Turkiya armiyasi Suriyaning Afrin hududini to'la nazoratiga olganini e'lon qildi. Ikki oylik amaliyot ortidan turk askarlari va mahalliy hamkor guruhlar shahar markazini ishg'ol qilgan. Kurdlar Anqara yurishini "etnik tozalash" deya atab, egallangan hududlarni ozod qilish harakati davom etishini bildirdi. Turkiya esa Suriya kurdlarining YPG guruhini terrorchi tashkilot deb biladi.
Turkiya Afrin markazini qarshiliksiz egalladi. Shimoldagi anklavning qo'lga kiritilishi Turkiya uchun mustaqil kurd davlatining paydo bo'lishiga yo'l qo'ymaslik uchun muhim. Afrin g'alabasini Prezident Rajab Toyyib Erdog'an e'lon qildi.
"Terrorchilarning ko'pi dumini qisib qochdi. Maxsus kuchlarimiz va Ozod Suriya armiyasi vakillari ularning qolgan-qutganini tozalamoqda", - dedi u.
Afrin ortidan Turkiya himoyasidagi kuchlar Suriyaning boshqa hududlarida ham terrorchi kurdlarga qarshi kurashni davom ettirishini aytmoqda.
"Xudo xohlasa, biz Manbijga boramiz. Manbijdan keyin Hasakaga boramiz. PKKni ham, YPGni ham, qayerda bo'lmasin, topamiz", - dedi isyonchi Suriya armiyasi qo'mondonlaridan biri.
So'nggi kunlarda 250 ming odam Afrinni tashlab qochgan. Ular YPG yoki Suriya hukumati nazoratidagi hududlarga ko'chgan. Odamlar ko'chishi yakshanba kuni ham davom etdi. Kurdparast siyosatchilar va faollar Turkiya amaliyotini "etnik tozalash" deb atamoqda.
"BMT, Yevropa Kengashi, Yevropa Parlamenti, Xalqaro koalitsiya kuchlari, islom davlatlari hamda butun xalqaro hamjamiyatni Afrindagi fojiani zudlik bilan to'xtatishga hamda Afringa kirgan barcha kuchlarning chiqib ketishini ta'minlovchi choralar ko'rishga chaqiramiz", - dedi Turkiyaning kurdlar huquqlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasidan qonunchi Berdan O'zturk.
Turkiya amaliyotida yuzlab oddiy fuqarolar o'lgani aytilmoqda, ammo Anqara bu da'volarni inkor etadi.
Turkiya chegarasidagi Qamashi shahrida kurdlar tinch aholi vakillarining o'ldirilishiga qarshi norozilik namoyishi o'tkazdi.
"Turklar Afrinda ming yil tursa ham, ularni tepib chiqaramiz va o'z yerlarimizni qaytarib olamiz. Chunki bu yerlar ularniki emas", - dedi namoyishchilardan biri.
Vashingtonning YPG guruhini qo'llab-quvvatlagani Anqaraning keskin noroziligiga va AQSh-Turkiya aloqalarining sovuqlashishiga sabab bo'ldi.
Facebook Forum