Ertaga 1-mart kuni Amerikaning o'ndan ziyod shtati har ikki partiyadan prezidentlikka yagona nomzodni tanlaydi.
"Super seshanba" kuni janubdagi yetti shtat ovoz beradi. Alabama, Arkanzas, Jorjiya, Oklaxoma, Tenessi, Texas va Virjiniya. Bu shtatlarda demokratlar tarafdorlari orasida qora tanlilar ko'pchilikni tashkil etadi. Respublikachilar tarafdorlari esa ko'proq konservativ qarashdagi dindor aholidir.
Seshanba kuni, shuningdek, Vermont, Minnesota, Massachusets va Kolorado kabi liberal shtatlar saylovga chiqadi. Bu shtatlarda demokratlardan senator Berni Sanders, respublikachilardan esa senator Marko Rubioning umidi katta.
Demokratlardan nomzod, sobiq davlat kotibasi Xillari Klinton bugun, dushanba kuni Virjiniyaga, senator Berni Sanders esa Minnesota tomon yo'l olib, saylovchilar ko'nglini ovlayapti.
Aksariyat janubiy shtatlarda Xillarining reytingi baland. Biroq Sanders kamida besh shtatni qo'lga olish niyatida. U, xususan, o'zining Vermont shtatida g'alaba qilishi kutilayapti.
"Biz eski siyosiy qarashlarni, matbuotdagi eski fikrlarni savolga tutib, odamlarni ergashtira oldik. Tarafdorlarimiz ko'paymoqda", - dedi Sanders.
Respublikachi nomzodlar orasida oldinda borayotgan biznesmen Donald Tramp seshanba kuni arafasida o'tkazilgan so'rovlarda raqiblaridan o'zib ketdi.
"Injilchi nasroniylarni, yoshlarni, keksa yoshdagilarni, o'qimishli fuqarolarni, ma'lumoti yo'qlarni o'zimizga og'dirdik. Sizni deb kurashga kirdim", - deydi Tramp.
Respublikachi senator Marko Rubio Trampdan keyingi o'rinda borayapti.
"Respublikachi fuqarolarning aksariyati aslida Donald Tramp nomzod bo'lishini xohlamaydi. Nomzodlar uch-to'rt kishi ekani odamlarni chalg'itmoqda. Tramp bundan foydalanayapti. Lekin men bu maynavozchilikka chek qo'ya olaman, uni yengaman", - deydi Rubio.
Tramp va Rubioning ortidan senator Ted Kruz uchinchilikni saqlab qolmoqda.