Breaking News

Obama: AQSh Assadni ag'darmoqchi emas


Oq uy, 30-avgust, 2013
Oq uy, 30-avgust, 2013

"Amerika Ovozi" xabarlari, 31-avgust, 2013
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:07 0:00
Yuklab oling

Qo’shma Shtatlar Suriya rahbari Bashar al-Assadni o’z xalqiga nisbatan kimyoviy qurollar ishlatganlikda ayblab, buni isbotlovchi dalillar bor deya bong urar ekan, Vashington harbiy chora ko’rishga shaydek.

Oq Uy hali buning uchun buyruq bermagan, biroq chora ko’rilgan taqdirda ham maqsad aynan nima bo’ladi?

Prezident Barak Obama havo hujumlari ehtimoli haqida ochiqchasiga gapira boshladi. Maqsad Damashqda hokimiyatni ag'darish emas, deydi u.

“Biz Suriyaga qo’shin kiritish niyatida emasmiz. Gap aynan kimyoviy qurollar xususida ketmoqda. Suriyadagi mojaroga faqatgina harbiy yo’l bilan nuqta qo’yib bo’lmasligiga ishonchimiz komil”.

O’tgan hafta Damashqning sharqiy qismida aholiga qarshi zaharli gazlar ishlatilgani xalqaro hamjamiyatni yanada sergak torttirib, Suriyadagi xunrezliklarga qachongacha qarab turish mumkin degan tanqidni kuchaytirdi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri nazarida, Vashington o’z manfaatlarini himoya qilish uchun ham chora ko’rishga majbur.

“Buning ahamiyati shundaki, biz Bashar al-Assaddek qonxo’r liderlarning qilmishiga ko’z yumsak, ertaga boshqalar ham bu yo’ldan borib, bilganini qila boshlaydi. Suriyadagi ahvolga vijdonan chiday olmaymiz”,- deydi Kerri.

Lekin AQSh havo hujumlari qilganidan keyin ham Assad hokimiyatda qolaversa, uni murosaga ko’ndirish deyarli mumkin bo’lmaydi, deydi Vashingtonda tanilgan ekspert Maykl Oxanlon.

“Hozir Assad o’zini g’olib deb ko’rayapti. Hokimiyatdan meni hech kim hech qachon ag’dara olmaydi deya ishonadi. U boshqaruvni hech kim bilan bo’lishishni xohlamaydi”,- deydi u.

Ikki yildan oshibdiki, Suriya harbiy kuchlari isyonchilar bilan olishmoqda va hozirga kelib, muxolifatdan ancha shahar va qishloqlarni qayta tortib olgan. Agar AQSh qattiqroq zarba bermasa, Assadning qudrati yanada oshadi, deydi siyosatdon Dag Bandov.

“Amerikaga turib berdim deya yanada haddidan oshishi turgan gap, - deydi u Assad haqida. - O’z xalqini zaharlagan deya qoralanishi albatta uning nufuziga yanada ko’proq zarar yetkazdi. Ammo Assad uchun dunyo fikri bir puldek tuyulayapti”.

Bandov fikricha Assad faqat o’zi uchungina kurashayotgani yo’q.

“Suriya rahbari samolyotga o’tirib, Moskva yoki boshqa bir joyga uchib ketishi mumkin albatta, ammo uning ortida butun tuzum turibdi. Bu tuzumga suyangan odamlar va yirik doiralar juda ko’p”.

Assad alaviylardan. Uning armiyasi asosan sunniylar bilan olishmoqda. Sunniylar esa Suriyada ko’pchilik. Davlatchilik va mazhab ustida jang ketmoqda.

Adam Ereli – AQShning sobiq elchisi, tajribali diplomat.

"Assad qafasga solingan bir sher, o’tkir tishli va qonxo’r. Qo’rqinchli, lekin hech yerga keta olmaydi”,- deydi Ereli.

Vashingtondagi ko’plab siyosatchilar nazarida, Assadning kuni baribir bitadi, lekin u oxirigacha turib berishga bel bog’lagan ko’rinadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG