Breaking News

Putin 65 ga to'lishi munosabati bilan Navalniydan "sovg'a"


Prezident Vladimir Putinning 65 yoshga to’lishi munosabati bilan Rossiya bo’ylab namoyishlar. Muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy prezident poygalarida ishtirok etsin, deya talab qilishmoqda.

Bayroq ko’tarib olgan, asosan talabalardan iborat yuzlab namoyishchilar Moskvaning Pushkinskaya maydonida “Rossiya bizmiz”, “Navalniy saylovda qatnashsin”, “Siyosiy mahbuslarni ozod eting”, deb ko’chalarga chiqdi.

Politsiya Qizil maydonga olib boradigan yo’llarni to’sib qo’ygan. Mustaqil kuzatuvchilarga ko’ra, 25 shaharda 270 kishi hibsga olingan. Sal avval Navalniyning o’zi ruxsatsiz namoyishlar o’tkazib kelayotgani uchun 20 kunlik qamoqqa hukm qilingan edi. Uning aytishicha, norozilik aksiyalari Putinning tug'ilgan kuniga "sovg'a" bo'ldi.

Hukumatga qarshi eng katta aksiya Sankt-Peterburgda bo’lib o’tdi.

“Bizni qanchalik aldashga, yo’limizni to’sishga harakat qilishmasin, ko’chaga chiqaveramiz. Bu hukumat odamlarni qo’rqitishni biladi, xolos. Lekin hozir axborot asri, ma’lumotni birinchi manbadan olamiz. Davlat bizni alday olmaydi”, - deydi Viktor.

“Hokimiyatdagilar uzoq o’tirib qoldi. Hech narsa o’zgarmayapti. Na ochiqlik bor, na adolat. Ertangi kunga ishonch yo’qolgan”, - deydi Lena.

Sankt-Peterburdagi namoyish politsiya tomonidan tarqatilgach, yuzlab odamlar Vosstaniye maydonida kuy-qo’shiqlar orqali noroziligini bildirishda davom etdi. Rossiya kuchli, lekin ozod mamlakat bo’lsin, deydi ular.

“Raqobat bo’lishi, rahbarlar almashib turishi demokratik jamiyat uchun muhim. Kuchli nomzodlar maydonga chiqsin”, - deydi Ksenya Merejinskaya.

Putin bosh vazir va prezident sifatida 1999-yildan beri hokimiyatda. Kelasi yilgi prezident saylovlarida uning nomzod bo’lishiga hech kim shubha qilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG