Qozog'istonning Kaspiy dengizi sohillariga yaqin yashaydigan odamlar suv kamayib borayotganini yillardan beri kuzatadi. Oqtou port shahrida, masalan, o'tgan 20 yildan beri bu holat oydek ravshan. Mahalliy iqtisod zarar ko'ra boshlagan.
Taqriban 250 ming aholiga ega Oqtouda savdo ko'lami tushib ketgan, ichimlik suvi ta'minoti murakkablashgan. O'tgan yilning yozida hatto favqulodda vaziyat yuzaga kelib, Ekologiya vazirligi qo'shimcha choralar ko'rgan.
Kaspiy dengizi Ozarbayjon, Qozog'iston, Eron, Rossiya va Turkmaniston orasidagi Kaspiy dengizining sohillari 6800 kilometrdan oshadi. Baliqchilik, qishloq xo'jaligi va turizm uning atrofidagi asosiy sanoatlardir.
Tabiatparvar faol Azamat Sarsenbayev "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, Oqtoudagi o'zgarishlar har kuni namoyon, chunki dengiz bu joylarda u qadar chuqur emas.
"Bolalikdad 10 metr ichkari kira olmas edik. Bugun 20o metr kirsangiz ham bo'ladi, tosh ustida yurasiz", - deydi u.
Qozog'iston gidrobiologiya va ekologiya institutiga ko'ra, Kaspiy dengizi sathi 29 metr pasaygan. 1995-yilda 26 metr quyida edi.
2000-yillardan boshlab qurish tezlashgan. Institut olimlari tahlilicha, suv sathi yiliga 23 santimetr pasaymoqda.
Olimlar fojianing asosiy sabablarini Volga va Ural daryolaridan keladigan suv kamayganida ko'radi, shuningdek, iqlimdagi salbiy o'zgarishlar va insonning atrof-muhitga keltirayotgan ziyoni.
Kirill Osin "Eco Mangystau" degan nohukumat tashkilotni boshqaradi. Uningcha ham birlamchi omil - iqlimdagi chekinishlar.
“Suv oz, namlanish darajasi tushib bormoqda”, - deydi Osin.
"Kaspiy dengiziga 140 dan ziyod daryo quyiladi, lekin Rossiyaning ikki yirik daryosi Volga va Uralda suv hajmi bag'oyat kamaygan. Ural qurib qoldi hisob".
Buning ustiga Rossiya gidroinshootlarni ko'paytira boshlagan. O'tgan yillardal, olimlarning ta'kidlashicha, 40 suv ombori barpo etilgan. Yana 18 tasi qurilishda.
Ozarbayjon tadqiqotchisi Telman Zeynalov fikricha esa Kaspiy quriyotgani tabiiy jarayon va uning oldini olish qiyin.
Rossiyadan olim Pyotr Buxaritsin bu xulosaga qo'shiladi. Har ikkisi suv kamayishini "ekologik sikl" deb ataydi.
1970-yillarda Kaspiyda suv sathi 29 metrga tushgan, 1990-yillarda esa 26 metrga ko'tarilgan.
Aholi esa Orol dengizi kabi bu manba ham qurib bitishi mumkin, deya xavotirda. Orolning aksariyat qismi hozir dashtlik.
Suv sathi tushgani sabab Turkmanistonda va Qozog'istonda sayyohlar uchun xizmatlar va yuk tashish sustlashgan, deydi Sarsenbayev.
Oqtouda dengiz suvidan ichimlik suvi tayyorlovchi inshoot faoliyati ham sekinlashib, mahsulot ozaygan.
Kaspiy dengizida va uning atrofidagi hayvonat olami ham zararlangan, jonivorlar kamaygan.
Kaspiy davlatlari masalani xalqaro maydonga olib chiqib, yordam so'rab kelmoqda, xususan BMTdan.
Qozog'iston rahbari Qozsim-Jo'mart Toqayev so'zlariga ko'ra bu dengizni asrash eng asosiy vazifalardan biri va ko'p tomonlama harakat zarur.
Ostona va Moskva hamjihatlikda choralar ko'rishini bayon qilgan.
Ekologlar va faollar esa hukumatlar safsatabozlikda ayblaydi. Konkret qadamlar tashlanmayapti, deydi ular.
Qozog'iston Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Zulfiya Suleymenova tan olishicha, qurish haqida bong urishning o'zi yetmaydi, real ishlar qilish kerak.