Breaking News

Qurol nazoratiga doir qonun loyihasi Senatda tasdiqlanmadi


Prezident Obama Oq uyda qonun nazoratiga doir qonun loyihasining Senatdan o'tmaganini tanqid qilmoqda, 17-aprel, 2013-yil
Prezident Obama Oq uyda qonun nazoratiga doir qonun loyihasining Senatdan o'tmaganini tanqid qilmoqda, 17-aprel, 2013-yil
AQShda qurol nazoratiga doir qonun loyihasi Senat tasdig’idan o’tmadi. Hujjatni ikki partiya qonunchilaridan iborat guruh tayyorlagan. 54 senator loyihani yoqlagan, ammo qabul qilinishi uchun olti ovoz yetmagan. Hujjatni qo’llab-quvvatlagan prezident Barak Obama uning rad etilganini uyatli hol dedi.

Prezident Obama qonun loyihasining Senat tasdig’idan o’tmaganida oz sonli senatorlar va qurolga egalik qilish huquqlarini qo’llab-quvvatlovchi guruhlarni aybladi.

To’rt oy burun Konnektikut shtatidagi maktabda ro’y bergan qatliomda yetti yoshli o’g’lini yo’qotgan Mark Barden kecha Oq uyda prezident Obamaning yonida turib, shunday dedi:

"Bizni yenga olmaysiz. Boshqa choramiz qolmadi. Hech qayerga ketmaymiz".

So’ng davlat rahbari so’z olib, hujjatga qarshi ovoz bergan demokratlarni ham, respublikachilarni ham birday koyib, siyosiy qo’rqoqlikda aybladi.

"Loyihani qabul qilmaslik uchun birorta ma’noli dalil eshitmadim. Shunchaki siyosiy o’yin bo’ldi, xolos. Bu qonunchilar keyingi saylovlarda oz sonli qurol egalari ularga ovozini bermasligidan qo’rqdi", - dedi Obama.

Prezident Milliy qurol uyushmasi va boshqa shunga o’xshash guruhlarni hujjatni ataylab noto’g’ri talqin qilganlikda aybladi.

"Murosa qilish o’rniga qurol lobbisi va ularning ittifoqchilari qonun loyihasi haqida yolg’on so’zladi", - dedi Obama.

Uyushma bayonot chiqarib, qurol egalarining fundamental huquqlarini himoya qilganini ta’kidladi.

Hujjatga qarshi ovoz bergan respublikachi senator Chak Grasslining aytishicha, taklif qilingan choralar kelajakda Konnektikutdagi kabi qatliomlarning oldini olishga xizmat qilolmaydi.

Loyihada qurol xaridorlarining o’tmishini tekshirish, qamoqda o’tirib chiqqan odamlar va ruhiy kasallarning qurol sotib olishiga to’siq qo’yish ko’zda tutilgan.

Obamaning aytishicha, qurol nazoratini kuchaytirishga qaratilgan olishuvda birinchi raund boy berildi, xolos.

"Bu ishni oxirigacha yetkazamiz. Ertami, kech, uni uddalaymiz. Qatliomda o’lgan bolalarning ruhi va Amerika xalqi buni talab qilmoqda", - dedi Obama.

Dekabr oyida Konnektikutdagi otishmada 26 odam, jumladan 20 o’quvchi nobud bo’lgan edi. Iyulda esa Kolorado shtatida bir odam kinoteatrga kirib, 12 kishini otib o’ldirgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG