Breaking News

Saudiya Arabistoni xorijiy ishchilarni kamaytiradi


Neft savdosidan yetarli daromad ololmayotgan Saudiya Arabistonida bu yili byudjet kamomadi 87 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Mamlakatda ishsizlik sur'ati baland.

Iqtisodiy reformalarga kirishayotgan hukumat xorijiy ishchilarni kamaytirib, o'z fuqarolari uchun imkoniyatlarni kengaytirish payiga tushgan.

Riyoddagi bozorlardan birida savdo qilayotgan 28 yoshli yigit ikki oy ilgari Yamandan qochib kelgan. Saudiya Arabistoniga emas, aslida AQSh yoki Shvetsiyaga ketmoqchi edim, deydi Zakariyo.

Ammo imkoniyat uni shu yerga yetakladi. "Yamanda urush. Tinch-osoyishta yurtda esa hayot yaxshiroq", - deydi u.

Tahlilchilarga ko'ra, Saudiya Arabistonida hozir iqtisodiy xavfsizlik ustuvor masala. Neft bahosi so'nggi 1,5 yilda 70 foizga tushib ketdi. Mamlakat bu mahsulotga ham, xorijiy ishchilarga ham tobelikdan qutulishi kerak, deydi mahalliy jurnalist Jamol Xashogi.

"Tashqaridan keladigan ishchi kuchiga shu qadar o'rganib qolganmizki, bu masalani hal qilmasdan turib mehnat bozorini tuzatib bo'lmaydi. Saudiyaliklarning o'zi ishsiz, malakasiz", - deydi jurnalist.

Qirollikda past maosh to'lanadigan qora ishlarga muhojirlar yollanadi. Ularning soni taxminan 10 million. So'nggi paytlarda mahalliy korxonalar Saudiya fuqarolarini ko'proq yollayotgani sabab ish o'rinlari uchun raqobat kuchaygan.

Mamlakatda ishchilarning qariyb 35 foizi chet davlatlardan, jumladan, Hindiston, Pokiston, Misr, Yaman, Bangladesh va Filippindan.

"Bu insonlar eng past maoshga ham ishlayveradi. Taksichi yoki avtomexanik bo'lishga rozi saudiyaliklarni topish qiyin", - deydi Jamol Xashogi.

Ammo amaldagi tizim o'zgarishi kerak, iqtisodiy vaziyat shuni talab qilmoqda. Xorijiy ishchilarning viza muddatini cheklash, mahalliy aholi uchun malaka oshirish dasturlarini ko'paytirish takliflari ko'rib chiqilmoqda.

"Albatta, fundamental o'zgarishlar uchun 10-15 yil vaqt kerak", - deydi Tashqi ishlar vazirligi xodimi Hamdan al-Shehri.

Bu insonlar eng past maoshga ham ishlayveradi. Taksichi yoki avtomexanik bo'lishga rozi saudiyaliklarni topish qiyin.

Saudiya Arabistoni banklari bilan yaqindan ishlaydigan moliyachi Jon Sfakianakisga ko'ra, bu mamlakat iqtisodiyotining 70 foizi neft daromadiga tayanadi. Uning aytishicha, qirollik asosiy daromadidan ayrilganini aslida imkoniyat deb ko'rish lozim, chunki hukumat islohotlar boshlashga majbur.

"O'nlab yillardan buyon davom etayotgan subsidiyalar kesiladi. Diniy turizm, konchilik va transport sohalarini rivojlantirish fursati yetdi", - deydi iqtisodchi.

Qirollik neftsiz kelajak haqida ilgari o'ylanmagan. Diversifikatsiya jarayoni boshlansa, ishchilar malakasini oshirish haqida ham o'ylash kerak.

"Hozir novvoy va sartaroshlarning hammasi xorijlik. Ular mamlakatdan haydalsa, bu ishlarni kim bajaradi", - deb so'raydi Sfakianakis.

Muhojirlarning ham hech qayoqqa ketish niyati yo'q. Chunki qo'shni mamlakatlarning ko'pisida urush, terrorizm va qashshoqlik hukmron.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG