Breaking News

Eron: Sanksiyalar bekor qilindi, qo'shnilar bilan aloqa o'zgaradimi?


Sanksiyalarning bekor qilinishi islohotchi Prezident Hasan Ruhoniy hukumati yutug'i deya ko'rilmoqda.
Sanksiyalarning bekor qilinishi islohotchi Prezident Hasan Ruhoniy hukumati yutug'i deya ko'rilmoqda.

Eronga qarshi xalqaro sanksiyalar bekor qilingandan buyon Tehronning qo’shni davlatlar, xususan, Saudiya Arabistoni bilan aloqalari yaqindan kuzatilmoqda.

Mintaqadagi eng katta sunniy mamlakat Saudiya Arabistoni ham Eronning jahon iqtisodiyotga qayta qo’shilishini yaqindan kuzatishi shubhasiz, deydi “Gulf State Analytics” konsalting firmasi tahlilchisi Jorjio Kafiero.

Sanksiyalarning bekor qilinishi natijasida Eronning oqsayotgan iqtisodiyotiga shu paytgacha muzlatilgan 100 milliard dollarga teng aktivlar qaytadi. Eronda bu hozirgi islohotchi hukumat uchun katta yutuq deb ko’rilmoqda. Seshanba kuni mamlakat Markaziy banki ilgari muzlatilgan 32 milliard dollar mamlakat ixtiyoriga qaytarilganini ma’lum qildi. Neft sanoati xalqaro biznesni qayta tikladi, xalqaro parvozlar amalga oshirilmoqda.

Yadroviy dastur atrofidagi muzokaralar boshlangandan buyon Saudiya Arabistoni AQShning Eron bilan aloqalariga shubha bilan boqadi, deydi Kafiero. Saudiya Arabistoni AQSh Prezidenti Barak Obama ma’muriyatining Tehron bilan aloqalarini iliqlashtirganini Riyod-Vashington munosabatlari uchun tahdid deb ko’radi.

“Saudiya rahbariyati Obama ma’muriyatining Tehron bilan diplomatik aloqalarini sotqinlik va Riyodning Yaqin Sharqdagi mavqei uchun zarba, demoqda”, - deydi ekspert.

Unga ko'ra, rasmiy Riyodning nufuzli shia ulamosini qatl etishi ham shu siyosatning bir qismi.

“Saudiyada shayx Nimr al-Nimrning qatl etilishi nafaqat mamlakat ichidagilar, balki Vashington uchun ham signal bo’lib xizmat qiladi. Riyod Tehron ta’siri kuchaymasligini istaydi va shunga intiladi”, - deydi mutaxassis.

Tarozining ikki pallasi

Eron va Saudiya Arabistoni – azaliy raqib. Birining iqtisodiy yoki geosiyosiy jihatdan kuchayishi boshqasining zaiflashishini anglatadi.

Biroq Eron iqtisodiyoti hozircha qiyin ahvolda, bunga nafaqat xalqaro sanksiyalar, balki chuqur ildiz otgan korrupsiya, samarasiz boshqaruv ham sabab bo’lgan, deydi iqtisodchilar. Shuning uchun bu mamlakatning kuchayishini yaqin kelajakda kutmasa ham bo’ladi.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy seshanba kuni sanksiyalarning bekor qilinishini global iqtisodiyotga mamlakat integratsiyasidagi qiyin yo’lning boshlanishi deb aytdi.

“Bugun 12 yil davomida qo’l va oyoqlariga kishan solingan begunoh odamning ozod etilgan kuni. Sanksiyalar yo’q. Biroq taraqqiyotgacha hali ancha yo’l bosib o’tishimiz kerak”, - dedi Eron rahbari.

Ruhoniy bayonotidan ikki kun oldin AQSh Eron ballistik raketalari dasturiga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy etdi.

Dubaydagi “Gulf State Analytics” konsalting firmasi bosh maslahatchisi Teodor Karasikka ko’ra, yangi sanksiyalar Fors ko’rgazi davlatlarini biroz tinchlantirishi mumkin, lekin mintaqadagi ziddiyatlarni hal qila olmaydi.

“Bu Ko’rfaz hamkorligi kengashi davlatlarining Eron Islomiy respubikasiga oid tashvishlariga javoban ko’rilgan chora, ammo yangi sanksiyalar bir nechta firma va shaxslarga qaratilgan xolos”, - deydi u.

Yadroviy dastur bo’yicha kelishuvga erishib, Tehron G’arb mamlakatlari bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish imkoniyatini qo’lga kiritdi, deydi Milliy Eron-Amerika kengashi rahbari Rizo Marashiy.

“Eron suvlariga adashib kirgan 10 AQSh dengizchisining tezda qo’yib yuborilishi, Eron qamoqlaridagi bir necha amerikalik mahbusning ozod etilishi yadroviy shartnoma natijasida ochilgan diplomatik kanallarning ishlay boshlaganidan darak beradi", - deydi u.

“Har ikki taraf muammolarni hal qilishda diplomatiyani tanlamoqda. Umid qilamanki, bu yondashuv davom etadi”, - deydi Marashiy.

Umidlar naqadar asosli ekanini aytish qiyin. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Eron va G’arb o’rtasidagi shartnomadan ko’plar norozi.

“Diplomatiya sohasida erishilgan bunday yutuq bir kunda yo’qqa chiqishi hech gap emas. Vashingtonda ham, Tehronda ham ikki davlat o’rtasida hamkorlik emas, qarama-qarshilikni ma’qul ko’radiganlar ko'p”,- deydi Kafiero.

Ayrim Eron rahbarlari yangi sanksiyalarni qoralab chiqdi va ular mamlakat ballistik raketalari dasturiga ta’sir qilmaydi, demoqda.

AQShda kelasi yilda yangi prezident ishga tushadi. Uning Eronga nisbatan qanday siyosat olib borishini esa vaqt ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG