Payshanba tunda AQSh va Britaniya havodan va dengizdagi kemalaridan o’nlab raketalar bilan Yamanni nishonga oldi. Zarbalardan maqsad dengizda Isroilga yo’l olayotgan tijoriy kemalarga hujum qilayotgan xusiylarni bunday salohiyatdan ayirish.
AQSh Prezidenti Jo Bayden ushbu hujumlar xusiylarning hafta boshida AQSh va Britaniya kemalariga dron va raketa hamlalariga javob ham ekanini, amaliyotga Avstraliya, Kanada, Bahrayn va Niderlandiya ham qarashganini aytdi.
AQShdagi ayrim qonunchilar Oq uyni Kongressdan ruxsat olmasdan Yamanga hujum qilishni buyurgani uchun tanqid qilmoqda.
Tungi hujumlar xusiylarning dengiz bo’yidagi Xudayda shahri va poytaxt Sanoda aeroportlar va harbiy inshootlariga qaratilgan.
AQSh Harbiy-havo kuchlari qo’mondonligi xusiylarga qarashli 16 ta joyda 100 dan ortiq raketalar bilan 60 dan ziyod nishonlar urilganini bildirdi. Xusiylar besh askari o’lganini, olti nafari yaralanganini bildirdi, javob hujumlari haqida do’q-po’pisa qildi.
Qo’shma Shtatlar Eronni xusiylarni qo’llab-quvvatlayotganlikda, ularni pul, qurol, harbiy tayyorgarlik bilan ta’minlab kelayotganlikda ayblaydi.
Payshanba kungi bayonotida Bayden zarur bo’lsa, qo’shimcha choralar ko’rilishi haqida aytdi.
Xusiylarga hujumlar ketidan jahon bozorida neft 4 foizdan ko’pga qimmatladi.
Kuzatuvchilar mojaro jug’rofiyasi kengayishidan xavotirda va bu xavotirlar ham bozorlarga ta’sir qilayotgani aytiladi. Iroq va Suriyadagi islomiy guruhlar bu mamlakatlardagi AQSh harbiy bazalariga hujum qilgani xabar qilinmoqda.