Breaking News

Rossiyada sotqinlikka doir yangi qonun kuchga kirdi


Prezident Vladimir Putin
Prezident Vladimir Putin
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun sotqinlikka doir yangi qonunga imzo chekdi.

Bu bilan, deydi norozi tomonlar, mamlakatda endi har kimni vatan yoki xalq dushmani deb ayblash va qamoqqa tashlash mumkin.

Oldingi qonunlarda davlatni sotish deganda josuslik, boshqa davlatga yashirin yordam ko'rsatish va shu tariqa vatan xavfsizligiga raxna solish singari hollar nazarda tutilar edi.

Yangi qonunga binoan esa sotqinlik, yuqoridagi kabi jinoyatlar qatorida, xalqaro tashkilot yoki ma'lumot to'plovchi har qanday chet el muassasasiga ishlash demakdir.

Buning uchun eng og'ir jazo - 20 yillik qamoq.

Rossiyada yetuk huquqshunoslar, jumladan Konstitutsion sudning sobiq a'zolari ham bu hujjatni nomaqbul deb atab, fuqaro erkinliklarining ochiq cheklanishidir, deya izohlamoqda.

Inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilotlar, xususan "Human Rights Watch" nazarida Kreml qo'yayotgan qadamlar xalqni siquvga, fuqaroning har bir harakatini keskin nazorat ostiga olmoqda.

Rossiya bilan hamkorlikni oshirish niyatidagi Yevropa Ittifoqida Putinga nisbatan qarshilik kuchaygan.

So'nggi oylarda mamlakatda haqorat va internetga qo'yilayotgan materiallar nazorati to'g'risidagi yangi qonunlar qabul qilindi.

Shuningdek, nohukumat tashkilotlarga chet eldan mablag' olish hamda ommaviy chiqislar, norozilik namoyishlari qilish ham keskin cheklandi.

Savolga tutilganida, Kreml bu qonunlar jamoat xavfsizligini ta'minlash, tartib va tinchlikni saqlash uchun zarur deya javob beradi.

Siyosatdan norozi fuqarolar va huquq himoyachilari fikricha esa Putin muxolifatni, har qanday qarshilikni, shunday cheklovlar va repressiya orqali yengmoqchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG