Breaking News

Respublikachilar Kongressning har ikki palatasini egallash umidida


Respublikachilar yaqinlashayotgan saylovda yutish uchun imkoniyat katta deydi. Suratda partiyaviy qo'mita raisi Rayns Pribus.
Respublikachilar yaqinlashayotgan saylovda yutish uchun imkoniyat katta deydi. Suratda partiyaviy qo'mita raisi Rayns Pribus.

AQShda Respublikachilar partiyasi yaqinlashayotgan saylovlarda Kongressning har ikki palatasida ko'pchilik o'rinni qo'lga kiritish umidida. Buning uchun imkoniyat bor, deydi ular. Prezident demokrat, aksariyat qonunchilar esa respublikachi bo'lgan taqdirda Vashingtonda biror masala hal qilinishi qiyin.

Respubikachilar Kongressni butkul qo'lga olmoqchi, saylov 4-noyabrda - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:37 0:00
Yuklab oling

4-noyabrda beriladigan ovozlar Barak Obamaning kelasi ikki yillik prezidentligi uchun nihoyatda muhim. Reytingi tushib ketgan rahbar demokrat nomzodlarning targ'ibot kampaniyalarida deyarli ishtirok etmayapti. Oktabr oyi boshida o'tkazilgan so'rovlarda respondentlarning 43 foizi uni quvvatlagan.

Prezidentlikning o'rtasida kechgan parlament saylovlari ko'p narsadan darak beradi, deydi siyosiy tahlilchi Charli Kuk.

"Bu saylov prezidentlik muddatining birinchi yarmi tugaganida bo'ladi. Rahbarga baho beriladi unda. Uning partiyasiga berilgan ovoz prezident uchun berilgan ovoz. Demokratlar hozir juda ayanchli ahvolda",- deydi Kuk.

Boshqa ekspertlar esa Amerika siyosiy maydonida muntazam ravishda kuzatiladigan holatlarga urg'u beradi. Kim prezident bo'lishidan qat'i nazar, Oq uyda ikkinchi muddatini yakunlayotgan odamning partiyasidan xalq charchagan bo'ladi. Respublikachilar biror narsani eplayotgani yo'q lekin demokratlardan to'ygan saylovchi ularga umid bilan qaraydi, deya sharhlaydi tahlilchilar. Shu bois ham bu saylovda respublikachilar yo hozirgi o'rinlarni saqlab qoladi yo ustun keladi.

Hozirda ular Vakillar palatasida ko'pchilik, Senatda esa ozchilik. Olti respublikachi Senatga saylansa, tamom, bu palata ham ularniki bo'ladi.

Omma fikrini o'rganib kelayotgan ekspert Karlin Bauman bashorat qilishni istamaydi.

"Oldindan vahima ko'tarishga hojat yo'q. Ovozlar saylov kuni sanaladi va bilamiz. Omma fikri hozir respublikachilar tomonga og'moqda lekin taxminga berilmayman",- deydi Bauman.

Tahlilchi Jon Fortiyer bu saylov kelasi saylovdagi imkoniyatlardan ham darak beradi deydi. Respublikachilar ustun kelsa, demak, kelasi prezident shu partiyadan chiqsa kerak degan ishonch oshadi va kampaniyalar mazmunini belgilaydi.

"Kongress saylovlarida odatda respublikachilar faol qatnashadi. Bu safar ham shunday bo'lsa ajabmas. Menimcha, Vakillar palatasi ular tasarrufida qoladi. Senatni egallash qiyin",- deydi Fortiyer.

Respublikachi strateg Nil Nyuxaus partiyasi g'alabaga tayyor ekanini aytadi, biroq u ham Senatni yutish oson emasligini tan oladi.

"Bilasizmi, oxirgi daqiqada hamma narsa o'zgarib ketishi mumkin. Senat bo'yicha biror narsa deyishga qo'rqaman",- deydi Nyuxaus.

Demokratlar esa hayot uchun kurash ketayotganini ta'kidlaydi. Shimoliy Karolinada senator Key Xeygan o'rnini boy berishi mumkin. Qattiq va keskin kampaniya avjida. Siyosiy reklamalar har kuni o'zgaradi.

Demokrat strateg Sten Grinberg deydiki, Obamaning reytingi ko'tarilmoqda, chunki saylovchi Iroq va Suriyadagi voqealarga befarq emas. "Islomiy davlat" ga qarshi yangi koalitsiya tuzilib, havo hujumlari olib borilayotgani keng omma tomonidan quvvatlanmoqda, deydi Grinberg. Iqtisodiyot yaxshilangan, ishsizlik darajasi kamaygan, bizneslar kengaymoqda.

Obama prezidentligining oltinchi yilida reyting past, demokratlar ancha umidsizlangan
Obama prezidentligining oltinchi yilida reyting past, demokratlar ancha umidsizlangan

Jamoatchilik fikrini sarhisob qilib kelayotgan mutaxassis Maykl Dimokning aytishicha esa Amerikada saylovchi tashqi siyosat bilan qanchalik qiziqishidan qat'i nazar, ovozni ichki siyosatga qarab beradi.

“Deylik, Obama tashqi siyosatda katta qarorlar qilmoqda, ommaning ko'zi unda. Lekin bu odamlar prezident tomonda degani emas. Davlat rahbari o'z vazifasini bajarishi kerak. Baho esa ovoz orqali beriladi. Ko'ramiz", - deydi Dimok.

Obama Kongressni ishining beliga tepganlikda ayblab keladi. Uning ko'plab tashabbuslari Senat tomonidan ma'qullangani bilan Vakillar palatasidan o'tmayapti. Har ikki palata demokratlarniki bo'lganda, balki prezident ishi osonroq kechardi. Lekin demokratiyada gap siyosiy murosada. Partiyalar xalq manfaatlari yuzasidan kelisha olishi kerak.

4-noyabrgi saylovda fuqaro har ikkalasini ham jazolashi mumkin, chunki ommaviy so'rovlardan ma'lumki, amerikaliklar demokratlardan ham, respublikachilardan ham birdek norozi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG