Breaking News

AQSh Saudiya Arabistonini do'stligimiz mustahkam deya ishontirdi


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri shu hafta Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, ikki davlat orasidagi do’stlik rishtalari mustahkam ekanini ta’kidladi.

"Eron bilan imzolangan xalqaro kelishuv Riyod bilan munosabatlarimizga ta’sir ko’rsatmaydi", - deydi vazir.

Kelishuv doirasida Eron iqtisodiy sanksiyalardan xoli bo’lib, xorijiy banklarda muzlatilgan milliardlab dollar pulini ishlatish imkoniga ega bo'ldi. Shuningdek, Tehron AQSh bilan mahbus almashdi.

Regionda Eronni o’zining bosh raqibi deb bilgan Saudiya Arabistoni bu jarayonlarni yaqindan kuzatib turibdi.

“Qo’shma Shtatlar Eronda qanday tuzum hukmron ekanini juda yaxshi biladi”, - deydi Saudiya Tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr.

Tehronning yadroviy dasturi bilan bog’liq sansksiyalar olib tashlangan bo’lsa-da, Eron terrorizmga homiy davlatlar ro’yxatidan o’chirilmagan. Ballistik raketa dasturini rivojlantirayotgani uchun esa AQSh yaqinda Tehronga yangi sanksiyalarni ham joriy etdi.

Ayrimlar nazarida, moliyaviy sanksiyalardan qutulgan islomiy respublika kamida 55 milliard dollar mablag’ni qayta qo’lga kiritgani amaldagi hukumat nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

“Eronliklar o’zlarini xalqaro hamjamiyatga qayta qo’shilgandek his qilishyapti. Xususan, AQSh va Yevropa bizning mintaqadagi va dunyodagi mavqeimizni tan olayapti, degan ishonch paydo bo’ldi ularda”, - deydi siyosatshunos Nabil Huriy.

Saudiya Arabistoni bundan bezovta, chunki Eronga ishonmaydi, deya qo’shadi u.

Eron Tashqi ishar vaziri Javod Zarif ham CNN telekanali bilan intervyuda o’xshash fikr bildirdi:

“Eron va Saudiya Arabistoni, mintaqadagi ikki yirik davlat, bir-biri bilan kelishib ishlay oladi. Afsuski, Riyod G’arbdagi ittifoqchilari bilan Eronni yakkalashga harakat qilib kelgan”.

AQSh davlat kotibi bugun Laosga tashrif buyurdi. Bu mamlakat Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi ASEAN tashkilotining amaldagi raisidir.

Uyushma a’zolari Xitoyning dengizdagi xatti-harakatlaridan, qo’shnilar maslahatisiz orollarni o’zlashtirayotganidan shikoyat qilib keladi.

AQSh Prezidenti Barak Obama kelasi oy Kaliforniya shtatida ASEAN sammitiga mezbonlik qiladi. Vashington Pekindan Janubiy Xitoy dengizidagi barcha qurilish ishlarini to’xtatishni ko’p marta talab qilgan. O’zboshimcha qarorlar mintaqa tinchini buzadi, deydi Amerika rasmiylari.

Kerri Laosdan Kambodja va Xitoyga yo’l olishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG