Janubiy Koreyada kelasi hafta o'tadigan prezident saylovlarida Amerika Prezidenti Donald Tramp hal qiluvchi rol o'ynashi hech gapmas. Tramp Osiyodagi bu harbiy ittifoqchi davlatni tanqid qilgani bois, Janubiy Koreyadagi poygada AQShning Shimoliy Koreyaga nisbatan qattiqqo'l siyosatiga qarshi qarashlari bilan tanilgan arbob oldinga chiqib oldi.
Mun Chje Inning tarafdorlari ko'chalarni to'ldirib bayram qilayapti. Koreya Liberal-demokratik partiyasidan nomzod oxirgi so'rovlarda raqiblaridan 20 foizga ildamlab ketdi.
Amerika rahbari Tramp Janubiy Koreyadan THAAD rusumli raketa mudofaa tizimi uchun 1 milliard dollar talab qilgan, Mun esa bunga qarshilik bildirgach, uning reytingi oshdi.
Nomzod Amerika bilan ittifoqchilik tarafdori. Ammo Vashington Shimoliy Koreya yadro tahdidini hal qilish yo'lida faqat harbiy siquv va sanksiyalar bilan ko'p narsaga erisha olmaydi, deb hisoblaydi Mun.
Janubiy Koreya prezidentligiga nomzod ixtilofni dialog va murosa orqali hal qilishga moyil. U yarimorolda AQShning raketa mudofaa tizimini joylashtirishni kechiktirishga da'vat etmoqda.
Xalq partiyasidan An Chol Su AQSh raketa tizimini joylashtirishga ko'proq moyillik bildirib keladi, ammo Trampning 1 milliard dollar talab qilganidan mutlaqo norozi. Su reytingda orqada.
Koreya Ozodlik partiyasidan nomzod Xong Jun Pyo jamoatchilik ishonchini qozonishga qiynalmoqda. Partiyadan chiqqan sobiq rahbar Pak Gin Xening korrupsiya ayblovi ketidan impichmenti bunga halaqit bermoqda. Aynan Pak ishdan olinishi ortidan erta prezident saylovlari belgilangan edi.
Xong Amerikaning raketa mudofaa tizimini va yadro qurollarini mamlakatda o'tnatish zaruratini aytib keladi. Bu bilan davlat xavfsizligini ustuvor deb biluvchi saylovchilarni o'ziga og'dirishi mumkin.
Koreya Ozodlik partiyasidan Li Sun Kukning aytishicha, Janubiy Koreyada aksariyat fuqaro kimga ovoz berishini ochiq aytmaydi.
Tramp kommunistik Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Unni hokimiyatni mutlaq qo'lga olgani uchun aqlli arbob deya maqtagan. Buning ketidan Janubiy Koreyada konservativ qarashdagilar orasida AQShga xayrixohlar soni sezilarli darajada kamaygan.
"Trampning so'zlaridan ko'nglim g'ash", - deydi mana bu fuqaro.
Bu esa Janubiy Koreyaning keyingi prezidenti Amerikadan mustaqil ish tutsin deguvchi liberallarni yanada jonlantirishi aniq.