Jahonning iqtisodiy jihatdan baquvvat davlatlari bo'lgan Yaponiya va Janubiy Koreya Markaziy Osiyo o’lkalari bilan savdo, energetika bobida kelishib ishlab keladi. Aloqalar silliq kechayotganining sababi shuki, Yaponiya va Janubiy Koreya mintaqaga yordam berayotib siyosiy-huquqiy shartlar qo’ymaydi. Biroq barqaror, demokratik mamlakatlar sifatida namuna bo’lishga intiladi.
Muhokamani to'liq holda ingliz tilida tinglang:
Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe shu oyning oxirida (22-28-oktabr) Markaziy Osiyodagi besh mamlakatga safar qiladi. Savdo, madaniy, texnologik hamkorlik, energetika, xavfsizlik kabi mavzular ko’tarilishi taxmin qilinmoqda.
2011-yilda Fukushimadagi dahshatli yadro halokati ortidan Yaponiya yadroviy energiyadan chekingan; natijada Tokio uchun regionning energetika zaxiralari g’oyat muhim omilga aylandi, dedi tahlilchi Vilyam Bruks (William Brooks) Jons Xopkins universitetidagi muhokamada. Koreya bo’yicha mutaxassis Balbina Hvangning (Balbina Hwang) aytishicha, 90 foiz energiyani chetdan oladigan Janubiy Koreya ham Markaziy Osiyoning neft va gaziga tashna. Iqtisodiyoti nisbatan kuchli Qozog’iston va O’zbekiston bu jihatdan muhim ikki davlat deya ko’riladi.
Ko’p vektorli siyosatni bayroq qilgan region davlatlari esa Xitoy va Rossiyaga bog’lanib qolmaslikka intiladi va Yaponiya hamda Janubiy Koreyani quchoq ochib qarshilaydi, deydi tahlilchi Stiven Blank (Stephen Blank). U Jons Xopkins universitetida kechgan muhokamada so’zladi.
Markaziy Osiyo davlatlari uchun yapon va koreys sarmoyasining ma’qul jihati shundaki, deydi Blank, ikki davlat inson huquqlari bobida ularga dakki bermaydi. Region uchun Yaponiya va Janubiy Koreya zarur sarmoyachi; Tokio va Seulga ham Markaziy Osiyo gaz-nefti kerak va shu bois taraflar ular uchun “ikkinchi darajali” hisoblanmish huquqiy-demokratik muammolar bilan boshini og’ritmaydi, deydi ekspert.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda sovetlar davrida majburan ko’chirilgan yirik koreys diasporasi yashaydi. Bu esa Janubiy Koreya va mintaqa o’rtasida madaniy-milliy rishtalar kuchli ekanini ta’minlaydi. Ikkisi bir xil tilda so’zlashadi va hanuz tarixiy-emotsional bog’liqlik kuchli, deydi olimlar.
Mana shu sabablar bois Yaponiya va Janubiy Koreyaning mintaqada ta’sir kuchi Xitoy bilan raqobat qila oladigan darajada. Tokio va Seul, deydi Stiven Blank, shu tariqa Osiyoda Xitoyning gegemoniyasining oldini olishga ham erishmoqchi. Aytish kerak, Xitoy Markaziy Osiyoga yaqin bo’lgani va agressiv sarmoyasi bois mintaqadagi tobora ko’proq portlarni nazorat qila boshlashi va o’z qoidalarini o’tkaza boshlashi mumkin. Yaponiya va Janubiy Koreyani xavotirga solgan ham shu.
Vilyam Bruksning aytishicha, Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe global maydonda, xususan, Osiyoda faol siyosat yuritishi bilan e’tiborga molik. Markaziy Osiyoda xavfsizlik bobida salmoqli o’rin tutmasa-da, iqtisodiyot jabhasida qalin aloqalar o’rnatishni xohlaydi. Yaponiya va region o’rtasida madaniy almashinuv dasturlari soni keskin oshib, odamlar qatnovi nihoyatda faollashgan. Abe hukumati munosabatlarni gurkiratib, o’z navbatida Yaponiya iqtisodiyoti uchun zarur energiyani undirib olmoqchi, deydi Bruks.