Iroqning Sinjar shahri “Islomiy davlat” to’dasidan tortib olingach, hududda to’rtta ommaviy qabr aniqlandi. Ularda yazidiylar ko'milgani ma'lum.
“2014-yilninng 15-avgustida jangarilar yazidiylarni o’rab olib, Solag’ degan joyga olib kelishdi. Keyin ularga nima bo’lganini bilmaymiz. Qarilarni yoshlardan ajratib olishgan. IShID qo’lidan qochgan qayinsinglimning aytishicha, jangarilar ularni Solag’ institutida saqlagan. Keyinroq institut orqasiga olib o’tishgan. O’q ovozlari yangragan va shundan beri ularning qayerdaligini hech kim bilmaydi”, - deydi kurd jangchilaridan biri.
Kurdiston mahalliy hukumatining Yazidiylar qatliomi qo’mitasi a’zosi Husayn Qosim Hasunning aytishicha, ayni paytda bu qabrdan topilganlarning kimligini aniqlash ishlari ketyapti.
“Oila a’zolari o’ldirilgan odamlardan qon namunalari olyapmiz. Ular DNK ma’lumotlari mosligini tekshirish uchun kerak”, - deydi u.
Sinjar hududida avval ham 12 ta ommaviy qabr topilgan edi. Ularning barchasida "Islomiy davlat" qo’lida o’ldirilgan yazidiylar dafn etilgan.
Kocho qishlog’i fuqarosi va Peshmerga kuchlari vakili Ahmad Hasan uning oilasidan ham 12 kishi bedarak ketganini aytadi. Faqat bir singli jangarilar qo’lidan qochib ketishga muvaffaq bo’lgan.
Sinjar shahri sharqidagi Solag’ instituti yonida 76 yazidiy ayol o’ldirilgan. Ularning hammasi Kocho qishlog’idan va yoshi 40 dan yuqori bo’lgani ma’lum.