Rossiyadagi mehnat muhojirlari orasida noqonuniy tarzda ushlab ketilayotganlar ko’p. Rossiyalik advokatlar ayniqsa muxolif kayfiyatdagi o’zbeklar o’g’irlanishi ehtimoli yuqori ekanini aytadi. Moskvadan o’g’irlab ketilgan rejissyor Mirsobir Hamidqoriyev Toshkentda qiynoqqa solinayotgani xususida ma’lumotlar mavjud.
Noqonuniy diniy guruhlarga aloqadorlikda ayblangan Hamidqoriyev, “O’t yuraklar” inson huquqlari tashkilotining aniqlashicha, “Toshturma”da saqlanmoqda. Yaqinlari deydiki, u advokat xizmatidan voz kechishga majbur qilingan.
Yaqinda Rossiyadagi faollardan biri Maqsud Abdujabborov ham maxsus xizmatlar tomonidan o’g’irlangani taxmin qilindi, keyinchalik uning rasman deportatsiya qilingani ma’lum bo’ldi. Masala mavhumligicha qolmoqda.
Rossiyada ishlayotgan o’zbeklarning bedarak yo’qolishi hollari tez-tez quloqqa chalinadi.
Moskvada advokat Illarion Vasilev Rossiyadan boshpana qidirgan Hamidqoriyevga himoyachilik qilgan. Vasilev Qozog’iston muxolifatiga qarashli 16/12 telekanaliga bergan intervyusida deydiki, Rossiyada uch yildan ko’proq ishlagan har bir o’zbekistonlik o’g’irlanish tahdidi ostida qolmoqda.
“Rossiyada uch yildan oshiq yashayotgan har qanday o’zbekistonlik maxsus ro’yxatga kiritilishi, to’qima ayblovlar bilan qidiruvga berilishi mumkin. Bu ro’yxatga asosan hukumatga qarshi gapirayotganlar, namozxonlar, aktivistlar bilan muloqotga kirishganlar kiritilishi mumkin. Bu haqdagi ma’lumotlarni yetkazuvchi ayg’oqchilar Rossiyada ham, muhojirlar orasida ham topiladi. Bu toifadagi odamlarning o’g’irlanishi turli vaziyatlarda amalga oshiriladi”, - deydi Vasilev.
Advokatning ta’kidlashicha, O’zbekiston tomonining asoslari to’qima, insonning bu tariqa o’g’irlanishi jinoyatdir.
“Xorij fuqarosi mamlakatda Rossiya fuqarosi kabi teng huquqqa ega. Advokat bilan ta’minlanishi kerak. Odamlarning o’g’irlanishi esa favqulodda og’ir jinoyat. Bor odam birdaniga g’o’yib bo’ladi, uning qayerdaligini hech kim bilmaydi. Rossiya huquq-tartibot organlari bunga panja ortidan qarashadi”, - deydi Vasilev.
Faollarga ko’ra, O’zbekiston va Rossiya siyosiy munosabatlari sovuqlashayotgani haqidagi qarashlardan qat’i nazar, maxsus xizmatlar yaqin hamkorlik qilishda davom etayapti.
Rossiyada ishlayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyevning qayd etishicha, O’zbekiston maxsus xizmati xodimlari Rossiyada bemalol harakat qiladi, o’g’irlash, tazyiq va tahdidlar ko’rsatishda biror qarshilikka uchrayotgani yo’q.
“Biz hukumatning qidiruviga ko’ra hibsga olingan fuqarolarni ne azoblar bilan ozodlikka olib chiqamiz, ular esa turmaning oldidan kelib yana o’g’irlab ketishadi”, - deydi u.
Qonunchilikka binoan O’zbekiston ham, Rossiya ham qidiruvga berilgan fuqarosini topshirishga haqli emas. Ammo o’zbeklar bilan bog’liq vaziyatda bu me’yorlar ishlamaydi.
Bahrom Hamroyevning kuzatishicha, O’zbekiston Rossiya fuqaroligini qabul qilgan o’zbeklarni nishonga olmoqda.
“Toshkentlik bir yigit fuqarolikni olgan, bolalari ham shu yerda tug’ilgan. Bir kafe ochaman deb harakat qilib yurgandi. Yaqinda uni O’zbekiston so’roviga ko’ra hibsga olishibdi. Men borib tegishli hujjatlarni ko’rsatib, dalillarni taqdim etib, olib chiqdim. Prokurorga ham aytdim, O’zbekiston tuzumini jinoyatiga sherik bo’lmanglar deb. Ular endi Rossiya fuqaroligini qabul qilgan o’zbeklarni qidiruvga bermoqda”, - deydi Hamroyev.
So’nggi paytda Rossiya fuqaroligiga kirayotgan o’zbeklar soni ortgan, ammo bu maqom ularni maxsus xizmat ta’qibidan asramaydi, deydi advokat Illarion Vasilev.
“Chunki O’zbekiston ularni hamon o’z fuqarosi deb hisoblaydi”, - deydi u.
O'zbekiston hukumati bu ishlar yuzasidan lom-mim demaydi. Rasmiylar savolga tutilganida qamoqqa olinganlar muayyan jinoyatlarda gumon qilingan shaxslar degan mujmal javob beradi.
Xalqaro qonunchilikka ko’ra, biror bir jinoyatda gumon qilingan shaxs qiynoqlar qo’llanishi ehtimoli mavjud davlatga qaytarilishi taqiqlanadi. O’zbekiston esa xalqaro sahnada qiynoqlar muntazam qo'llanadigan davlat sifatida e’tirof etiladi.