Breaking News

AQSh Senati uchun saylov kampaniyasi avjida


AQSh Senatiga Shimoliy Karolinadan nomzodlar: amaldagi senator, demokrat Key Xeygen (chapda), Liberal partiyadan Shon Xaf (o'rtada) va respublikachilardan Tom Tillis Vilmington shahridagi debat paytida, Shimoliy Karolina, 9-oktabr, 2014-yil
AQSh Senatiga Shimoliy Karolinadan nomzodlar: amaldagi senator, demokrat Key Xeygen (chapda), Liberal partiyadan Shon Xaf (o'rtada) va respublikachilardan Tom Tillis Vilmington shahridagi debat paytida, Shimoliy Karolina, 9-oktabr, 2014-yil

AQShda Kongress saylovlariga ikki hafta qolmoqda. Kuzatuvchilar ayrim joylarda kim g'olib bo'lishini oldindan bashorat qilmoqda, ammo ba'zi shtatlarda nomzodlarning imkoniyatlari teng.

Kim ko'p ovoz to'plashidan kelasi yili Senatni ikki asosiy partiyadan qaysi biri nazorat etishini bilsa bo'ladi. Hozirda yuqori palatada demokratlar ustun, ammo 4-noyabrdan keyin vaziyat o'zgarishi mumkin. Shimoliy Karolinada ayni damda saylov kampaniyasi qizg'in kechmoqda. Demokrat Key Xeygen o'z o'rnini saqlab qolishga harakat qilyapti.

Har ikki partiya faollari Shimoliy Karolina ko’chalarida namoyishlar qilmoqda.

Demokratlar saylovchilarni senator Key Xeygenni qayta saylashga chorlamoqda, respublikachilar esa uning raqibi Tom Tillis uchun tashviqot olib bormoqda. Xeygenni qo’llab-quvvatlayotganlar orasida Melissa Rid ham bor.

"Bu mamlakat tarixidagi Senat uchun eng muhim saylov bo’lsa kerak. Uch shtatdagi saylov natijalari Senatda kim ustun bo’lishini hal qiladi va shulardan eng muhimi Shimoliy Karolina", - deydi Melissa Rid.

U respublikachilarning abortni cheklash harakatlariga qarshi.

"Ayollar nazarida respublikachilar eskicha fikrlamoqda, siyosati voqelikni aks etmaydi, shuning uchun ham bugungi namoyishga 50-yillarning kiyimlarida chiqdik", - deydi faol.

Abortga qarshilar ham bo’sh kelmayapti. Ular senatorlikka da’vogar Tom Tillis tomonida. Respublikachi faol Temi Fitsjeraldning aytishicha, agar konservativ saylovchilar faol ishtirok etsa, Tillis yutib ketishi mumkin.

"Bu shtat aholisining aksariyati, chamasi 55 foizi abortga qarshi. Konservativ saylovchilarning esa 70 foizi", - deydi bu ayol.

Agar respublikachilar yaxshi natija ko’rsatsa va Senat ularning nazoratiga o’tsa, Prezident Barak Obama uchun Oq uydagi so’nggi ikki yil og’ir kechadi.

Tillis raqibini xalq orasida reytingi ancha tushib ketgan prezidentga bog’lab, saylovchilar oldida uning obro’sini tushirishga harakat qilyapti.

"Aminmanki, saylovchilar senator Xeygenning har bir masala bo’yicha Prezident Obama bilan deyarli bir xil ovoz berganini yaxshi biladi", - deydi da’vogar.

Xeygen esa har bir masalaga mustaqil qarashi borligini aytadi.

"Raqibim o’z tashviqotlarida prezidentning nomini ko’p tilga olmoqda, ammo saylov byulletenida davlat rahbarining nomi yo’q. Bu poygada Shimoliy Karolina shtatidan Senatga kim saylanishi ma’lum bo’ladi", - deydi demokratlardan nomzod.

Mahalliy tahlilchi Jon Deyvisning aytishicha, Shimoliy Karolinadagi poygaga, prezident buni xohlaydimi-yo’qmi, u ham aralashgan.

"Prezidentning reytingi juda past. Uning ishini yoqlayotganlar 40 foizdan kam. Tashqi siyosatini yoqlayotganlar undan ham oz. Agar respublikachi bo’lsangiz, prezidentni tilga olsangiz, bas, uning past reytingi raqibinigizga ham ziyon qiladi", - deydi Deyvis.

Senat uchun saylovlarda uchinchi partiyadan ishtirok etayotgan Shon Xaf har ikki asosiy raqibdan ovozlarni olib, natijaga ta’sir qilishi mumkin.

"Men urushga qarshiman, yanada qarzga botishimizga qarshiman", - deydi Liberal partiyadan nomzod.

Ekspert Mitch Kokay respublikachilarning Shimoliy Karolinada g’alaba qilishiga ishonadi.

"Xeygenni mag’lub qilish qiyin bo’lmaydi deb o’ylayman", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG