Amerikada odatda farzand voyaga yetganidan keyin ota-onasidan ajralib chiqib ketadi, mustaqil hayot boshlaydi. Ayrim keksalar qariyalar uyiga ko’chib o’tsa, boshqalari o’z uyida yashashni ma’qul ko’radi. Yosh va qari shu tariqa bir-biridan ajralib qolishi ko’plab jamiyatlarda bor narsa. Ammo mutaxassislarning aytishicha, avlodlararo muloqot sog’lik va tarbiyaviy nuqtai nazardan har ikki tomon uchun foydali.
Fredrik Roy Markez 15 yoshga to’lishi bilan bir dasturga yozildi. Virjiniya shtati, Springfild shahridagi qariyalar uyida oshxonada ishlaydi.
“Boshida hamkasblarim, ustozlarim yo’l ko’rsatishdi, sabr-toqatli bo’lishni o’rgatishdi. Oshxonada ish boshlaganimdan keyin bu uyda yashovchilar bilan tanishdim. Ish topganimdan juda xursand edim”, - deydi u.
Fredrik hali bolaligida bobo-buvilaridan ayrilgan. Qariyalar uyida darrov hamma bilan til topishdi, doim xizmatga tayyor.
“Menda sinfdoshlarim kabi bobo-buvilarim bo’lmagan. Rosa alam qilardi. Ayrim do’stlarimning bobo-buvilari shundoq yaqin joyda turishardi. Bu yerda ishlashni boshlaganimdan keyin bobolarim, buvilarim ko’p, deyman”, - deydi Markez.
“Bu o’smirlar maktabdan keyin ishga borishadi. Kechki ovqat paytida g’ayratli, muloyim, kattalarga hurmat bilan muomala qiladigan yoshlar bizga xizmat ko’rsatadi. Ajoyib muhit”, - deydi Roy Okonnor, pensioner.
“Bir kuni ovqatlanish zalida qulog’i og’irroq bir ayol o’tirgan edi. Ofitsiant uning oldiga tiz cho’kib, menyuda nima borligini tushuntirgani, ko’maklashgani esimda. Juda mehribon, dilkash yoshlar”, - deydi Lin Okonnor, pensioner.
Qariyalarga xizmat ko’rsatish dasturida hozirgacha 4500 o’quvchi qatnashdi. Ularda stipendiya olish imkoniyati ham bor.
"Shu yilning o’zida 31 o’quvchiga stipendiya beriladi. Har biriga to’rt yillik kollejda o’qish uchun 10 ming dollar”, - deydi Kortni Benhoff, qariyalar uyini boshqaruvchi kompaniya xodimi.
Qariyalar pulni jamlab, o’quvchilarni ham o’zlari tanlashadi.
“Stipendiyaga ariza topshirganidan so’ng har biri bilan suhbatlashaman. Ajoyib bolalar”, - deydi stipendiatlarni tanlovchi qo'mita a'zosi Selli Pritchet.
Keksalar yoshlarning g’ayratidan quvonadi.
“Biz ularga bo’lajak talabalardek qaraymiz, ular bizga buvisi va bobosidek. Bundan hamma xursand”, - deydi Pritchet.
“Ishim menga mehr-muruvvatli bo’lishni, o’zimni boshqalarning o’rniga qo’yib ko’rishni o’rgatdi”, - deydi Fredrik Roy Markez.
Fredrik ham stipendiya oldi. Ijtimoiy xizmatchi bo’lish uchun o’qimoqchi. Ushbu tarjribam bir umr yodda qoladi, deydi u.
Facebook Forum