Breaking News

"Markaziy Osiyoga texnologiya, muhandislik bo'yicha mutaxassislar kerak"


Texnik tajriba almashish bo’yicha xalqaro dastur vakili doktor Pulat Pulatov
Texnik tajriba almashish bo’yicha xalqaro dastur vakili doktor Pulat Pulatov
Markaziy Osiyoda texnik fanlarni o’qitish oqsaydi, bolalarning bilimi yil-sayin sayozlashib borayapti. Aniq fanlar hamon erkaklar dunyosi sanaladi, deydi tojikistonlik ekspert, Texnik tajriba almashish bo’yicha xalqaro dastur vakili doktor Pulat Pulatov.

Xalqaro almashinuv loyihasi haqida professor Pulat Pulatov bilan suhbat/Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:34 0:00
Yuklab oling

Interview with Gina Del Tito, program manager, IAESTE United States
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:13 0:00
Yuklab oling

“Amerika Ovozi”: Siz, mana 20 yildirki, Texnik tajriba almashish bo’yicha xalqaro dasturning (The International Association for the Exchange of Students for Technical Experience) Tojikistondagi idorasini boshqarayapsiz. Dastur mamlakatda 20 yillik yubileyni nishonlayapti. O’zbekistonda 10 yildan beri bor. Qozog’istonda bo’lim bor. Qirg’iziston va Turkmanistonda hali ofis ochilmagan. Markaziy Osiyo davlatlari orasida dastur aynan Tojikistonda muvaffaqiyat qozonishining sababi nimada?

Pulat Pulatov: “Avvalo, hukumat qo’llab-quvvatlovi. Oldimizdagi maqsad pul ishlash emas. Biz notijorat, nohukumat tashkilotimiz. Biroq hukumatning yordami nihoyatda muhim. Ham siyosiy jihatdan dalda beradi rasmiylar, ham hujjatlarni taxlash, chet ellik talabani taklif qilish, uni ro’yxatdan o’tkazish, xullas, tashqi ishlar vazirligi, konsullikdan ruxsat olish kabi masalalarda ish silliq kechadi. Qozog’istonda ham idoramiz yomon ishlamayapti. Qirg’izistonning Bishkek, O’sh shaharlarida ham ofis ochmoqchi edik, hozircha buning iloji bo’lmayapti. Chunki bu qirg’izistonlik yoshlar uchun dunyoni, jahon texnologiyasini ko’rish uchun noyob imkoniyat. Markaziy Osiyoda rivojlanish ketayapti deb qanchalik maqtamaylik, jihozlar, ta’minot nuqtai nazaridan oliy o’quv yurtlarimiz AQSh, Yevropadan ancha orqada, ayniqsa, muhandislik, texnika kabi sohalarda”.

“Amerika Ovozi”:
O’z vaqtida Toshkentdagi idorani ochishga yordam bergansiz. Bugun bo’linma qanday ishlayapti? Avvalroq Toshkentdagi ofis zaif deb aytgan edingiz. Buning sababi nimada? Vaziyatni yaxshilash uchun nima qilish mumkin?

Pulat Pulatov: “Toshkentdagi idora haqiqatan sust. Bu yil hatto yirik konferensiyamizda qatnasha olishmadi. Aynan shu anjumanda chet ellik hamkorlar bilan axborot almashinadi. Tadbirda ishtirok etmagandan keyin ma’lumot ham almashilmaydi. Bu esa chetda tajriba oshirishi mumkin bo’lgan o’zbekistonlik talabalar soniga ham ta’sir qiladi. Amaliyot odatda ikki oydan bir yilgacha cho’zilishi mumkin. Lekin Tojikiston bilan taqqoslaganda O’zbekistonning salohiyati yuqori, ham sanoat bobida, ham studentlar uchun resurslar bobida. O’zbekiston aholisi bizdan to’rt bor ko’p, ammo bu davlat Tojikistondan besh bora kam talaba almashadi. O’zbekiston oliy o’quv yurtlarini jalb qilsa bo’ladi, mamlakatda juda yaxshi institutlar bor. Yosh olimlar, aspirantlarni jalb qilsa bo’ladi. Chunki bu programma mamlakatda texnik intelligensiyani shakllantiradi. Uch-to’rt yildan buyon Afg’onistonni ham shu loyihaga qabul qilishga harakat qilayapmiz. Hirot Universitetiga chiqdik, Mozori Sharif bilan ishladik. Takrorlab aytaman, bu ishni faqat jamoat tashkilotlari yoki xususiy shaxslarga topshirib qo’ymaslik kerak. Hukumatlarning qo’llab-quvvatlovi g’oyat zarur, hamma tomonlama. Masalan, Serbiyada bu loyihani hukumat moliyalaydi. Germaniyada va Britaniyada ham hukumat qo’llab-quvvatloviga tayanadi”.

“Amerika Ovozi”: Toshkentdagi idora bilan tez-tez bog’lanasizmi? Muammolar bormi?

Pulat Pulatov: “Men IAESTE ning Osiyo forumiga raislik qilaman. Ya’ni Osiyo mintaqasi uchun mas’ulman. Toshkentdagi ofis boshlig’i bilan gaplashdim. Yaqinda Belfastdagi an’anaviy konferensiya oldidan ham telefonlashdik. Avvaliga O’zbekistondan kimni jo’natish – idora boshlig’inimi yoki uning qizini yuborish masalasida hech bir to’xtamga kelisholmadi. Oxiri vizani vaqtida olishmadi. Ajoyib insonlar, biroq ular bu oilaviy biznes emas, jamoat tashkiloti ekanini tan olishi kerak. Aktivroq, ochiqroq bo’lish kerak, shunda ish joyiga tushib ketadi”.

“Amerika Ovozi”: O’z vaqtida Dushanbeda universitet rektori bo’lib faoliyat ko’rsatgansiz. Mintaqani, mehnat bozorini yaxshi bilasiz. Qaysi kasblar eng ommabop? Region yoshlari qanday fikrlaydi? Qiz-yigitlar kasbni qanday tanlayapti?

Pulat Pulatov: “Tojikistonda Texnologik Universitetda 10 yil rektor bo’lib ishladim. 1990-yillar boshida ochgan edik bu ta’lim dargohini. Uning vazifasi injener kadrlarni, yengil, oziq-ovqat sanoati, axborot texnologiyasi sohalarida mutaxassislarni tayyorlab berish. Sovet ittifoqi qulaganidan keyin rusiyzabon kadrlar mamlakatni tark eta boshladi, holbuki, texnologlarning aksariyati ruslar edi. O’shanda hukumat qarori bilan mana shu sohalar bo’yicha o’qitadigan ta’lim dargohi ochilgan edi. Menimcha, Markaziy Osiyo, ayniqsa, Tojikiston va O’zbekiston qishloq xo’jaligiga asoslangan mamlakatlar bo’lgani uchun go’sht, murabbo, muzlatilgan meva-cheva kabi mahsulotni chetdan emas, o’zimiz yetishtirsak va xorijga sotsak, ma’qul bo’lar edi. Ya’ni oziq-ovqat yetkazish texnologiyasini rivojlantirish kerak. Bundan tashqari, yengil sanoatda, O’zbekiston va Tojikiston tayyor mahsulotni emas, balki xomashyoni sotib o’rganganmiz. Masalan, paxta sanoati boshdan oxirigacha shu davlatlarda amalga oshishi mumkin, ham Qirg’iziston, ham Qozog’istonda, ham Turkmanistonda. Ya’ni xomashyoga ishlov berib, tovarni ishlab chiqarishga qodirmiz aslida. Afsus, hozircha, asosan, xomashyo eksport qilinmoqda. Shu bois texnologlar, injenerlar lozim, aynan shu sohalarni rivojlantirish uchun. Shuningdek, axborot texnologiyasini unutmaylik. Kelajak ana shu sohaga bog’liq, biz esa ancha orqadamiz bu masalada. Deylik, Dushanbe bozorlarida hali ham kredit kartochkalaridan foydalanish imkoni cheklangan. Internet xizmatlari hali talab dajarasida emas. Holbuki, qarang, Amerikada iqtisodiy ahvol og’ir bir sharoitda kompyuter bo’yicha mutaxassislarga hamon talab katta va ular ishsiz qolayotgani yo’q. Markaziy Osiyodagi yoshlarimiz shuni uqib, informatsion texnologiya sohasiga mahkam kirishishi kerak deb hisoblayman. Bu ko’nikma, bilim bilan siz xalqaro bozorda hamisha yutib ketasiz”.

“Amerika Ovozi”: Yo’l xarajati va boshqa sarfiyatlarni kim qoplaydi?

Pulat Pulatov: “88 davlat qatnashayotgan bo’lsa, bari bir qoidaga amal qiladi. Talabaga amaliyot taklif qilgan tomon stipendiyani ta’minlab berishi lozim. Bu pul turar-joy, yegulik va mahalliy transport sarfiyatlari uchun yetarli bo’lishi shart. Talaba faqat yo’l xarajatini qoplaydi. Masalan, Germaniyada oyiga 650 yevro to’lashadi. Amerikada taxminan 1400 dollar, Tailandda 140 dollar berishadi. Tojikistonda esa studentlarni ko’pincha oilalarga joylaymiz. Fuqarolik urushi yillarida aksariyat yotoqxonalar vayron bo’lgani bois hozir shunday. Oylik stipendiyasi Tojikistonda 140-400 dollar orasida, qaysi tashkilot yoki universitetda amaliyot o’tayotganiga qarab”.

“Amerika Ovozi”: Dasturda qatnashgan talabalar orasida qaytmaganlar, xorijda qolishni afzal topganlar necha foizni tashkil etadi?

Pulat Pulatov: “Esimda, (Tojikistonda Texnologik Universitetdan) rektorlikdan ketganimdan keyin o’rnimga kelgan odam meni chet el maxfiy xizmatlari uchun mutaxassis tayyorlab berganlikda ayblagan. Shunda raqamlar bilan isbotlab berganman – 21 yillik tajribamda biror talaba xorijiy amaliyotdan keyin chet elda qolib ketmadi, hammasi qaytgan. Ular praktikani tugatib, uyga qaytadi-da, o’qishni tamomlaydi. Undan keyin chet ellik ish beruvchiga ma’qul kelgan bo’lsa, ishlash uchun taklif oladi”.

“Amerika Ovozi”: Ishtirokchilar orasida qizlar necha foizni tashkil etadi? Aniq fanlar, texnika sohasi baribir erkaklar dunyosi, degan tasavvur hukmron mintaqada…

Pulat Pulatov: “Qo’shilaman fikringizga. Ayniqsa, Markaziy Osiyoda texnologiya hamisha erkaklar ishi sanalgan. Lekin texnik ta’lim maskanlarida o’qiyotgan qizlar soni yildan-yilga oshib borayapti. Hozir statistikaga qarasak, Finlyandiya, Norvegiya kabi davlatlarda xalqaro almashinuv dasturida qatnashayotgan qizlar soni Markaziy Osiyo bilan qiyoslaganda ko’proq. Sabab juda oddiy – bizning qizlarni tezroq erga berib qutulishga harakat qilishadi. Programmamizda qatnashayotgan talabalar uch, to’rt, beshinchi kurslarda o’qishadi. Ikkinchidan, qizlarni gumanitar kasblarga berishadi”.

“Amerika Ovozi”: Hujjatlarni ko’rib chiqish, studentlarni saralash jarayoni qanchalik shaffof? Bosh idora bo’linmalardagi jarayonni kuzatadimi? Nazorat bormi?

Pulat Pulatov: “IAESTE tashkilotining ombudsmani bor va talaba qandaydir shikoyati bo’lsa, bemalol murojaat qilishi mumkin. Hujjatlarni topshirishga kelsak, Tojikistonda qabul matbuotda e’lon qilinadi, barcha universitetlarda sentabr boshida e’lonlar osib qo’yiladi. Gumanitar sohada o’qiyotgan bolalar juda ko’p hujjat topshiradi, afsuski, biz bu yo’nalishlarda amaliyot taklif qilmaymiz. Bir oy ichida bolalar rezyumelarini topshiradi va saralab olingan nomzodlar oktabrda ingliz tilidan imtihon topshiradi va suhbatdan o’tadi. Shundan so’ng, studentlar haqida ma’lumot to’planib, qatnashchi davlatlarga xabar beriladi – shuncha student bor va ular shu-shu yo’nalishda praktika o’tamoqchi. Yanvarda ishtirokchi mamlakatlar yig’ilib, axborot almashadi va davlatlar bir-biriga qancha o’rin taklif qilishi ayon bo’ladi. O’zbekiston haqida biror nima deyishim qiyin. Ammo Tojikiston haqida aytishim mumkin, talabalar soni mavjud o’rinlardan doim kam bo’lib chiqadi. Chunki hozir savodli, o’tkir studentlar kam. Bilimi past, ular ingliz tili imtihonlaridan, o’z sohasi bo’yicha sinovdan o’tolmaydi. Masalan, kompyuter yo’nalishida o’qiyotgan beshinchi kurs talabasi suhbatdan o’tayapti. Uni internetda, Skype orqali sinayotgan esa xorijiy firma yoki universitetning vakili-ku! Bola elementar savollarga javob bera olmaydi. Achinarlisi, har yili 10-15 joyni qo’ldan boy beramiz. Tojikistonda muhandislik bo’yicha mutaxassislar tayyorlash darajasi davr talabiga mutlaqo mos kelmaydi. Ingliz tilini binoyiday bilsa ham, talaba o’z sohasidan ham xabari bo’lishi kerak”.

“Amerika Ovozi”: Bu muammoni qanday hal qilish mumkin?

Pulat Pulatov: “Oliy ta’lim muassasalarida o’qituvchi kadrlar, professorlar yetishmasligi bilan bog’liq muammo bu. Ikkinchidan, o’quv qo’llanmalari, adabiyotlar yetishmaydi. Sovetlar davrida darsliklar ta’minoti yaxshi yo’lga qo’yilgan edi. Bugun esa tojik tilida muhandislik bo’yicha sifatli darslik yozib bera oladigan kadrlarni topish juda mushkul”.

“Amerika Ovozi”: Suhbat uchun katta rahmat.

XS
SM
MD
LG