AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Nyu-Yorkda BMt Xavfsizlik Kengashi yig'ilishida so'zlar ekan, Shimoliy Koreyani global tahdid manbai deb atadi. Keskin chora ko'rish kerak, dedi u. Vashington nafaqat harbiy chora haqida o'ylanmoqda, balki Pxenyanni moliyaviy manbalardan butkul ayirish ustida ham harakat ketmoqda.
“Barcha imkoniyat va variantlar yuzasidan muhokama avjida” ,- deydi Tillerson, BMT Bosh kotibi Antonio Guterres bilan yonma-yon o'tirib gapirar ekan.
“Diplomatik va moliyaviy vositalarni ishga solamiz lekin Shimoliy Koreya hozirgi agressiv yo'lidan qaytmasa, harbiy kuch bilan yuzlashishi mumkin", - deya ogohlantirdi Amerika bosh diplomati.
"Biz murosa qilishni xohlaymiz, ammo Pxenyan o'zboshimchalik qilsa, ittifoqchilar bilan bir yoqadan bosh chiqargan holda qadam tashlaymiz".
VIDEO: Tillerson Shimoliy Koreyaga nisbatan siyosatni tushuntirmoqda (ingliz tilida)
Tillerson deydiki, maqsad - Shimoliy Koreyani yadroviylashishdan to'xtatish va hozirgacha ishlab chiqargan arsenalini xavfsizlantirish. Bu davlat rahbariyatini o'zgartirish bu maqsadlar qatorida emas. Lekin Vashington tuzum yangilanishini xohlaydi. Hozirgi hukumat repressiv, yopiq va xalqaro hamjamiyatdan ajralib qolgan.
AQSh Shimoliy Koreya bilan muzokara boshlashi uchun Pxenyan qator shartlarni bajarishi kerak, jumladan atom, biologik va kimyoviy qurollaridan voz kechishga tayyor ekanini isbotlashi lozim.
Tillersonning aytishicha, yangi sanksiyalar qo'yiladi.
“Maksimum iqtisodiy bosim... Shimoliy Koreyaga kuch berayotgan savdo va tijoratga bolta uramiz. Xalqaro hamjamiyat bu davlat ish kuchi, mahsulotlari va tabiiy boyliklarini rad etishha undaymiz"
VIDEO: Tillerson Pxenyanni keskin choralar haqida ogohlantirdi (ingliz tilida)
Vashington nazarida Shimoliy Koreyani hozirgi egri yo'lidan qaytarishda bir davlat o'ta muhim rol o'ynaydi: Xitoy
BMT a'zolari Pxenyan bilan aloqani uzishi kerak, deydi Tillerson.
“Xavfsizlik kengashi qo'ygan sanksiyalarni chetlab o'tgan holda bu yovuz kuch bilan oldi-berdi qilish BMT prinsip va qonunlariga zid”, - deydi Tillerson.
Bu oy AQSh Xavfsizlik kengashiga raislik qilmoqda. Tramp ma'muriyati BMTni zaif va tarqoq organ deb biladi.
Kengash yig'ilishiga kelgan Xitoy rasmiylari fikricha, Pxenyan bilan bog'liq muammoni Xitoy osongina hal etishi mumkin deb hisoblash xato. Pekin o'zini bu masaladan uzoqlashtirishga urinmoqda. Lekin sir emaski, Xitoy Shimoliy Koreyaning yaqin iqtisodiy va siyosiy hamkori. Xitoy, shuningdek, mintaqa tinchligidan manfaatdor.
“Biz muzokara tarafdorimiz va shunga intilamiz", - deydi Vang Yi, Xitoy Tashqi ishlar vaziri.
"Xitoy Shimoliy Koreya yadrosizlanishini istaydi. Bu masalani kuch bilan hal eta olmaysiz. Kuch ishlatish katta urushga va fojiaga yetaklaydi".
Janubiy Koreya va Yaponiya - Amerikaning ittifoqchilari.
“Chora ko'rishimiz kerak, har bir daqiqa g'animat", - deydi Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Yun Byung-se.
“Favqulodda holatlar favqullodda choralar talab qiladi".
Seul nazarida sanksiyalarni kuchaytirib, ularning global amaliyotini kafolatlash zarur.
"Shimoliy Koreya muzokara stoliga kelishi kerak", - deydi Yun Byung-se.
VIDEO: AQSh Shimoliy Koreyaga nisbatan harbiy chora ko'rishi mumkin
Yaponiya tashqi ishlar vaziri Fumio Kishida deydiki, Shimoliy Koreya atom qurollaridan voz kechib, maxfiy programmalarini to'xtatmasa, uning kelajagi zulmatdan iborat. Tokio Seul pozitsiyasini quvvatlamoqda: sanksiyalar orqali Pxenyanni muzokara qilishga majburlash.
Rossiya vaziyatdan xavotirda. Bu davlat Tashqi ishlar vaziri muovini Genadiy Gatilov BMT Xavfsizlik Kengashiga shunday dedi:
“Zo'ravonlikka asoslangan siyosiy bayonotlar, do'q-po'pisa bugungi vaziyatga yetakladi. Dunyo ahli yana bir urush bo'ladimi deya vahimada".