Janubiy Koreya Prezidenti Pak Gin Xe Oq uyda mehmon. 2013-yilda hukumatga kelgan Pak xonim Vashingtonga ikkinchi bor kelishi.
Iqtisodiy, xavfsizlik va global muammolar muhokama qilinadi va Amerika-Janubiy Koreya ittifoqi mustahkam ekaniga alohida urg'u beriladi, deydi Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest.
Mintaqada harbiy va iqtisodiy qudrati oshgandan oshayotgan Xitoy ham kun tartibidagi mavzulardan. Bundan tashqari, Shimoliy Koreyaning ehtimoliy harbiy tahdidiga qarshi raketa mudofaa tizimi ham muhokama qilinishi kutilmoqda.
Pentagon, Amerika Mudofaa vazirligi Janubiy Koreya rahbarining sharafiga payshanba kuni dabdabali parad o'tkazdi.Pakning Pentagonga kelishi ikki davlat rishtalari qalin ekaniga ishora sifatida ko'riladi.
Pak xonim o'tgan oy Xitoydagi harbiy paradda qatnashib, Pekin-Seul munosabatlari tobora yaqinlashib borayotgani yuzasidan xavotirlarni uyg'otgan edi. Amerika uchun Janubiy Koreya kabi ittifoqchilar Osiyoda qudrati oshayotgan Xitoyga qarshi turib bera oladigan sheriklar sanaladi.
Pak va Obama Trans-Tinch okeani hamkorlik bitimi nomli yirik savdo kelishuvi haqida ham gaplashadi. Bitim Amerika, Janubiy Koreya va Tinch okeanidagi boshqa davlatlarni qamraydi.