Rossiya rahbari Vladimir Putinning Tojikistonga tashrifi ortidan mahalliy jamoatchilik orasida respublika Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo’shiladi, degan umid ortgan. Putinni Dushanbega olib kelgan maqsadlardan biri ham shu edi.
Prezidentlar uchrashuvidan keyin o'zaro manfaatlar haqida memorandum chiqarilgan. Lekin bu kelishuv emas.
Ziyolilar Putinning tashrifiga katta umid bog’lamaydi. Tojik siyosatshunosi AbdujabborYoldoshev “katta o’ga” davrlari o’tib ketgan, Rossiya strategik hamkor sanalsa-da, milliy mustaqillikni qo’ldan bermaslik zarur, deydi.
"Rog’un GESi qurilishi uchun qanaqa nayranglarni ko’satishdi. Davlatimiz arboblariga pand berishdi. O’zbekiston bilan chap qilib qo’yishdi. Qirg’iziston bilan ham shunday qilishdi. Biz ularga qattiq ishonmasligimiz kerak. Ular endi bizga “katta og’a” bo’lolmaydi, strategik sohalarda ularga qaram bo’lib qolishimiz mumkin emas. Davlatimiz rahbariyati bekorga ham Yevrosiyo iqtisodiy tashkilotiga qo’shilish masalasini chuqur o’rganmayapti. Yetti o’lchab bir kesishimiz, milliy manfaatlarimizni himoya etishni bilishimiz zarur", - deydi Yo’ldoshev.
Farzandlari va turmush o’rtog’i Rossiyada ishlayotgan vrach Barchin Mirhaydarova sharoitdan kelib chiqib, Tojikistonning Rossiya bilan ittifoqini ma’qul ko’radi.
"Tojikistonning qariyb 90 foiz ishchi kuchi Rossiya ortidan kun ko’radi. Har oiladan bir kishi, ba’zilaridan esa 3-4 kishi Rossiyada kun ko’radi. Shularning ortidan Tojikiston kun ko’rmoqda, bo’lmasam, bu erda yashash qiyin",- deydi Mirhaydarova.
Tojikistonning bugungi hukumatiga muxolif turgan sobiq tadbirkorning aytishicha, ayrimlar Rossiya endi ilgarigidek ta’sir ko’satolmaydi, deb xulosaga kelishlari xato.
"Rossiya eskidan bizga juda katta ta’sir o’tkazib kelgan. Tojikiston, O’zbekiston unaqa qilolmaydi, bunaqa qilolmaydi demasinlar. Qozog’istonga nechog’lik ta’sirini to’la tasavvur qilolmayman, ammo Tojikiston va O’zbekistonga ularnng har qanday so’zi o’tishiga men aminman. Hali bizga Rossiyaning ta’siri juda katta", - deydi chet elda yashayotgan muxolifatchi.
Xo'jandda yashovchi o’zbek olimi Ilhom Yusupov Putin Tojikistonga nisbatan Rossiyadagi hozirgi nochor ahvoldan kelib chiqib ish yuritmoqda deydi. Uning fikricha, ruslarning Tojikistonda eng yirik harbiy bazasi joylashganligi masalaga oydinlik kiritishi mumkin.
"Hozir Rossiyaning sharoiti anchagina pastlashgan. Ular bu yerdagi bazasidan, kosmik nishonlar nazorati stansyasidan, qo’sni Afg’onistondan xavotirga tushishadi. Rusning Tojikistondagi imkoniyati katta. Putin Tojikistonni Yevrosiyo iqtisodiy tashkilotida ko’rishni istaydi. Biz hozir bunga tayyor emamiz. Negaki, bizning boshqa davlatlarga mol chiqaradigan salohiyatimiz yo’q. Shunday ekan, u tashkilot hozir bizning zararimizga, bizga qarshi ishlaydi. Oqibat bu yerda kichik korxonalar yo’q bo’lib ketishiga, o’z mamlakatimizda ish o’rinlarining yo’q bo’lib ketishiga imkoniyat yaratiladi. Yana Rossiya ustuvorligiga yo’l ochgan bo’lamiz. Masalan, oddiy arzon tovarlar bilan bu yerni to’ldirib, shu yerda ro’zg’orini tebratuvchi ish yuritayotgan mayda korxonalarni kasod etadi", - deydi Yusupov.
Ba'zilar esa qo’shni mamlakatlar orasidagi munosabatlarning iliqlashuvidan ruslar manfaatdor emas deb biladi. Ular fikricha, Rossiya hech qachon Tojikiston O‘zbekiston bilan yaxshi aloqada bo'lishini istamaydi.
"Shuning uchun O’zbekiston ham Tojikistonni qo’llashni istaydi. Tojikiston mustaqil tashqi siyosat yuritishi kerak. O’zbekiston Tojikiston bilan aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor. Shunga ham ba’zilar Putinning Dushanbega safari ortidan oradagi ixtiloflar qayta tug’ilmasa edi, deb hadiksirab turishibdi, hammasini biz keyinroq anglab olamiz", - deydi Yo’ldoshev.