Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 55-kun. Donbass uchun janglar boshlandi


Rossiya qurolli kuchlari Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasida ko’pdan beri kutilgan hujumini boshladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.

Xalqaro hayot - 19-aprel, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:38 0:00

"Ushbu amaliyotning navbatdagi bosqichi boshlanyapti va aminmanki, bu mana shu maxsus amaliyotning eng muhim qismi bo’ladi”, - dedi u “India Today” muxbiriga bergan intervyusida.

Rossiya Mudofaa vazirligi tunda Ukrainada 1260 ta nishonga zarba berilganini bildirdi.

"Donetskda Ukrainaga qarashli “MiG-29” samolyoti, ikkita raketasi, to’rtta droni urib tushirildi, turli manzillarda dushman askarlari va qurollari joylashgan 53 ta joy nishonga olindi, “Tochka-U’ raketalari uchun kallakchalar saqlanuvchi ikkita ombor vayron qilindi”, - dedi vazirlik so’zlovchisi Igor Konashenkov.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Donbass uchun yirik jang boshlanganini tasdiqladi.

"Rossiya armiyasi Ukrainaga raketalarini yog’diryapti. Biroq sanksiyalarga yuz tutgan Rossiya uchun raketa zaxiralarini to’ldirish o’ta qiyin bo’ladi. Importsiz buning iloji yo’q. Ayniqsa sanksiyalarni aylanib o’tishga imkon beruvchi teshiklar yopilganidan so’ng Rossiya raketa salohiyatini tiklab ololmaydi, bu esa Rossiyani o’zini demilitarizatsiya qilishiga olib keladi”, - dedi Zelenskiy.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi vakili Oleksandr Shtupunning aytishicha, harbiylar rus armiyasining Donetsk va Lugansk viloyatlarida 7 ta hujumini qaytarishga, 10 ta tankini, 18 ta zirhli texnikasini va bir artilleriya tizimini yo’q qilishga muvaffaq bo’lgan.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguga ko’ra, AQSh va G’arb davlatlari Ukrainani qurol bilan ta’minlash orqali mojaroning cho’zilishiga hissa qo’shmoqda.

Yevropa Komissiyasi so’zlovchisi Piter Stano Shoygu da’vosini inkor etarkan, qurollar Ukrainaga o’zini himoya qilish uchun berilayotganini aytdi.

“Ukraina xalqiga, Yevropa Ittifoqiga qarshi noqonuniy bosqinning cho’zilmasligi Rossiyaning o’ziga havola. Rossiya urushni to’xtatmas ekan, Yevropa Ittifoqi Ukrainani iqtisodiy, moliyaviy va harbiy tomondan qo’llab-quvvatlashda davom etadi”, - dedi u.

Yevropa Komissiyasi ayni damda Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni muhokama qilmoqda.

Oq uy ham bu masalada chetda turgani yo’q. Ayrim xabarlarga ko’ra, AQSh Rossiya harbiy sanoatiga cheklovlar qo’ymoqchi.

“Bungacha joriy etilgan sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotining haqiqiy sektorlariga salbiy ta’sir qilmoqda, yaqin kunlarda qo’shimcha sanksiyalar qo’yiladi”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin nazarida esa, Rossiya iqtisodiyotini tez parchalash siyosati mag’lubiyatga uchradi, Rossiya misli ko’rilmagan bosimga dosh berdi, rubl qiymati urushdan oldingi darajaga qaytdi.

“Sanksiya mualliflarining o’zi suvdan quruq chiqmadi. AQSh va Yevropada yuqorilayotgan inflyatsiya, ishsizlik, iqtisodiy taraqqiyotning yomonlashishini ko’ryapmiz. Yevropaliklar turmush tarzining tushib ketayotganiga, omonatlarining qadrsizlanayotganiga guvoh bo’lyapti”, - dedi Putin.

Bu o’rtada Rossiya qurolli kuchlari Mariupoldagi po’lat zavodida joylashgan ukrainalik harbiylarga hujumlarni kuchaytirgan. Rossiya natsistlar deb biluvchi “Azov” milliy polki tarqatgan videoda aytilishicha, “Azovstal” zavodida yuzlab tinch aholi, jumladan bolalar ham bor.

Rossiya Mudofaa vazirligi “azov”chilarni aholidan jonli qalqon sifatida foydalanayotganlikda ayblar ekan, oddiy odamlarni zavoddan chiqarish uchun va jangchilarga taslim bo’lishga imkon berish uchun bir necha bor sulh e’lon qilib, gumanitar korridor ochilganini, biroq millatchilar aholini korxonadan chiqarmayotganini da’vo qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG