Breaking News

Rossiya Tojikistondagi bazasini qayta jihozlaydi


Rossiya va Tojikiston rahbarlari Dushanbeda, rus harbiy bazasini ko'zdan kechirayapti. 5-oktabr, 2012-yil.
Rossiya va Tojikiston rahbarlari Dushanbeda, rus harbiy bazasini ko'zdan kechirayapti. 5-oktabr, 2012-yil.
Tojikiston-Rossiya kelishuviga ko’ra, mamlakatda yana 40 yilga qoldirilgan rus harbiy bazasi keyingi yillarda modernizatsiya qilinib, uning salohiyati yanada oshiriladi. Bazaning qolish-qolmasligi ikki davlat o’rtasida ancha tortishuvga sabab bo’lgan edi. Shartnomani Tojikiston parlamenti shu yil kuzda ratifikatsiya qilgan. Obyektni qayta jihozlash rejada.

Rossiya Tojikistondagi bazasini qayta jihozlaydi/Ravshan Shams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:52 0:00
Yuklab oling

Sho’rolar davrida Afg’oniston bilan chegarani qo’riqlagan 201-diviziya hozir Rossiyaning chet eldagi eng yirik harbiy bazasi hisoblanadi. Respublikada, shuningdek, ruslarning “Okno” - “Deraza” deb ataluvchi kosmik nazorat stansiyasi bor. Mahalliy ekspertlarga ko’ra, bular Rossiyaga nafaqat Markaziy Osiyo, balki Hind okeanigacha bo’lgan masofani nazorat qilib turishga, ta’sir doirasida ushlab turishga imkon yaratadi.

Tojik eksperti Abdujabbor Yo’ldoshev bazaning qayta jihozlanishi regionda salohiyatni kuchaytirishga intilishdan darak beradi, deydi. Uning fikkricha, Rossiya Markaziy Osiyoni qo’ldan bermaslik siyosatini olib bormoqda.

“Tojikistondagi bazani kuchaytirish, zamonaviy qurollar bilan jihozlash, bu yerda o’qitish va mashg’ulotlar o’tkazishni zamonaviy uslubga yetkazish tadbirlari faqat bir narsani ko’zlaydi: birinchi galda, qulay geostrategik plasdarmni qo’ldan bermaslik bo’lsa, ikkinchidan, Afg’onistondan G’arb kuchlari chiqqanidan so’ng janubiy chegaraga kutilgan xavf-xatar oldini olish”, - deydi u.

Mahalliy tahlilchining fikricha, yana bir sabab, ruslarning Tojikiston lideri olib borayotgan tashqi siyosatga shubha bilan qarashi bo’lishi mumkin.

Rossiya hukumat doiralarida Emomali Rahmon G’arbga moyillik siyosatini tutmoqda, degan aqida hukmron bo’lmoqda, baza yana 40 yilgacha qolar ekan, bu yerda zamonaviy radio-elektron qurilmalar, nazorat qilish salohiyatini oshiruvchi ham insoniy, ham texnik resurslar kuchayadi, deydi tojik eksperti.

Rus tahlilchisi, Moskva Oliy iqtisod maktabi o’qituvchisi Andrey Suzdalsev Tojikistondagi siyosiy vaziyatga baho berarkan, mamlakatning ba'zi rayonlarida haligacha markaziy hukumat nazorati to’la o’rnatilmaganini qayd etib, rus harbiy salohiyatini yanada kuchaytirishga sha'ma qiladi. Uning fikricha, agar Afg’onistonda yirik siyosiy-harbiy o’zgarishlar bo’lib qolsa, undan ta’sirlangan va amaliy kuch ham oluvchi Tojikistondagi ichki oppozitsiya, albattа, bo’y ko’rsatishi shubhasiz. Afg’onistondagi qarama-qarshi kuchlar o’zlari bilan ovora bo’lsalar-da, biz hamma narsaga tayor bo’lishimiz zarur, deydi Suzdalsev.

“Albatta, Tojikiston sharoitni yaxshilash uchun qandaydir o’z amaliy harakatlarini qiladi, buni tushunamiz. Lekin bu kichik va kuchsiz armiyasi bo’lgan, bir talay ijtimoiy-iqtisodiy ichki muammolarga to’la ojiz davlat. Shunday ekan, ko’rinishicha bunda biz o’zimiz eplashimiz kerak. Biz ularga, ya’ni Tojikistonga tayanmasligimiz kerak, ularga tayansak umidlarimiz barbod bo’ladi”, - deydi u.

Moskva ekspertiga ko’ra, Tojikistondagi rus harbiy bazasi zamon talabiga mos bo’lmay, kezi kelganda Dushanbe bilan maslahatlashgan holda uni yanada kuchaytirish zarur.

Mahalliy bir zobitning fikricha, aksincha mumkin qadar rus bazasidan xalos bo'lgan maqbul. Bu baza Tojikiston xalqiga emas, mavjud tuzum va sistemaga kerak, menga qolsa oson bo’lmasa ham, ularni uzog’i bilan 5-10 yilda chiqartirib yuborar edim, deydi u.

Ekspert Yo’ldoshev Rossiya hukumati mintaqada ta’sir doirasini kengaytirishda Tojikiston bilan chegaralanib qolmaydi, bundan Xitoy ham manfaatdor deydi.

“Rossiya yana istaydiki, Qirg’izistonning O'sh viloyatida yana bir bazani joylashtirsa va Xitoy ham bu masalada betaraf emas, ular ham Markaziy Osiyo o’z nazoratida bo’lishini istashadi. Hududining shimoli-g’arbida, uyg’urlar o’lkasida potensial nizo o’chog’iga ega Xitoy Rossiyaning mintaqada harbiy salohiyati oshishida o’ziga xos bir bufer zonani ko’radi. Ba'zi xitoylik ekspertlar fikricha, Rossiyaning Farg’ona vodiysida askar saqlashi Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida ekstremistik harakatlar oldini oluvchi omil bo’lishi mumkin, u yerda yashirin norozilk ancha baland”, - deydi u.

Tojikiston mustaqil matbuotida damba-dam rus harbiy bazalariga qarshi qaratilgan turkum maqolalar paydo bo’ladi. Kuzatuvchilar so'zlariga ko’ra, bularning barchasi uyushtirilgan holda, ayrim kuchlarning manfaati uchun tayyorlanadi-yu, ular istagan hosilni bermaydi.
XS
SM
MD
LG