Breaking News

Edvard Snoudenning Rossiyadagi hayoti, Vashington-Moskva aloqalari


Amerika hukumatiga doir maxfiy ma’lumotlarni fosh etgan kompyuterchi Edvard Snouden ayni paytda Rossiyada.
Edvard Snouden taqdiri, xavotirlar, bashoratlar.../Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:07 0:00
Yuklab oling

Unga bir yillik, vaqtinchalik, boshpana berilgan. Qo’shma Shtatlar Snoudenni josuslikda ayblab, Kremldan uni vataniga qaytarishni so’ramoqda.

Edvard Snouden AQSh Milliy xavfsizlik agentligi yuritgan maxfiy kuzatuv dasturini fosh etgani uchun qidiruvda.

Gavayida yashagan bu yigit avvaliga Gongkongga qochdi. So’ngra Rossiyaga uchib, unga boshpana berish masalasi hal bo’lguncha bir oy Moskva aeroportida kun kechirdi.

Prezident Vladimir Putin Snouden Rossiyada qolishi mumkin degan edi – shart shuki, u AQSh razvedkasi haqida bundan buyon og’iz ochmaydi, davlat sirlarini fosh etmaydi va jurnalistlar bilan gaplashmaydi.

Villanova universiteti olimi Deyvid Barret nazarida, ko’rgan-bilganlarini boshqalar bilan bo’lisha olmay, muxbirlar bilan gaplasha olmay, turli cheklovlar va kuzatuv ostida Rossiyada yashash Snoudenga ma’qul kelmasa kerak.

Piter Savodnik Rossiyada panoh topgan amerikaliklar taqdirini o’rganib chiqqan olimlardan. U AQShning 35-prezidenti Jon Kennedini otib o’ldirgan Li Xarvi Osvoldning Sovet Ittifoqiga qochgani haqida yangi kitob yozdi.

Savodnik deydiki, ruslar ularning ostonasiga himoya so’rab kelgan odamlarning boshini silagandek bo’lib, o’zlarini olijanob qilib ko’rsatishga kelganda ustasi farang.

“Borarga joyingiz yo’q, hayotingizni, taqdiringizni ishonib Kremlga topshirasiz. Ayanchli bir manzara. Kreml biladiki, undan yordam so’rab keladiganlarning askariyati o’g’ri-muttahamlar. Lekin gap shundaki, hiyla-nayrang va chirkin ishlardan ular huzur oladi”, - deydi u.

“Boshida sizga ko’rsatilgan takalluf, hurmat-e’tibor yo’qolgach, o’zingizni yo’qotasiz, miyangiz aynib, jinniga o’xshab qolasiz. Rossiyadan panoh topgan barcha amerikaliklar, jumladan Li Osvold ham xuddi shunday ahvolga tushgan. Tadqiqotlarimdan bilamanki, Ikkinchi jahon urushidan beri Rossiyaga baxtini izlab borgan biror amerikalikning u yerda ishi yurishmagan”, - deydi Piter Savodnik.

Edvard Snoudenga kelsak, Rossiyada uni ommaviy axborot vositalariga umuman yaqinlashtirishmaydi. Uni hech kim izlab bormaydigan olis bir qishloqqa jo’natib yuborishlari ham mumkin, deydi muallif.

“Ehtimol Xrushchevka nomini olgan yoki Brejnev davridan qolgan eski bir kvartiraga tiqib qo’yishar. Gimnaziyada pol artib, yoki bankrot bo’lgan bir zavodda ishlab, kunini ko’rib yuraveradi”, - deya mulohaza yuritadi Savodnik.

Siyosatdon Metyu Rojanskiy fikricha, Snouden kelgusida qayerga bormasin, bir narsa aniq - unga hech kim ishonmaydi.

“Chunki o’z vatanini sotgan, josus deb tamg’alangan odam o’zga jamiyatda ham hurmat-izzat topa olmaydi. Shunday ayblov bilan qochib, Rossiyaga tushib qolgan har bir g’arblikning qismati shu. Yakkalanib, hammadan ajralib, mezbon jamiyatga qo’shila olmaydi ular”.

Snouden mashmashasi Vashington-Kreml aloqalariga qanday ta’sir ko’rsatadi?

Rojanskiyga ko’ra, Rossiya Snoudenga boshpana bergani har bir uchrashuv va muloqotga hali uzoq yillar soya solishi aniq. Uni vataniga ekstraditsiya qilish harakatlari davom etadi.

Bir kun kelib, Snouden ommaviy axborot vositalari e’tiboridan tushganda va sharoit tug’ilganda uni uchinchi bir mamlakatga ko’chirishadi va bora-bora Gavayidagi sudda paydo bo’ladi, deya bashorat qiladi olim.
XS
SM
MD
LG