Moskvada minglab fuqaro namoyishga chiqib, hukumatni jinoiy yo'llar bilan boyigan elitaga tayangan holda xalq dardiga quloq solmayotganlikda aybladi. Namoyishchilar hibsga olindi.
Bugun Rossiya mas'uliyat va javobgarlik nima ekanini bilmaydi, deydi muxolifatchilar. Boylar korrupsiya asosida boyib bormoqda. Kambag'allar esa qanchalik mehnat qilmasin, korrupsiya sabab hayotini yaxshilay olmay azobda, deydi ular.
Hukumat sukutda. Oppozitsiya yetakchisi Aleksey Navalniy ruxsatsiz namoyish qilganlikda ayblanib, politsiya tomonidan olib ketilgan.
“Bu jiddiy qarshilik va jiddiy namoyish", - deydi Alina ismli talaba. "Biz fuqaro sifatida bugungi vaziyatdan norozimiz".
“Korrupsiyaga asoslangan jamiyatda va tuzumda yashashni xohlamayman", - deydi Maksim degan yigit. "Hukumat eshitsin bizni. Zo'ravonliksiz eshitsin. Kuch ishlatishni bas qilsin".
Xalq orasida norozilik kuchli, deya izohlaydi Pushkin maydoniga yig'ilgan namoyishchilar.
Oxirgi marta Moskvada 2011-12 yillarda keng ko'lamli namoyishlar o'tgan.
Shu oy Navalniy taqdim etgan hisobotda Bosh vazir Dmitriy Medvedev turli tashkilot va jamg'armalardan parda sifatida foydalanib, ancha boylik orttirganlikda ayblanadi. Medvedev hozirda o'nlab qasrlar, yaxta, bog' va boshqa turdagi mulklar egasi, deya ko'rsatiladi "YouTube" da 12 million marta tomosha qilingan tanqidiy videoda. Medvedev hech qanday munosabat bildirmagan.
Navalniy deydiki, Rossiyaning 99 shahrida namoyishlar o'tkazish rejalangan. 72 shahar hokimiyati ruxsat bermagan. Hukumatdan qo'rqishadi, deydi muxolifatchi.
Rossiya matbuoti bu chiqishlarni yoritmagan. "Tass" axborot agentligi Moskvada bir necha kishi ruxsatsiz namoyish qildi, deya qisqa xabar tarqatgan.
Navalniy kelasi yilgi prezident saylovlarida o'z nomzodini qo'ymoqchi. Norozilik kuchli ekan, fuqarolarning ovozi o'chmaydi, deydi u.