Breaking News

Hamshiralik obro'li kasb, lekin ishsizlar ko'p


Amerika mehnat bozorida/Jobs for nurses
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00

Amerika mehnat bozorida/Jobs for nurses

AQShda hamshiralik obro’li kasb, maoshlar ham yaxshi. Biroq hozir soha mutaxassislariga ham qiyin - kasbni egallab, o’quv dargohlarini bitirganlar ish topolmay ovora. Ekspertlarning aytishicha esa, bu vaqtincha holat, ular baribir ishli-joyli bo’ladi.

“Men ish izlab 35 joyga ariza yozdim. Universitetni a’lo baholar bilan bitiryapman. Ammo ish topolganimcha yo’q. Juda tashvishdaman”.

Merilend Universiteti talabasi Aleksandra Bauernshub hamshiralik bo’yicha magistraturani bitirish arafasida. O’qish davomida nafaqat darslarga qatnagan, balki bemorlarni davolash amaliyotini o’tab, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashni puxta o’rgangan. Hamshiralik kasbini egallagan bitiruvchilarning aksariyati ish topishda qiynaladi. Bakalavr darajasini olganlarga osonroq, deydi magistr ayol.

Bu sohada ish joylari kam, chunki iqtisodiy inqiroz sababli hozir yoshi 50-60 larda bo’lgan hamshiralar nafaqaga chiqmay, ishlashni afzal ko’rmoqda. Iqtisodiy krizis natijasida ko’rgan zararini qoplamoqchi ular.

Jeyn Kirshling Merilend universitetining hamshiralik fakulteti dekani:

“Iqtisodiy inqiroz oqibatida ko’plar pensiyaga chiqmay, ishlashni davom ettirdi. Vaholanki, biz ish joylari ko’payishini o’ylab, talabalar sonini oshirgan edik. Hamshiralarga talab oshganini inobatga olgan edik-da”.

Ikkinchi jahon urushidan keyin tug’ilganlarning nafaqaga chiqish vaqti yaqinlashayapti. Bu juda katta qatlam. Shunday ekan, Qo’shma Shtatlarda tibbiyot sohasida ishlayman deganlar soni ham mos ravishda oshdi. Bu orada, yuz minglab hamshiralarning pensiyaga chiqishi kutilmoqda. Demak, ish joylari bo’shatiladi.

Ayni vaqtda sog’liqni saqlash sohasidagi o’zgarishlar, xususan, millionlab fuqarolar tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun imkon yaralgani kasbga bo’lgan talabni ham oshirdi.

Mutaxassislar deydiki, mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat yaxshilansa, keksa hamshiralar pensiyaga chiqishga qarshilik qilmaydi. Bir tadqiqotga ko’ra, ishsizlar soni kamaysa, hamshiralar uchun o’n minglab yangi ish joylari bo’shaydi. Iqtisodiy tahlilchi Devid Auerbax:

‘Ishsizlik bir foizga pasaysa, hamshiralar uchun 30 mingta yangi ish joyi ochiladi. Hozirda ishsizlik 7,6 foizga teng. Demak, agar bu ko’rsatkich 5,5 foizgacha kamaysa, 60 ming nafar hamshira ish topadi”.

Hozirgi qiyinchiliklarga qaramay, hamshiralik zo’r kasb, deydi ta’lim maskani dekani Jeyn Kirshling:

“Ko’p o’tmay, ular uchun juda katta imkoniyatlar ochiladi. Bugun, afsuski, vaziyat shundayki, iqtisod og’ir ahvolda, keksalar pensiyaga chiqishga shoshilmayapti. Lekin bu vaqtincha holat”.

Bu o’rtada, kollej va universitetlar bitiruvchilariga qiyin. Ular ish topolmay sarson. O’qish uchun olgan minglab dollar kreditlartni qaytarish ular uchun eng katta muammo.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG