp saylov shtabining sobiq rahbari Pol Manafort shubha ostida bo’lgan.

“Agar Pol Manafort ruslar bilan vositachilar orqali til biriktirib ish qilgan bo’lsa, ruslar Tramp saylov shtabiga uning raqibi Xillari Klinton haqida ma’lumot uzatib turgan bo’lsa, birinchi bo’lib Manafort hibsga olinadi. Yana kimlarga ayblov qo’yilishi mumkin? – deya so’raydi Vakillar palatasi Razvedka qo’mitasi a’zosi, demokrat kongressmen Adam Shiff.

Manafortga haqiqatan ayblov qo’yilgani bugun tasdiqlandi. U o’zini taslim qilish uchun FBRga borgan. Uning ko’p yillik biznes hamkori Rik Geyts ham sudga tortiladi. Har ikkisi hozir uy qamog'ida.

Manafortning Kiprda ro’yxatdan o’tgan kompaniyasi sharqiy yevropalik siyosatchilar va tadbirkorlardan pul olgani ma’lum. Yozda FBR agentlari uning uyini tintuv qilgan, o’ziga esa hibsga olinishi mumkinligi haqida ishora qilgan.

Manafort va Geyts AQShga qarshi fitnada, moliyaviy qalloblikda, soliqdan bo’yin tovlaganlikda va tergovchilarga yolg’on ma’lumot berganlikda ayblanmoqda.

Tramp tergovni jiddiy qabul qilmasligini, uning bir tomonlama ekanini, unga yaqin odamlarni ayblash uchun olib borilayotganini yana bir bor Twitter orqali bildirib, demokratlar unga qarshi asossiz ayblovlarni yaratishga qaratilgan loyihani moliyalagani haqida o’tgan hafta chiqqan xabarlarni eslatdi.

“Fikrimizni birinchi kundan o’zgartirganimiz yo’q. Rossiya bilan til biriktirgan biz emas, demokratlar, Klintonlar ekani ko’rinib turibdi”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders.

Kongressda bu borada o’tkazilgan alohida tergov va tinglovlar Rossiyaning xakerlik va yolg’on axborot tarqatish kampaniyasi saylov paytida Klintonga zarar qilganini ko’rsatdi.

Seshanba kuni Amerikadagi yirik ijtimoiy tarmoqlar rahbarlari Kongressda shu mavzuda qonunchilar savollariga javob beradi, bundan keyingi saylovlar paytida tarmoqlarni xorijiy aralashuvdan himoyalash uchun nima qilinayotgani haqida hisobot berishadi.

“Ijtimoiy tarmoqlarning ba’zilari bu tahdidni boshida jiddiy qabul qilmagani meni xavotirga soldi. Endi esa ular muammo mohiyatini tushunmoqda”, - deydi Senat Razvedka qo’mitasi a’zosi, demokrat Mark Uorner.

Kongressda tayyorlanayotgan yangi qonun loyihasiga ko’ra, Facebook va u kabi boshqa tarmoqlar bundan keyin siyosiy reklama buyurtmachilarining kimligini oshkor qilishga majbur bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG